Kartoshka fri sigaretdan xavfliroqmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, “bir porsiya kartoshka fri iste’mol qilish 2,5 pachka sigaret chekish bilan barobar. Kartoshka fri o‘zida akrilamid — isbotlangan kanserogen saqlaydi. Akrilamid moddasi bir pachka sigaretda 20 mkg, bir porsiya kartoshka frida 50 mkg ni tashkil qiladi”.

Factchecknet.uz bu xabarni tekshirdi.

HUKM: YOLG‘ON

O‘rtacha har bir sigaretda akrilamid moddasi 679,3 nanogram miqdorni tashkil qiladi. Qovurilgan kartoshkalarda (fri) topilgan akrilamid miqdori EFSA (Yevropa oziq-ovqat xavfsizligi boshqarmasi) tomonidan baholanganidek, har bir kilogramm uchun 20 dan 1068 mikrogramgacha, o’rtacha kilogramm uchun 303 mikrogramgacha bo‘lgan. Bu sigaretada kartoshka fridan ko‘ra ko‘proq akrilamid uchraydi degani. “Qovurilgan kartoshka (fri) zararliroq” mazmunidagi xabar ilk bor “Pikabu” blogida hech qanday asoslovchi manbalarsiz berilgan. 

AQSh Oziq-ovqat va farmasevtika idorasiga ko’ra, akrilamid ba’zi oziq-ovqatlarda qovurish kabi yuqori haroratda pishirish jarayonida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan kimyoviy moddadir. Oziq-ovqat tarkibidagi akrilamid shakar va oziq-ovqatda tabiiy ravishda mavjud bo‘lgan aminokislotadan ajraladi; u atrof-muhitdan kelib chiqmaydi.

Akrilamidni o‘z ichiga olgan ovqatlarni iste’mol qilish xavfi bormi?

2010-yilda Birlashgan Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti/Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Oziq-ovqat qo‘shimchalari bo‘yicha ekspert qo‘mitasi (JECFA) akrilamid inson salomatligi uchun xavfli degan xulosaga keldi va qo‘shimcha uzoq muddatli tadqiqotlarni taklif qildi. FDA mutaxassislari baholashda ishtirok etdilar va akrilamid xavfi bo‘yicha yangi tadqiqot ma’lumotlarini taqdim etdilar.

Akrilamid, ehtimol, ayrim ovqatlar tarkibida doim mavjud bo‘lgan. Biroq u birinchi marta 2002-yil aprel oyida ma’lum oziq-ovqatlarda aniqlangan.
Yuqori haroratda qovurib pishirish jarayoni akrilamid hosil bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Qaynatish va bug‘lash odatda akrilamid hosil qilmaydi. Akrilamid asosan kartoshka mahsulotlari, don mahsulotlari yoki qahva kabi o‘simliklardan tayyorlangan oziq-ovqatlarda mavjud. Akrilamid sut, go‘sht va baliq mahsulotlarida hosil bo‘lmaydi yoki juda kam miqdorda hosil bo‘ladi. Umuman olganda, akrilamid yuqori haroratda uzoq vaqt davomida bitta yog’da qayta-qayta qovurilganda to’planishi ehtimoli ko‘proq.