Muzqaymoq diabetga chalinganlar uchun foydalimi?

Telegram kanallarda muzqaymoq diabetga chalinganlar uchun foydali ekani haqida xabarlar tarqaldi. “Olimlar muzqaymoq ikkinchi toifa diabetga

chalinganlar uchun foydali bo‘lishi mumkinligini aniqladilar”, — deyiladi xabarda. 

Factchecknet.uz mazkur xabarni tekshirib ko‘rdi.

HUKM: ROST

O‘tkazilgan tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, u aslida qandli diabet bilan og‘rigan insonlar sog‘ligi uchun foydalidir. Garvard universiteti doktoranti Andres Ardisson Korat diabetga chalinganlar uchun har kuni yarim finjon muzqaymoq iste’mol qilish yurak bilan bog‘liq muammolar xavfini kamaytirishini aytadi. 

Garvard tadqiqotchilari 1980-yillarda sog‘liqni saqlash sohasining minglab mutaxassislaridan “oziq-ovqat chastotasi bo‘yicha anketalar” va tibbiy ma’lumotlarni to‘plashni boshladilar. 1986 va 1998-yillar oralig‘ida to‘plangan ma’lumotlarga asoslanib o‘tkazilgan universitetning 2-toifa diabet va sut mahsulotlari bo‘yicha birinchi kuzatuv tadqiqoti 2005-yilda nashr etilgan. Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, kam yog‘li sut mahsulotlarini ko‘proq iste’mol qilish diabet rivojlanish ehtimolining pasayishi bilan bog‘liq edi.

Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, har kuni ikki yoki undan ortiq porsiya yog‘siz yoki kam yog‘li sut iste’mol qilgan erkaklarda diabetga chalinish xavfi kamaygan. Taxminan o‘n yil davomida boshqa tadqiqotlar ham xuddi shunday natijalarni ko‘rsatdi. Topilmalar tadqiqotchilarni chalkashtirib yuborishda davom etmoqda, ammo hech narsa muzqaymoqning sog‘liq uchun foydali ekanligi haqidagi shirin ishonchni inkor eta olmayapti.

Boshqa bir tadqiqotga ko‘ra, diabetga chalingan shaxslar har 3 haftada bir marta kichik porsiyada muzqaymoq iste’mol qilishlari mumkin. Aspartam, mannitol yoki sorbitolni o‘z ichiga olgan muzqaymoqlarda boshqa muzqaymoqlarga qaraganda qon shakar darajasini ko‘tarish ehtimoli kamroq. Bundan tashqari, muzqaymoq tarkibidagi oqsil va yog‘lar shakarning qonga singishini sekinlashtirishi mumkin.