Ijtimoiy tarmoqlarda 101 yoshli ayol farzandli boʻlganligi tasvirlangan fotosurat tarqaldi. Ushbu voqea 2018-yilda sodir boʻlganligi aytilmoqda.
Factchecknet.uz ushbu maʼlumotni tekshirdi.
HUKM: FEYK
101 yoshli italiyalik ayol tuxumdon koʻchirib oʻtkazilgandan soʻng toʻrt kilogramm vaznli chaqaloqqa ona boʻlganligi mazmunidagi xabarlar dunyo boʻylab virusdek ommalashgan. Suratda yoshi katta ayolning yangi tugʻilgan chaqaloqni qoʻlida ushlab turganligini koʻrish mumkin (1, 2)

Roza Kemfild va nabirasining farzandi Kayli Roulend
Aslida ushbu fotosuratni otalar orasida mashhur Life of Dad ijtimoiy tarmogʻining asoschisi Patrik Kuinn oʻzining sahifasida yangi chaqaloq va oilaning eng keksasi oʻrtasidagi “101 yillik farq” ni koʻrsatish va insonlarda hayrat uygʻotish maqsadida 2015-yilda joylashtirgan. Suratni Arizona shtatidagi Gilbert shahridan Sara Hamm ulashgan. U ikki haftalik qizi Kayli Roulendni 101 yoshli buvisi Roza Kemfild bilan uchrashish uchun olib kelgan. Bu voqeani suratga olgan va Facebook sahifasiga joylagan. Tez orada ushbu fotosurat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari oʻrtasida ommalashgan. Hozirda Xammning surati Facebook’dagi “Life of Dad” sahifasida 2,5 million “layk” toʻplagan va 70 000 dan ortiq ulashilgan.
“Roza buvim, 1913 yil 13-iyunda tug’ilgan. U ikki farzandning kichigi edi va akasi bor edi. Buvimning uchta farzandi, besh nabirasi va 10 chevarasi bor”- deydi 101 yoshli Roza Kemfildning nabirasi Sara Hamm.
101 yoshli Roza Kemfild 2015-yil 30-mart kuni ushbu surat internetda tarqalib ketganidan so‘ng vafot etgan.