Xovosda yo‘llar jurnalist tekshiruvidan so‘ng tuzatildi

Factchecknet.uz nashri “Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida sifatsiz amalga oshirilgan loyihalar haqida yozib keladi.

  1. Pastdarg‘omdagi yo‘l muddatida qurib bitkazilmadi. 
  2. Chustdagi maktabning quyosh panellari bolalarga xavf solmoqdami? 
  3. “Open budjet” loyihalari: qizildagi tashabbuslar. 

Yana bir g‘olib bo‘lgan, 1,1 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan, ammo “muvaffaqiyatsiz” amalga oshirilgan loyihani o‘rganish maqsadida aprel oyida Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi Sharqobod MFYga bordik. Biz o‘rgangan loyiha qurilish va ta’mirlash ishlari yo‘nalishida bo‘lib, openbudjet.uz portalida “Mahalladagi ichki yo‘llarni ta’mirlash. Buning uchun mahalla o‘zaro kelishib, ko‘cha keltirilgan me’yordan oshmagan masofada ta’mirlanadi” deb tavsiflangan. 

Loyiha haqida

Loyiha buyurtmachisi etib “Sirdaryo mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” DUK belgilgan. Openbudget.uz saytida keltirilgan ma’lumotga asosan, loyihaga 1,1 mlrd so‘m ajratish belgilangan.

Xovosda yo‘llar jurnalist tekshiruvidan so‘ng tuzatildi

openbudget.uz saytidan tasvir

Loyihani “Yo‘l loyiha Guliston” MChJ loyihalashtiradi. Smetaga ko‘ra, mavjud yo‘lning o‘rta qismiga 3,5-4 m kenglikda maydalangan tosh (sheben)dan tekislovchi qatlam yotqizish, qoplamaga 3,5-4 m kenglikda 5 sm qalinlikda asfalt-beton qorishmasi yotqizish belgilanadi. 

Pudratchini aniqlash uchun 23411006064340 lot raqami ostida tender e’lon qilinadi. Tender protokolida 5 ta tashkilot ushbu buyurtmani yutib olish uchun bellashgan. Ular:

  1. “MOSTSTROY” MCHJ (g‘olib);
  2. “BEK QURILISH SERVIS” MCHJ;
  3. “NIZOMIDDIN IMKON SERVIS” MCHJ;
  4. “MEGA-LEADER” MCHJ;
  5. “YO‘LDOSH-OTA” XK.

G‘olib “MOSTSTROY” MCHJ 2023-yil yakuniga qadar belgilangan ishni tamomlab, tegishli to‘lovni oladi.

Xovosda yo‘llar jurnalist tekshiruvidan so‘ng tuzatildi

Ekran tasviri. To‘lovlar tarixi

Biroq loyiha tashabbuskori qilingan asfalt talabga javob bermasligini, o‘yiqlar yuzaga kelganligini bildirib, “Tashabbusli budjet” portalining “Jamoatchilik nazorati” bo‘limida izoh qoldiradi.

Jarayon

Factchecknet.uz jamoasi g‘olib deb topilgan va asfaltlangan yo‘l, uning tashabbuskorini izlab Sirdaryo viloyatida, tashabbuskor Kamoliddin Kadirov xonadonida bo‘ldi.

Tashabbuskorga ko‘ra, loyiha doirasida Sharqobod MFYning Sharqobod, Kashfiyot, Nishona ko‘chalarida 2,750 km uzunlikdagi yo‘l ta’mirlangan, biroq oradan ko‘p vaqt o‘tmay, yo‘lda yoriqlar yuzaga kelgan.

Xovosda yo‘llar jurnalist tekshiruvidan so‘ng tuzatildi

Yo‘lning ta’mirdan keyin o‘pirilgan qismi

Yo‘lning umumiy ko‘rinishi

Qo‘shimcha fotolar bu yerda.

Smeta hujjatlariga ko‘ra, asfalt qalinligi 5 sm bo‘lishi kerak. Ammo o‘yiqlar yuzaga kelgan qismda asfalt qalingili 2 smga ham yetmaydi. Tashabbuskorga ko‘ra, xuddi shu mahallaning markaziy ko‘chasi ham yarim yil ilgari “Mening yo‘lim” loyihasi doirasida ta’mirlangan. Biroq ikki loyihadagi yo‘llar sifati bir-biridan ancha farq qiladi va buni bir qarashda ko‘rish mumkin:

Xovosda yo‘llar jurnalist tekshiruvidan so‘ng tuzatildi

“Mening yo‘lim” dasturi doirasida ta’mirlangan ko‘cha

Tashabbuskor Kamoliddin Kadirovga ko‘ra, bu loyihada g‘olib bo‘lish uchun juda katta kuch, hatto mablag‘ safarbar qilingan va u ishlarning sifatli yakunlanishini istaydi. 

Buyurtmachi tashkilot tomonidan unga qo‘ng‘iroq bo‘lgan hamda loyiha yakunlangani haqidagi hujjatga imzo qo‘yib berilishi so‘ralgan. Lekin Kadirov K. bunga rozi bo‘lmaganini aytadi. Uch oy avval sifatsiz bajarilgan loyiha yuzasidan tashabbuskor yo‘llagan izohlarga javob bildirilmagan va aprel oyigacha ishning muammoli jihatlarini hech kim kelib o‘rganmagan, pudratchi “tez orada borib, to‘g‘rilab beramiz” deyishdan nariga o‘tmagan.

Jurnalist surishtiruvidan keyin qayta ta’mirlab berilgan yo‘l

Factchecknet.uz masalani o‘rganganidan so‘ng tashabbuskor bevosita pudratchi bilan bog‘landi va voqealar rivojidan tahririyatni xabardor qilishini bildirdi. Qisqa fursatda pudratchilar kelib, yo‘lning muammoli qismidagi kamchiliklarni bartaraf qilib ketdi. 
Tashabbuskor izohi: “Assalomu alaykum! Asfaltlash ishlari yakunlangach, ko‘chaning ba’zi qismida nosozliklar vujudga kelgani haqida shikoyat qoldirgan edim. Shikoyatim ijobiy yechim topdi. Nazoratga olgan mas’ul tashkilotlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman”.

Xovosda yo‘llar jurnalist tekshiruvidan so‘ng tuzatildi

Biz bilan telefon orqali bog‘langan Kamoliddin aka ushbu jurnalistik tekshiruv natijasi uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Tahririyat “Tashabbusli budjet” muammolarini yoritishda davom etadi.