Telegram kanallarida Toshkent aholisi orasida saraton (rak) kasalligining avj olishi mumkinlligi va bunga hozirgi kunda shaharda kuzatilayotgan changli havo sabab bo‘lishi, ushbu havo saraton va garmonlar bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarishi mazmunidagi xabarlar tarqaldi.
Factchecknet.uz sayti bu ma’lumotlar qanchalik haqiqatga yaqinligini tekshirib ko‘rdi.
HUKM: MANIPULYATSIYA
Yaqin kunlarda Toshkent havosi tarkibida PM2.5 dispers zarrachalari me’yoridan bir necha o‘n barobar ko‘payganligi muhokama mavzusiga aylandi. Xususan, 2024-yil 21-fevral soat 9:00 holatiga ko‘ra, Toshkent shahri havoning ifloslanishi bo‘yicha dunyo mamlakatlari orasida 1-o‘rinni egallagan. Toshkent shahrining atmosfera havosidagi PM2.5 may oyida dispersli zarrachalar miqdori 140,3 mkg/m3 ni tashkil etgan, bu JSST tavsiyalaridan 28,1 marta koʻproq.
Atmosfera havosining ifloslanishi inson organizmiga qanday ta’sir koʻrsatadi?
Atmosfera havosidagi muallaq – RM2.5 zarrachalar nafas yo‘lidan o‘tuvchi zarrachalardir. Chunki ular gaz almashinuvi sodir bo‘ladigan alveolalar va o‘pka kapillyarlariga kirib, tizimli qon oqimiga, organlarga, turli to‘qimalarning hujayralariga bevosita mahalliy ta’sir ko‘rsatadi.
Mayda dispers zarrachalar hujayra membranalariga kirib borish qobiliyatiga ega. Bundan tashqari, ularning organlar va to‘qimalarda surunkali to‘planish xavfi mavjud. Atmosfera havosida РM10 va RM2ning yuqori konsentratsiyasiga uzoq muddatli ta’sir qilishi yallig‘lanish, kanserogen, teratogen, sitotoksik ta’sirga ega bo‘lib, allergopatologiyaning rivojlanishiga hissa qo‘shadi va insonning umr ko‘rish davomiyligiga ta’sir qiladi.
Chang havodan eng ko‘p bolalar zarar ko‘radi. Bolalar o‘suvchan organizm hisoblanadi. Ularning hali rivojlanish jarayonida bo‘lgan miya va o‘pkalari zararli havoga nisbatan ta’sirchan.
Bolalarning immun tizimi ham kattalarnikiga nisbatan kuchsizroq, bu esa turli virus, bakteriya va mikroblarga nisbatan bolalar ta’sirchan bo‘lishini anglatadi.
Qolaversa, bolalar kattalarga qaraganda ko‘proq nafas oladi (ko‘p hollarda og‘zi bilan ham). Bu holat ularning ko‘proq zaharli moddalarni yutishlariga sabab bo‘ladi.
JSSTning 2018-yilgi ma’lumotiga ko‘ra, dunyodagi 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 93 foizi ifloslangan havodan nafas oladi. Ayniqsa, past va o‘rta daromadli davlatlarda yashovchi bolalar ifloslangan havodan nafas olishga mahkum.
Dunyo bo‘ylab yangi tug‘ilgan chaqaloqlar o‘limining 20 foizi havoning ifloslanishiga to‘g‘ri keladi. Asoratlarining asosiy qismi kam vazn va erta tug‘ilish bilan bog‘liq holda namoyon boʻladi.
Ifloslangan havoning qachalik zararliligi haqida ushbu videorolik orqali ham maʼlumot olishingiz mumkin.
Chang havoda turli xildagi zararli moddalarning koʻpayishi ayrim kasalliklarni keltirib chiqarsa-da, saraton xavfini oshirmaydi. Bu haqda tadqiqot va aniq dalillar mavjud emas.
Mutaxassislar PM2.5 dispers zarrachalaridan himoyalanish bo‘yicha quyidagi tibbiy tavsiyalarni berishmoqda:
– xona yoki binolarning pol va tokchalari, ular ichidagi buyum hamda ashyolarni nam latta bilan tozalab turing. Uy yoki bino ichiga, atrofiga suv solingan idishlar qo‘yish chang darajasini pasaytirishga xizmat qiladi;
– derazalarni yopiq holda saqlang. Ayniqsa, kechasi va erta tongda eshik va oynalarni zichlab yoping!
– ko‘proq suv iching!
– ochiq havoda harakat qilishdan cheklaning!
– tez-tez dush qabul qiling! Bu jarayon nafas olishni yengillashtiradi;
– og‘iz va burun bo‘shlig‘ini tuzli eritma bilan yuvib tashlang!
– nafas olish tizimi kasalliklariga chalinganlar tibbiy niqobdan foydalanishlari va ularni har 2 soatda almashtirishlari zarur!
– ko‘zlarni tez-tez yuvish tavsiya etiladi. Ayniqsa, linzadan foydalanuvchilar uchun bu juda muhim.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi vaqtlarda Toshkentda havoning ifloslanish darajasi ortib bormoqda. Shuningdek, Toshkent shahar hokimligi holat yuzasidan tegishli dastur ishlab chiqayotganligini ma’lum qilgan.