Rossiyada muhojirlar uchun QR kodlarni joriy etish taklif qilindi

Yaqinda shunga o‘xshash chorani kiritish tashabbusi Singapurda ovoza qilingan edi. U yerda immigratsiya nazoratini soddalashtirishga va shu tariqa sayyohlar uchun qulaylik yaratishga qaror qilishdi.

Qisqacha mazmun. Rossiyada vaziyat boshqacha. Bunda migrantlar ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida QR kodlarni joriy etish taklif qilinmoqda. Bu moliyaviy o‘tkazmalarga, hududda qolish vaqtiga va hatto SIM-kartalarni sotib olishga ham ta’sir etadi. Hozircha muhokama darajasida. Biroq, ba’zi tezislar juda keskinga o‘xshaydi.

“Parlament gazetasi” yangi migratsiya tartibi, to‘g‘rirog‘i, uni o‘rnatish  haqida yozmoqda. Bu Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisining rasmiy haftalik nashri bo‘lib, uning ta’sischilari Davlat Dumasi va RF Federatsiya Kengashi.

Migrantlar uchun cheklov choralarining joriy etilishi iqtisodiyotning shaffof emasligi va ayrim tashkilotlarning kulrang (noqonuniy) zonada ishlashi bilan izohlanadi.

“Odam qayerda va qanday qilib pul topishini bilmasak, qolgan vaqtlarda nima qilishini va qayerdaligini bilmay qolsak, bu mamlakat xavfsizligiga tahdid soladi”, – deb hisoblaydi Artyom Kiryanov, Davlat Dumasining Iqtisodiy siyosat qo‘mitasi raisining oʻrinbosari. Shu bilan birga, matnda nima uchun mamlakatda ishchi kuchi importini “soyada” (noqonuniy) tashkil etishga qaror qilgan ish beruvchilarga e’tibor berilmayotgani haqida yozilmagan.

Parlament a’zolari ishchi kuchiga ehtiyoj borligini inkor etmaydilar. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti ham gapirgan. Markaziy bank rahbari Elvira Nabiullina 2023-yil noyabr oyida Rossiya iqtisodiyotining asosiy muammosini kadrlar yetishmasligi deb atagan edi. Ishsizlik darajasi 3 foizni tashkil etganini tushuntirar ekan, u “bu iqtisodiyotda deyarli bo‘sh qo‘llar qolmaganligini anglatadi, kadrlar bilan bog‘liq vaziyat haqiqatan ham juda keskin, ayniqsa inqirozdan oldingi pog‘onadan oshib ketgan tarmoqlarda‘, – dedi.

Jazoning muqarrarligi

Shu bilan birga, davra suhbatining yana bir ishtirokchisi reydlar o‘tkazishni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “ular yumshoq, hurmatli, ammo doimiy bo‘lishi kerak, shunda odamlarda qonunbuzarlik sodir bo‘lgan taqdirda jazo muqarrarligi yoki deportaytsiya qilinishi hissi paydo bo‘lishi shakllanadi”.

Bunday qo‘rquv uyg‘otuvchi choralar vaziyatga qanday ta’sir qilishi aniqlanmagan.

Oila bilan mumkin emasmi?

Davlat Dumasining raqobatni himoya qilish qo‘mitasi a’zosi Irina Filatova migrant oilalarning kirishini cheklashni taklif qildi:

“Avvalambor, kelayotganlarning aksariyati Rossiya iqtisodiyoti uchun qimmatli mutaxassislar emas, – dedi u.  – Jahon amaliyotida shunday: eng katta imtiyozlar mamlakatga zarur bo‘lgan muhojirlarga beriladi. Biz ham xuddi shunday yo‘ldan borishimiz va, masalan, faqat haqiqatan ham talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarga o‘z oilalarini olib kelishlariga ruxsat berishimiz kerak”.

Uning kirganlarning aksariyati qimmatli mutaxassislar emas degan xulosaga kelganiga nima asos bo‘lgan, degan savol tug‘iladi, chunki bir necha so‘zboshi yuqorida shunday fakt keltirildi: “Federal soliq xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, migrantlarning 70 foizigacha kulrang zonada ishlaydi”. Agar keluvchilarga nisbatan yashirin iqtisodiyot shunchalik noaniq bo‘lsa, qanday qilib ma’lum mutaxassislarning qiymati haqida xulosa chiqarish mumkin va bu qiymatni aniqlash uchun qanday mezonlar qo‘llaniladi degan, javobi oldindan aniq savol ham tug‘iladi.

Jahon amaliyotiga kelsak, mehnat migrantlarining huquqiy maqomi to‘g‘risidagi Yevropa konventsiyasida ularning “haqiqatan kerakligi”ga bog‘lanmagan oilani birlashtirish to‘g‘risidagi moddasi bor. Ehtimol, mehnat muhojirlari uchun cheklov choralari haqida gap ketganda, ma’lum bir mamlakat tajribasi nazarda tutilgandir, ammo bu ko‘rsatilmagan.

Biroq, boshqa bir maqolada, Quruvchilar milliy assotsiatsiyasi (NOSTROY) prezidenti Anton Glushkov muhojirlar uchun QR kodlari mavjud bo‘lgan mamlakat nomini aytadi va bu Turkiya.

Bu yerda bir yil yoki undan ko‘proq vaqt davomida turk kompaniyasida qonuniy ravishda ishlagan chet el fuqarosi turmush o‘rtog‘i, bolalari va qaramog‘idagi shaxslar uchun oilaviy yashash uchun ruxsatnoma olish uchun ariza berishi mumkinligi haqida ochiq ma’lumotlar mavjud. Yana “haqiqatan kerakligi”ga hech qanday bog‘lanish yo‘q.

Olib kirish qiyinchiliklari

Prezident huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zosi Kirill Kabanov mehmon ishchilarini maqsadli import qilishga o‘tish haqida gapirdi. Ishchi kuchini import qilish, agar biz bunday “import” haqida gapiradigan bo‘lsak, bir mamlakatdan boshqasiga ko‘chirish xarajatlarini o‘z ichiga olishi mumkin. Xarajatlarni kim qoplashi aytilmagan. Izohli lug‘atlarda “olib kirish” jonsiz narsalar kontekstida qo‘llaniladi. Bunday so‘zlarning odamlarga nisbatan qo‘llanilishi tasodifmi?

Bu yerda Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy qo‘mitasi raisi, Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zosi Kirill Kabanov muhojirning raqamli profilini joriy etish taklifini izohlar ekan, quyidagilarni ta’kidlaydi: “Ba’zilar hatto so‘rashadi: “Bu inson huquqlarining buzilishi emasmi?” Men darhol javob beraman: uning kiritilishi muhojirlar huquqlarini buzmaydi”.

Kalit so‘zlar: inson huquqlari, migrantlar huquqlari, Rossiya, migrantlar