Kredit foizlari endi kamayadimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda “Asosiy stavka foizi pasaytirilganligi sababli, endi Sizning ham kredit to‘lovingiz 40 000 so‘m, 100 000 so‘m, hatto 400 000 so‘mgacha kamayishi mumkin. Buni aniqlashtirish uchun kredit shartnomasini olib, foiz ko‘rsatilgan punktini o‘qib ko‘ring” degan mazmundagi xabarlar tarqaldi. 

Xabarda aytilishicha, Markaziy Bankning asosiy foiz stavkasi pasayishi natijasida unga bog‘langan kreditlar foizi ham tushishi kerak. Bu xabardan ko‘pchilik barcha turdagi kreditlar foizi kamayar ekan, degan xulosaga kelib qolmoqda. Shu sabab biz ham mavzuni o‘rganib, ma’lumotlarni tekshirib ko‘rdik.

HUKM: QISMAN ROST

Markaziy bank asosiy stavkani kamaytirdi

2024-yil 25-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki asosiy stavkani 14 foizdan 13,5 foizga pasaytirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Asosiy stavka 2017-yildan buyon ilk bor 14 foizdan pastga tushdi.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratovning ta’kidlashicha, bu qaror inflyatsiya darajasining pasayishi va inflyatsion kutilmalar dinamikasiga asoslangan. Yil yakunida umumiy inflyatsiyaning 9 foiz atrofida shakllanishi va 2025-yil oxirida 5 foizlik target darajasiga yaqinlashishi kutilmoqda ekan.

Asosiy stavka nima va u iqtisodiyotga qanday ta’sir qiladi?

Tasavvur qiling, pul ham boshqa tovarlar kabi bozorda sotiladi. Markaziy bank esa bu bozorning asosiy sotuvchisi. U tijorat banklariga pul “sotadi” (kredit beradi) va bu pulning narxi asosiy stavka bilan belgilanadi.

Asosiy stavka oshganda nima bo‘ladi?

  • Pul qimmatlashadi: Tijorat banklari Markaziy bankdan qimmatroqqa pul olgani uchun, ular ham o‘z mijozlariga kreditlarni qimmatroqqa berishga majbur bo‘ladi;
  • Kredit olish kamayadi: Kreditlarning foizlari oshgani uchun, odamlar va bizneslar kamroq kredit olishga harakat qiladi. Bu esa iqtisodiyotdagi pul aylanmasini sekinlashtiradi;
  • Inflyatsiya pasayishi mumkin: Pul qimmatlashganda, odamlar kamroq xarid qiladi, bu esa narxlarning oshishini sekinlashtirishi yoki hatto to‘xtatishi mumkin.

Misol: Aytaylik, siz yangi uy sotib olmoqchisiz va buning uchun kredit olishni rejalashtirgansiz. Agar Markaziy bank asosiy stavkasi oshsa, sizning kreditingiz ham qimmatlashadi, ya’ni har oy ko‘proq pul to‘lashingizga to‘g‘ri keladi. Bu esa sizni uy sotib olish fikridan qaytarishi yoki arzonroq uy qidirishga majbur qilishi mumkin.

Asosiy stavka pasayganda nima bo‘ladi?

  • Pul arzonlashadi: Tijorat banklari Markaziy bankdan arzonroqqa pul olgani uchun, ular ham o‘z mijozlariga kreditlarni arzonroqqa berishi mumkin;
  • Kredit olish ko‘payadi: Kreditlarning foizlari pasayganda, odamlar va bizneslar ko‘proq kredit olishga qiziqadi. Bu esa iqtisodiyotdagi pul aylanmasini tezlashtiradi va iqtisodiy o‘sishga turtki beradi;
  • Inflyatsiya oshishi mumkin: Pul arzonlashganda, odamlar ko‘proq xarid qiladi, bu esa narxlarning oshishiga olib kelishi mumkin.

Markaziy bank asosiy stavkasi orqali iqtisodiyotdagi pul miqdorini va uning “narxini” boshqaradi. Bu esa o‘z navbatida inflyatsiya darajasi, iqtisodiy o‘sish va boshqa muhim iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’sir qiladi.

Asosiy stavka pasaytirildi, endi banklar kredit foizlarini kamaytiradimi?

Asosiy stavka pasaysa, faqat unga bogʻliq kreditlarning foizi pasayadi. Demak, barcha turdagi kreditlar foizi tushadi degan yangilish xulosaga kelib qolmaslik kerak. Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratovning ham ta’kidlashicha, bu o‘zgarish asosiy stavka bilan bog‘liq o‘zgaruvchan foizlarda ajratilgan kreditlarga taalluqli. Quyidagi kreditlarning foizi asosiy stavka bilan bog‘liq bo‘lgani uchun kamayadi: 

  • Imtiyozli ta’lim kreditlari (15-bandga asosan): 14 foizdan 13,5 foizga;
  • Oilaviy tadbirkorlik uchun kreditlarning bir qismi (4-bandga asosan): 18 foizdan 17,5 foizga;
  • Muhtoj shaxslarga uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish kreditlari (2-bandga asosan): 18 foizdan 17,5 foizga;
  • IQMK resurslaridan yangi uylar uchun ipoteka kreditlari (5-bandga asosan): 22 foizdan 21,5 foizga.

Ko‘rib turganingizdek, asosiy stavkaning pasayishi barcha kreditlarga bir xil ta’sir qilmaydi. Faqat shartnomada asosiy stavkaga bog‘langan kreditlar foizlari avtomatik ravishda pasayadi. Shuningdek, ba’zi shartnomalar asosiy stavka o‘zgarishiga kechiktirilgan tartibda javob berishi ham mumkin. Ko‘pgina kreditlar foizi esa bank tomonidan mustaqil belgilanadi va ular asosiy stavka o‘zgarishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq emas. Banklar qarz oluvchining moliyaviy holati, kredit tarixi va boshqa xavflarga qarab foiz stavkasini belgilaydi.

Asosiy stavkaning pasayishi haqiqatan ham ba’zi kredit to‘lovlarining kamayishiga olib keladi, ammo bu barcha kreditlarga taalluqli emas. Bu esa ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar qisman rost, deyishimizga asos boʻladi. To‘lovlarning kamayish miqdori esa har bir kredit uchun alohida hisoblanadi va ko‘p hollarda tarqalgan xabarda aytilganidan farqlanishi mumkin. Buni aniqlash va umuman kreditlarni oyma-oy hisoblash uchun kredit kalkulyatorlaridan foydalanishni tavsiya qilamiz.