AQSh Milliy ommaviy axborot savodxonligi ta’limi assotsiatsiyasi (NAMLE) 2025-yil 11-12-iyul kunlari “NAMLE” konferensiyasini o‘tkazishini e’lon qildi. Ushbu konferensiya AQShda ommaviy axborot savodxonligi ta’limiga bag‘ishlangan eng yirik professional rivojlanish tadbirlaridan biri sifatida tanilgan.
“NAMLE” konferensiyasi har yili o‘tkazilib kelinadi va ta’lim sohasidagi mutaxassislar, o‘qituvchilar va axborot savodxonligi faoliyatida ishtirok etayotgan turli tashkilot vakillarini bir joyga jamlaydi. 2024-yilgi tadbirda ishtirokchilar o‘qitishning yangi yondashuvlari va texnologiyalarini o‘rganish hamda ommaviy axborot savodxonligi ta’limida mavjud bo‘lgan muammolarni muhokama qilish imkoniga ega bo‘lishgan. Konferensiyaning asosiy maqsadi – o‘qituvchilarni va ta’lim mutaxassislarini zamonaviy axborot muhitida samarali faoliyat yuritishga tayyorlashdir.
“NAMLE – 2025” konferensiyasida ishtirokchilar axborot savodxonligi ta’limidagi eng yaxshi amaliyotlar, innovatsion texnologiyalar, pedagogik yondashuvlar va baholash strategiyalari haqida bilib olish imkoniga ega bo‘ladilar. Bu tadbir o‘qituvchilar va ta’lim tashkilotlari rahbarlariga o‘z uslublarini takomillashtirish va zamonaviy ta’lim standartlariga moslashishda ko‘makchi bo‘ladi.