Sunʼiy intellekt jurnalistlar o‘rnini egallay oladimi?

Dall•E 3 tomonidan yaratilgan

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda 9 ta tilda gapira oladigan sun’iy idrok yordamida yaratilgan AI suhandonning videolari tarqaldi. Ko‘plab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari  jurnalistlar o‘rnini sun’iy intellekt egallaydi, kelajakda ularga ish qolmaydi, deya bong ura boshladi. Jurnalistlar orasida ham bu fikr keng muhokama qilindi. Factchecknet.uz esa shu mavzuda jurnalistlar orasida so‘rovnoma o‘tkazib, sunʼiy intellektga oid tendensiyalarni tahlil qildi.

HUKM: MANIPULYATSIYA 

Radio ixtiro qilingach, gazetalar endi oʻqilmaydi degan gaplar tarqaldi. Televizor va televideniye paydo boʻlgach radioni eshitmay qoʻyishadi, teatrlar davri ham tugadi mazmunidagi qoʻrquvlar yangradi. Internet tarmogʻi ommalasha boshlaganda esa, barcha an’anaviy axborot vositalarining holiga voy qabilidagi vahimalar keng tarqalganiga tarix guvoh. Lekin shunday boʻlib chiqdimi? Yoʻq, ularning hech biri mutlaq yoʻqolmadi. Bugun ham ko‘plab mamlakatlarda mahalliy radiostansiyalar yoki gazetalar eng mashhur yangiliklar manbai bo‘lib qolmoqda. Har bir yangi texnologiya o‘rganish, moslashish va rivojlanishni talab qiladi, sun’iy intellekt ham bundan mustasno emas. 

Esingizda bo‘lsa, 2022-yilning noyabr oyida OpenAI kompaniyasi o‘zining mashhur ChatGPT modelini barcha uchun foydalanishga ruxsat berdi va u yashin tezligida ommalashdi. Bu voqea dunyo media landshaftida yangi bosqichga start berdi, desak xato bo‘lmaydi. Bugun sun’iy idrok jurnalistikada yangiliklar yaratishdan tortib, ma’lumotlarni tahlil qilish va tarqatishgacha bo‘lgan jarayonlarda foydalanilmoqda. AI jurnalistlarning chaqqongina dastyoriga aylanib ulgurdi, hatto, ko‘plab kasblarda bo‘lgani kabi jurnalistlarning ham o‘rnini AI egallashi mumkinligi haqida bahslar davom etyapti. Shuning uchun, sun’iy idrokning jurnalistika va media sohasiga bo‘lgan ta’sirini o‘rganib, uning ijobiy va salbiy nuqtalari haqida fikr yuritish bugungi kun uchun muhimdir.

Sun’iy intellekt jurnalistlar uchun quroldir

Xabar va yangiliklarni tezroq yozish, ma’lumotlarni aniqlikda tahlil qilish va hatto tahrirlash – bularning barchasiga AI yordam bera oldi. Natijada jurnalistlarning ish samaradorligi ortadi, obunachilarga materiallar tez, sifatli va qulay formatda yetib borishiga erishish mumkin. 

Jahonning eng nufuzli yuzlab nashrlari allaqachon SIdan faol foydalanmoqda. 146 ta nashrning SI bilan bog‘liq tajribasini tahlil qilganimizda, jurnalistikaning quyidagi jabhalarida ko‘proq ishlatilayotganiga guvoh bo‘ldik: 

  • News production (yangiliklar tayyorlash);
  • AI Strategy (media strategiyasi);
  • Research & Innovation (yangiliklar va tadqiqot);
  • Newsgathering (axborot yig‘ish);
  • Investigations (jurnalistik surishtiruv). 

The New York Times, The Guardian va BBC kabi nufuzli nashrlar AI hamda mashinani o‘qitish (Machine Learning) texnologiyalaridan katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish va interaktiv visualizatsiyalar yaratish uchun foydalanmoqda. The New York Times nashri vizual materiallar yaratish va arxivlashda AIdan keng foydalanyapti. Yoki Reuters, Bloomberg va The Associated Press nashrlarini oladigan bo‘lsak, ular moliyaviy hisobotlar va sport yangiliklarini tez va ishonchli yozish uchun chat-botlarni ishga tushirishgan. 

O‘zbek mediasida ham kontent yaratish uchun AI instrumentlarini qoʻllash amaliyoti shakllanmoqda. OAV va blogerlar allaqachon maqola matnini yozish, tahrirlash va mos surat yaratishda sunʼiy intellektdan foydalanayotganiga guvoh boʻlib turibmiz. Jurnalistlar o‘rtasida o‘tkazgan so‘rovnomamizga ko‘ra, ko‘pchilik respondentlar AI jurnalistikaning turli jihatlarini yaxshilash potentsialiga ijobiy qarashmoqda. Ammo dezinformatsiyaning tarqalishi, axloqiy muammolar va jurnalistlarning ishdan bo‘shatilishi mumkinligi haqida ham xavotirlar yoʻq emas.

So‘rovnomada ishtirok etganlarning aksariyati AI inson jurnalistlarning o‘rnini egallay olmaydi, hech bo‘lmaganda yaqin kelajakda, degan fikrda. Ularning fikricha, AI jurnalistlar uchun qulay vosita bo‘lib xizmat qiladi, muntazam vazifalarni avtomatlashtirish va ma’lumotlarni tahlil qilishda yordam beradi. Biroq, inson jurnalistlar ijodkorlik, tanqidiy fikrlash va insonlar bilan muloqotni talab qiladigan jabhalarda AIga nisbatan o‘z ustunligini saqlab qolishini ko‘pchilik ta’kidlagan. 

O‘zbekistonlik jurnalistlar sunʼiy intellekt (AI) vositalaridan asosan matn yaratish (ChatGPT va Gemini orqali maqolalar, xabarlar, postlar yaratish), ma’lumotlarni tahlil qilish va infografika tayyorlash, tarjima (ayniqsa, ChatGPT va Telegram botlari orqali) hamda turli shakldagi kontentlarning formatini o‘zgartirish (matnni rasm yoki videoga, nutqni matnga va aksincha) kabi vazifalarni bajarishda foydalanmoqdalar.

So‘rovnoma natijalari va xalqaro tajribaga asoslanib, “Jurnalistlar o‘rnini sun’iy intellekt egallaydimi?” degan savolga, quyidagi asoslarga ko‘ra, “Hozircha yo‘q” degan javobga keldik:

  1. Kreativlik va g‘oyalar generatori. AI tizimlari matematik modellar va algoritmlar asosida ishlaydi. Inson jurnalistlarda mavjud bo‘lgan qoliplarsiz ijodiy fikrlash, ichki sezgi va voqelikka turlicha yondashuv sun’iy intellekt uchun hali ham erishilmagan cho‘qqi bo‘lib qolmoqda. Sun’iy intellekt o‘z-o‘zidan yangi, original kontent yarata olmaydi va odatda faqat mavjud ma’lumotlar va shablonlardan foydalangan holda buyruqlarga tayanib ishlaydi. Mutaxassislarning fikricha, ijodiy tafakkur va yangi g‘oyalar yarata olish inson jurnalistlarning kelajakda ham robotlarga nisbatan ustun tomoni bo‘lib qoladi. 
  2. Etika va axloqiy muammolar. Jurnalistik faoliyatda etika va axloqiy me’yorlarga rioya qilish juda muhim. Sun’iy intellekt algoritmlari ushbu tamoyillarga rioya qilishi qiyin masala. AI jurnalistika sohasiga kirib kelishi bilan bir qator etik va axloqiy muammolar paydo bo‘lishi mumkin. Masalan, AI tomonidan yaratilgan kontentning asl nusxa ekanligi va mualliflik huquqi masalalari, shuningdek, AI algoritmlarining tarafkashligi va noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatish xavfi kabi muammolar yuzaga kelishi turgan gap. Agar AI tayyorlagan materialda qonunchilik buzilishi holati  bor bo‘lsa, javobgar sifatida kim qaraladi: jurnalist, nashriyot yoki AI modeli yaratuvchisi? Bundan tashqari, sun’iy intellektning odilona qaror qabul qilish imkoniyati ma’lumotlarga qarab cheklangan, shuning uchun u axloqiy jihatlarda inson jurnalistlar kabi vaziyatni to‘laqonli anglab yetishga qodir emas. 
  3. Inson omili va auditoriyani his qilish. Jurnalistlar o‘z auditoriyasi bilan aloqa o‘rnatish, fikr almashishga qodir. Inson o‘ziga xos tarzda axborotni yetkazishi va uni his qilishi, hamdardlik va empatiya namoyish qila olishi, kuzatuvchilari bilan emotsional aloqada bo‘lishi mumkin. AI esa hozircha buni uddalay olmaydi. 
  4. Kontekstni anglash. AI tizimlari ko‘pincha belgilangan algoritmlar va ma’lumotlar asosida qaror qabul qiladi. AI hali ham kontekstual tahlil qilishda, ya’ni siyosiy, ijtimoiy va madaniy kontekstni to‘liq anglashda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Jurnalistlar voqea-hodisalarni to‘liq anglash uchun tarixiy tajribaga tayanadilar. Inson jurnalistga xotirasi va tarixiy kontekstni chuqur bilishi yangiliklarni teran tahlil va talqin etish imkonini beradi. Ular AIdan  farqli o‘laroq, faktlarni talqin qilishda madaniy, ijtimoiy va siyosiy jihatlarni hisobga olish qobiliyatiga ega. 
  5. Tajribasi va ongli qaror qabul qilish zarurati. Inson jurnalistlar o‘z kasbiy faoliyati davomida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘ladilar va bu tajriba ularning qaror qabul qilish jarayoniga katta ta’sir qiladi. Insonning ichki sezgilari, ayniqsa jurnalistika sohasida qaror qabul qilish jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi. Tajribali jurnalistlar ko‘pincha biror maʼlumot yoki vaziyatdagi shubhali nuqtalarni sezib, qo‘shimcha surishtiruvlar o‘tkazishi mumkin. Bu ularning professionalligini oshiradi va xolis axborot yetkazib berish imkonini yaratadi. Afsuski, sunʼiy intellekt hozircha bunday intuitiv fikrlash qobiliyatiga ega emas va faqatgina mavjud maʼlumotlargagina tayanadi.