Ko’plab jamiyatlarda OIV (odam immunitet tanqisligi virusi) haqida fikrlar ko‘pincha qo‘rquv, noto‘g‘ri tasavvur va tarixan shakllangan stigma bilan tilga olinadi. OIVga chalingan insonlar ko‘pincha nafaqat kasallikning o‘zidan, balki jamiyatning munosabatidan ham aziyat chekadi. Bu esa ularga sog‘liqni saqlash xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishga, normal ijtimoiy hayot kechirishga, hatto oila qurish va farzandli bo‘lish huquqlariga to‘sqinlik qilishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlardagi izohlar (1, 2, 3) aholining katta qismi hanuz OIV haqida yetarli ma’lumotga ega emasligini ko‘rsatadi. Ko‘plab fikrlarda kasallik tarqalishi uchun ayrim guruhlarni ayblash yoki OIV bilan yashayotgan insonlarni kamsitish holatlari uchraydi. Bunday munosabatlar, asosan, qo‘rquv va ilmiy ma’lumotlarning yetishmasligidan kelib chiqadi.
Izohlardan ko‘rinadiki, ko‘pchilik OIVning qanday yuqishi yoki yuqmasligi, shuningdek, zamonaviy davolash usullari haqida ham to‘liq tasavvurga ega emas. Shu bois ko‘pincha kasallikning o‘zi emas, balki stigma eng katta muammo bo‘lib qolmoqda.
Shu bilan birga, ayrim foydalanuvchilar OAV va blogerlar bu mavzuga ko‘proq e’tibor qaratishi kerakligini ta’kidlaydi. Bu jamiyatda aniq va ishonchli ma’lumotga ehtiyoj yuqoriligidan dalolat beradi. Ilmiy asoslangan kontent ko‘paymasa, noto‘g‘ri tasavvurlar o‘z-o‘zidan yo‘qolmaydi.
OIV bilan bog‘liq keng tarqalgan stereotiplar aslida haqiqatdan uzoq ekanligini ilmiy dalillar va ishonchli manbalar asosida ko’rib chiqamiz.
1. Stereotip: “OIV yuqumli kasallik, bemordan uzoq yurish kerak”
Haqiqat: OIV kundalik muloqot orqali yuqmaydi
Bu eng keng tarqalgan va eng zararli stereotiplardan biridir. OIV shunchaki yonma-yon yurish, qo‘l berib ko‘rishish, quchoqlashish, bir xonada ishlash, umumiy idish-tovoqdan foydalanish kabi holatlar orqali yuqmaydi.
JSST’ning rasmiy izohida aytilishicha, OIV faqat uch yo‘l bilan yuqadi: jinsiy aloqada, qon orqali yoki ona–bola yo‘li bilan (homiladorlik, tug‘ruq yoki emizish paytida). Kundalik hayotda uchraydigan hech bir holat virus yuqishi uchun yetarli emas.
2. Stereotip: “OIV bilan yashaydiganlar xavfli, ular boshqalarga ataylab yuqtrishi mumkin”
Haqiqat: Virus nazorat ostida bo‘lsa, ular boshqalarga yuqtirolmaydi
Zamonaviy davolash (ARV terapiya) OIVni organizmda shu darajada pasaytiradiki, bemorning virus yuklamasi “aniqlanmaydigan” darajaga tushadi. Bu holat xalqaro tibbiyotda “U=U” — Undetectable = Untransmittable (Aniqlanmaydi = Yuqtirolmaydi) deb tan olingan.
Bu degani, muntazam davolanish olib borayotgan OIV bilan yashovchi insonlar jinsiy aloqada ham virusni yuqtirolmaydi.
3. Stereotip: “OIVga chalinganlar bola ko‘ra olmaydi”
Haqiqat: To‘g‘ri davolanish bilan sog‘lom farzand ko‘rish mumkin
Virusning onadan bolaga yuqish xavfi vaqtida davolanib turilmasa 15–45% bo‘lishi mumkin. Ammo zamonaviy ARV davolash, muntazam nazorat va xavfsiz tug‘ruq amaliyotlari orqali bu ko‘rsatkich 1%dan ham kam darajaga tushiriladi.
4. Stereotip: “OIVga chalingan insonning umri qisqa bo’ladi”
Haqiqat: OIV surunkali, boshqariladigan tibbiy holatga aylangan
Antiretrovirus terapiya mavjud bo‘lgan 30 yildan beri OIVning o‘lim ko‘rsatkichi keskin kamaydi. Bugun muntazam davolanayotgan OIV bilan yashovchilarning kutilayotgan umr davomiyligi sog‘lom odamlarnikiga juda yaqin.
UNAIDS ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 2023-yilda 30 milliondan ortiq inson ARV terapiya qabul qilib, to‘laqonli hayot kechirmoqda.
5. Stereotip: “OIV faqat ma’lum guruhlarga tegishli kasallik”
Haqiqat: OIV hamma uchun birdek xavfli
Bu stereotip ko‘p mamlakatlarda mavjud bo‘lib, OIVni ma’lum jinsiy orientatsiya yoki ma’lum xulq-atvor bilan bog‘laydi. Ammo virus hech kimni ajratmaydi.
HIV.gov bu haqda shunday yozadi:
“OIV har qanday yosh, jins, millat va ijtimoiy guruh vakiliga yuqishi mumkin. Asosiy xavf omili — himoyalanmagan jinsiy aloqa yoki xavfsiz bo‘lmagan qon bilan kontakt.”
Haqiqiy muammo nima?
OIV bilan yashovchi insonlar duch keladigan eng katta qiyinchilik bu kasallik emas, jamiyatning ularga nisbatan salbiy munosabati, stigma va diskriminatsiya. Bugungi kunda esa asosiy vazifa — og‘riqli stereotiplarni rad etish, ilmiy ma’lumotlarni ommalashtirish va kasallikka chalingan insonlarni qo‘llab-quvvatlash.UNAIDS stigma va diskriminatsiya OIV bilan yashovchilarning sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazishini ta’kidlaydi: ular test topshirishdan, davolanishdan yoki ijtimoiy hayotga aralashishdan qochishi mumkin.