Bu hafta Factchecknet.uz jurnalistiga flayer yuborildi: go‘yoki rossiyalik harbiy xizmatchilarning xotinlari uchun rasmiy eslatma, unda ayollarga erlarining kaltaklariga chidash, omma oldida bu haqda gapirmaslik va «g‘azabni‘ qo‘zg‘atmaslik uchun yorqin ranglardan qochish» tavsiya qilingan.
Factchecknet.uz ushbu materialning haqiqiyligini tekshirishga qaror qildi va bir qator o‘xshash feyklar zanjiriga duch keldi.
HUKM: FEYK
Suratlarni teskari qidiruv orqali tekshirganimizda, bu tasvir bir necha oydan beri ijtimoiy tarmoqlarda aylanib yurgani ma’lum bo‘ldi. Tarmoqda o‘nlab nashrlar topildi: Telegramdan tortib Reddit va X gacha, shuningdek, bu feykning turli mamlakatlarda turli xil postlar ostida paydo bo‘lganining ko‘plab izlari aniqlandi.

Tasvirda: Rossiya bayrog‘i rangidagi kiyimdagi ayol qo‘lini ko‘targan harbiy oldida tiz cho‘kib turibdi. Rasm ostida «maslahatlar» berilgan: ko‘kargan joylaringizni pardoz bilan yashiring, ijtimoiy tarmoqlarda oiladagi zo‘ravonlik haqida yozmang, eringizdan kechirim so‘rang. Hammasi «Sukut saqlash zaiflik emas, balki donolikdir» degan ibora bilan yakunlanadi.
Rus tilidagi variant «Kommunikatsiya akademiyasi» nomi bilan rasmiylashtirilgan. Flayerda QR-kod joylashtirilgan bo‘lib, tekshiruvga ko‘ra, u tashkilotning psixologik yordam markazi veb-saytiga yo‘naltirishi kerak edi. Biroq havola orqali o‘tishga urinish natijasiz qoldi: sahifa mavjud emas.

“Kommunikatsiya akademiyasi” tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, tadskilot saytini buzib kirishgan. “Akademiya” direktori Alyona Chechulina materialni omma oldida “ochiq-oydin safsata” deb atab, na flayerlar, na bunday tavsiyalar hech qachon yaratilmaganligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, noma’lum shaxslar saytni buzib kirib feyk kontentni joylashtirishgan, keyin esa “varaqani” blogerlarga yuborishgan.
Xalqaro OAV, jumladan, Euronews ham o‘z tahlillarini chiqarib ulgurishdi. Euronews tekshiruvi davomida ma’lum bo‘lishicha, avgust oyida ijtimoiy tarmoqlarda eslatmaning ukrain tilidagi nusxasi tarqaldi. Unda rasmning ayni kompozitsiyasi takrorlandi, matn esa rusiyzabon variant bilan bir xil edi. Ukrain tomoni bayonot bilan chiqdi, hujjat soxta va rasmiy tuzilmalarga taalluqli emas.

Ukrainaning Dezinformatsiyaga kurash markazi ukrain tilidagi bunday broshyura hech qachon mavjud bo‘lmaganini ma’lum qildi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, uni Moskvaga moyil anonim Telegram-kanallar yaratgan va buni ukrain armiyasini diskreditatsiya qilish hamda mamlakat ichida ijtimoiy ayirmachilikni yuzaga keltirish uchun qilishgan. Ukrain nashrlari u vaqtda “markazlashtirilgan targ‘ibot amaliyotlari” haqida yozgan.
Uch haftadan so‘ng esa “aks ayblov” versiyasi paydo bo‘ldi — o‘sha feykning aynan o‘zi, faqat bu safar rus tilida.
Ikkala variantni — “ukraincha” va “ruscha” versiyalarni solishtirganda, matn deyarli so‘zma-so‘z bir xil ekani ko‘rinadi. Tasvirlar ham o‘zaro bir xil: faqat qahramonlar kiyimining ranglari o‘zgartirilgan. Telegram’da asl manbani topish esa qidiruv cheklovlari sabab imkonsiz.
Factchecknet.uz jurnalistiga shu flayerlardan birini masalaga oydinlik kiritish uchun yuborishdi. Tekshiruv aynan shu narsani ko‘rsatdi: ikkala versiya – ukrain va rus – soxta.
Ushbu nashr Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan/birgalikda moliyalashtirilgan. Uning mazmuni uchun faqat Zamonaviy Jurnalistikani Rivojlantirish Markazi mas’ul bo‘lib, u Yevropa Ittifoqining fikrini aks ettirishi shart emas.