Oʻzbekiston dunyoning goʻsht eng arzon davlatlaridan birimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga koʻra, Qishloq xoʻjaligi vazirligi: “Oʻzbekistonni goʻsht eng arzon sotiladigan davlatlaridan biri”, – deb atagan.

Factchecknet.uz mazkur xabar qay darajada haqiqatga yaqin ekanligini tekshirib koʻrdi. 

HUKM: HUKMSIZ


Oʻzbekiston respublikasi statistika agentligining rasmiy sahifasidagi soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning oktabr oyida 1 kilogramm mol goʻshti narxi – 101,67  (bir yuz bir ming oltmish yetti) soʻm, qoʻy goʻshti – 101,62 (bir yuz bir ming oltmish yetti) soʻm, parranda goʻshti – 99,02 (toʻqson toʻqqiz ming ikki) soʻmni tashkil etgan. Goʻsht narxlari oʻtgan yillarda doʻkonlarda  quyidagicha baholangan:

2021-yilning aprel oyida: 

Mol goʻshti – 67539.6

Qoʻy goʻshti – 69555

Tovuq goʻshti – 26040.7

2022- yilning aprel oyida:

Mol goʻshti – 71593 

Qoʻy goʻshti – 74232

Tovuq goʻshti – 27759.1

2023-yilning shu davrida:

Mol goʻshti –  80599.3

Qoʻy goʻshti – 82798.5

Tovuq goʻshti – 33398.5

2024-yilda esa: 

Mol goʻshti – 90877.5

Qoʻy goʻshti – 94148.9

Tovuq goʻshti – 33018

Yuqoridagi koʻrsatkichlardan goʻsht narxi har yili o´rtacha 8-11% ga oshib borayotganini koʻrish mumkin.

“GlobalProductPrices.com”  saytining maʼlumotlariga koʻra, 77 mamlakatda 1 kilogramm mol goʻshtining o’rtacha narxi 15,55 AQSh dollarini tashkil qiladi.  Oxirgi ma’lumotlarga qaraganda, eng past narx 3,80 USD – Zambiya va eng yuqori narx 67,02 USD – Shveytsariyada kuzatilgan. Bu roʻyxatdan Markaziy Osiyo davlatlari qatorida Oʻzbekiston, Turkmaniston, Tojikiston va Afgʻoniston oʻrin olmagan. Qolgan davlatlarga tegishli ma’lumotlar sayt xodimlari tomonidan avtomatizatsiyasiz to’plangan va ular har bir mamlakatda  yirik doʻkonlar tarmogʻi va onlayn sotuvchilar kabi narx maʼlumotlarining kamida uchta manbasidan foydalangan.

Sayt maʼlumotlariga ko´ra, dunyoning goʻsht eng qimmat davlatlarida narxlar quyidagicha:

  • Shveytsariya — 70,17 USD (O‘zbekiston narxidan 8,27 baravar qimmat)
  • Janubiy Koreya — 60,65 USD (O‘zbekistondan 7,15 baravar qimmat)
  • Gonkong — 51,48 USD (O‘zbekistondan 6,07 baravar qimmat)

Goʻsht eng arzon davlatlar:

  • Zambiya — 4,46 USD (O‘zbekistondan 1,92 baravar arzon)
  • Nigeriya — 5,56 USD (O‘zbekistondan 1,54 baravar arzon)
  • Paragvay — 5,66 USD (O‘zbekistondan 1,51 baravar arzon)

Ushbu roʻyxatda  1 kg mol goʻshti narxi boʻyicha Rossiya – 11.93 USD bilan 48-oʻrinni, Ozarbayjon – 11.75 USD bilan 51-oʻrinni, Qozogʻiston 11.88 USD bilan 49-oʻrinni, Pokiston – 5.87 USD bilan 74-oʻrinni qayd etgan. 

Oʻzbekiston dunyodagi 1 kilogramm mol goʻsht narxi eng arzon davlatlar qatoridan ham, eng qimmat davlatlar qatoridan ham oʻrin egallamaydi. Chunki “GlobalProductPrices.com” nashri xabariga koʻra, 1 kilogramm mol goʻshti narxi boʻyicha Oʻzbekistondagi narxdan yarim baravar arzon davlatlar ham koʻpchilikni tashkil etadi. 

Bundan tashqari har bir davlatdagi goʻsht narxini boshqa davlatlar bilan emas, balki oylik maosh bilan solishtirilsa, dunyoning 1 kilogramm mol goʻshti narxi eng qimmat davlatlari Shveytsariyada oʻrtacha oylik ish haqi – 6,061 USD ni, Janubiy Koreyada – 3,200 USD ni, Gonkongda esa 4,586 USD ni tashkil qiladi. Oʻzbekiston respublikasi statistika agentligining rasmiy sahifasidagi maʼlumotlarda Oʻzbekistonda oʻrtacha oylik ish haqi – 5 357 000  soʻm, ammo oylik maoshning  minimal koʻrsatkichlari baʼzi viloyatlarda 3-3,5 million soʻmni ham koʻrsatadi.

Natijalardan xulosa qilish mumkinki,

Shveytsariya, Janubiy Koreya va Gonkongda oylik ish haqi goʻsht narxiga nisbatan muvozanatda, Oʻzbekistonda bir oila  oylik ish haqi bilan har kuni goʻsht isteʼmol qilsa, maosh faqat goʻshtga yetarli ekanini anglash mumkin.