Overton oynasi jamiyat muhokama va qabul qilishga tayyor bo‘lgan g‘oyalar doirasini tavsiflovchi tushunchadir. Bu bir paytlar imkonsiz yoki qabul qilib bo‘lmaydigan bo‘lib tuyulgan g‘oyalarni oxir-oqibat norma sifatida qabul qilinishini tushuntiruvchi nazariya.
Bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va g‘oyalarni jamoatchilik idroki darajasiga ko‘ra taqsimlovchi Overton oynasi yordamida tushuntirilishi mumkin. Kontseptsiya 90-yillarda ushbu mexanizmni tasvirlab bergan amerikalik jamoatchilik fikri tadqiqotchisi Jozef Overton sharafiga nomlangan.
Overton oynasi qanday ishlaydi?
Oyna shartli ravishda bir necha bosqichni ko‘rsatadi, bu g‘oyaning jamoatchilik tomonidan ma’qullanishi darajasini aks ettiradi. Bu qadamlar quyidagicha:
- Aqlbovar qilmas – bu mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan va jamiyatda rad etiladigan g‘oya.
- Radikal – g‘oya faqat ekstremal yoki marginal deb hisoblangan kichik guruhlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.
- Qabul qilinishi mumkin – bu g‘oya ma’lum doiralarda muhokama qilina boshlaydi, garchi u hali ham keng qo‘llab-quvvatlashdan yiroq.
- Oqilona – bu fikr jamiyatning katta qismi uchun oqilona va asosli ko‘rinadi.
- Ommabop – g‘oya keng qo‘llab-quvvatlanadi hamda ijtimoiy va siyosiy qarorlar darajasida muhokama qilinadi.
- Qonun bilan mustahkamlangan – g‘oya qonun hujjatlari va davlat siyosatining asosiga aylanadi.
Gipotetik misollar
Overton oynasi qanday ishlashini yaxshiroq tushunish uchun radikal g‘oyalarning asta-sekin jamoatchilik ongiga qanday kirib borishi va ijtimoiy normalarni o‘zgartirishi mumkinligini ko‘rsatadigan bir nechta faraziy misollarni ko‘rib chiqaylik.
Misol: Odamni klonlashni qonuniylashtirish
Aqlbovar qilmas: odamlarni klonlash g‘oyasi qo‘rqinchli ko‘rinadi va ko‘plab axloqiy va etik savollarni tug‘diradi. Aksariyat bunday amaliyotga qat’iyan qarshi bo‘lib, buni tabiat ishiga aralashish va insoniyatga tahdid deb biladi.
Radikal: ilmiy hamjamiyat klonlashni tibbiy maqsadlarda, masalan, transplantatsiya uchun organlarni o‘stirishda qo‘llash imkoniyatini muhokama qila boshlaydi. Jamiyatda insonni qandaydir shaklda klonlash hayotni saqlab qolishda foydali bo‘lishi mumkinligi haqidagi radikal fikrlar paydo bo‘ladi.
Qabul qilinishi mumkin: yetakchi ilmiy markazlar klonlash tibbiy muammolarni hal qilishning xavfsiz va samarali usuli bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadigan tadqiqotlar olib boradi. Jamiyat, ko‘plab savollar hanuzgacha saqlanib qolganiga qaramay bu mavzuni jiddiy miqyosda muhokama qila boshlaydi.
Oqilona: hayvonlarni klonlashning muvaffaqiyatli tajribalari va ijobiy natijalaridan so‘ng odamlar baxtsiz hodisalar yoki kasalliklardan aziyat chekkan insonlarning sog‘lig‘ini tiklash kabi gumanitar muammolarni hal qilish uchun klonlashdan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqa boshlaydilar. Axloqiy e’tirozlar asta-sekin chekinadi.
Ommabop: aksariyat insonlar ma’lum chegaralar doirasida klonlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Jamiyatda bu mavzu bo‘yicha ko‘plab muhokamalar bo‘lib, odamlarni klonlash masalasi kunning siyosiy tartibiga olib chiqiladi.
Qonun bilan mustahkamlangan: mamlakatlar oxir-oqibat tibbiy va ilmiy maqsadlarda klonlashdan foydalanishni tartibga soluvchi qonunlarni qabul qila boshlaydi, suiiste’mollikning oldini olish uchun qat’iy qoidalar va axloq kodeksi joriy qilinadi.
Overton oynasi qanday rivojlanadi?
Overton oynasining rivojlanish jarayoni qator omillarga bog‘liq:
- Media: jurnalistlar va blogerlar yangi g‘oyalarni kengroq auditoriyaga yetkazishda muhim rol o‘ynaydi. Yangiliklar, maqolalar va hisobotlar orqali ular ilgari nomaqbul mavzularni jamoatchilikka yetkazishga yordam beradi.
- Liderlar: siyosatchilar, olimlar, faollar – bularning barchasi yangi g‘oyalarni ilgari surish yoki ularga qarshi chiqish orqali jamoatchilik fikriga ta’sir qilishi mumkin.
- Ijtimoiy harakatlar: faollar ko‘pincha radikal g‘oyalarni muhokama qilishni boshlaydilar, ularning jamiyatdagi ahamiyati va muhimligini asta-sekin oshiradilar.
Overton oynasi nima uchun muhim?
Overton oynasi ijtimoiy me’yorlar statik emasligini aniq ko‘rsatadi. Bugun biz uchun nomaqbul yoki bema’ni tuyulgan g‘oyalar va qarashlar kelajakda kundalik haqiqatga aylanishi mumkin. Bu jamoatchilik muhokamasi, fan va texnika taraqqiyoti, norma va qonunlarni shakllantirishda fuqarolarning faol ishtiroki muhimligini ko‘rsatadi.
Overton oynasi jamiyatning dinamik tuzilma ekanligini ko‘rsatadi, unda g‘oyalar rivojlanib, aqlbovar qilmas holat ijtimoiy maqbul va hatto majburiy holga aylanishi mumkin. Ushbu model bizga ijtimoiy munosabatlar qanday o‘zgarishini va kelajagimizni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan g‘oyalarni qabul qilishga qanday omillar ta’sir qilishini tushunishga yordam beradi.