Ijtimoiy tarmoqlarda Xitoy Xalq banki rahbari o‘rinbosari Fan Ifeyning ko‘p million dollarlik pora uchun muddatini keyinga surib o‘lim jazosiga hukm qilingani haqidagi xabar muhokama qilinmoqda. Buning ustiga uning mol-mulki butkul musodara qilingan. Bu voqea shov-shuvga sabab bo‘ldi.
HUKM: ROST
Xitoy Xalq banki rahbarining sobiq o‘rinbosari Fan Ifey 386 million yuandan (53 million dollarga yaqin) ortiq pora olganlikda aybdor deb topildi. Unga ikki yilga kechiktirish bilan o‘lim jazosi tayinlandi. Bu shuni anglatadiki, agar u ushbu muddat ichida boshqa jinoyat sodir etmasa, unga nisbatan jazo muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish yoki jazoni yanada yengillashtirish imkoniyatisiz umrbod ozodlikdan mahrum qilish bilan almashtiriladi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Fan Ifey 1993-yildan 2022-yilgacha turli moliya institutlarida, jumladan, Xitoy Xalq banki, “China Construction Bank” va boshqa tashkilotlarda rahbarlik lavozimlarida ishlagan vaqtida o‘z mansab vakolatlaridan foydalanib, turli shaxslar va kompaniyalardan noqonuniy daromad olgan. Pora evaziga moliyalashtirish, xo‘jalik shartnomalari va kadrlar tayinlash kabi masalalarda yordam ko‘rsatgan.
Xitoy ilgari ham, ayniqsa so‘nggi yillarda Xitoy rahbari Si Szinpin tomonidan boshlangan keng ko‘lamli korrupsiyaga qarshi kampaniya doirasida yuqori pog‘onalardagi shunga o‘xshash korrupsiya holatlariga duch kelgan. Ushbu kampaniya asosiy tarmoqlarda, jumladan, bank va davlat kompaniyalarida korrupsiyaga barham berishga qaratilgan. Avvalroq, Xitoy bankining sobiq raisi Lyu Lyange va “China Life Insurance” rahbari Van Bing kabi yuqori martabali shaxslar ham korrupsiyada ayblangan edi.
Bu choralar Xitoyda korrupsiyaga qarshi keng qamrovli chora-tadbirlarning bir qismi bo‘lib, unga siyosatchilar va biznes vakillari, ayniqsa, suiiste’mollikka juda moyil bo‘lgan moliya sohasi kiradi.