Ruhiy salomatlik ijtimoiy tarmoqlarsiz ikki haftada yaxshilanadimi?

Telegram kanallarda ikki hafta davomida ijtimoiy tarmoqlarga mutlaqo kirmaslik insonning ruhiy holatini yaxshilashi mumkinligi haqida ma’lumotlar tarqalmoqda. Factchecknet.uz bu da’voning qanchalik haqiqatga yaqin ekanligini tekshirib ko‘rdi.

HUKM: QISMAN ROST

Smartfonlar zamonaviy hayotning ajralmas qismiga aylanib, aloqadan tortib oʻyin-kulgugacha bir qator funksiyalarni bajarishi mumkin. Biroq ulardan haddan tashqari koʻp foydalanish sogʻliq uchun bir qator salbiy oqibatlarga olib keladi. Jumladan, ruhiy salomatlik muammolari, uyquning buzilishi va jismoniy faollikning pasayishi kabilar yuz berishi mumkin. 

2022-yilda o‘tkazilgan tadqiqotda ishtirokchilarning bir guruhi bir hafta davomida ijtimoiy tarmoqlardan (Facebook, Instagram, Twitter va TikTok) foydalanishni to‘xtatgan, boshqa guruhi esa odatdagidek davom etgan. Aniqlanishicha, ijtimoiy tarmoqlardan “tanaffus olgan” guruhda bezovtalik va depressiya holati sezilarli darajada kamaygan.

ScienceDirect nashriyotida chop etilgan boshqa bir tadqiqot esa universitet talabalarining 555 nafari o‘rtasida o‘tkazilgan. bir haftalik tanaffus ayniqsa ijtimoiy tarmoqlardan haddan tashqari koʻp foydalanadigan odamlar uchun stress darajasini sezilarli kamaytirgan. 2022-yilda 10 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, uch kunlik ijtimoiy tarmoqlardan tanaffus ularning uyatchanlik hissini pasaytirgan. 230 nafar universitet talabasi o‘rtasida o‘tkazilgan boshqa tadqiqotga koʻra, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni ikki hafta davomida kuniga 30 daqiqaga qisqartirgan ishtirokchilar o‘zlarida depressiya, yolg‘izlik va bezovtalik sezilarli darajada kamayganini his qilishgan, shu bilan birga, ularning ijobiy hissiyotlari oshgan.

Boshqa tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bir hafta davomida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni kuniga bir soatga kamaytirish farovonlik va hayotdan qoniqish darajasini oshirgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pincha o‘zimizni boshqalar bilan taqqoslaymiz, bu esa tashqi ko‘rinishdan qoniqmaslik, kasbiy muvaffaqiyatsizlik va hasadni keltirib chiqarishi mumkin. Tarmoqlardan foydalanish o‘z-o‘zini tanqid qilishni ham oshiradi, bu esa ko‘plab ruhiy salomatlik muammolari, masalan, bezovtalik, depressiya va nosog‘lom ovqatlanishga olib keladi.

Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni boshqarishda “dasturiy” va “uskunaviy” strategiyalar yordam beradi. Masalan, “dasturiy” yondashuvlardan biri telefondagi ilovalarni o‘chirish. Shuningdek, telefonni oq-qora rangga o‘tkazish ham undan foydalanishni kamaytirishi mumkin. “Uskunaviy” yondashuv esa telefonni tanadan uzoqroq joyda saqlash yoki bir oy davomida oddiy tugmali telefondan foydalanish bo‘lishi mumkin. 
Ma’lumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda 2024-yilning yanvar oyi holatiga 8,7 million nafar inson ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmoqda. Bu umumiy aholining deyarli 25 foizini tashkil etadi. Internet foydalanuvchilari soni esa huddi shu davrda 29,5 million kishini tashkil etgan, shundan 83,3 foizi yoshlar hisoblanadi.