Tojikistonda “Counter-Strike” va “GTA” oʻynashni rasman taqiqlashdimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Tojikiston Ichki ishlar vazirligi aholiga zo‘ravonlikni aks ettiruvchi har qanday o‘yinlar, jumladan, “Counter-Strike” va “Grand Theft Auto” (GTA) o‘yinlarini o‘ynashni rasman taqiqlagani haqida ma’lumot tarqaldi. Bu rostmi?

HUKM: QISMAN ROST

Gap shundaki, 30-oktabr kuni IIV Dushanbe boshqarmasining matbuot xizmati rasmiy kanalida Tojikiston qonunchiligiga ko‘ra, shafqatsizlik va axloqsiz xatti-harakatlarini o‘z ichiga olgan materiallarni tarqatish taqiqlangani aytilgan xabar e’lon qilingan edi. Xabarda ta’kidlanishicha, bu nafaqat o‘yinlarga, balki videoroliklarga ham tegishli.

Taqiq o‘yin markazlari va kompyuter klublariga ham tegishli. Ularning rahbarlari bunday oʻyinlarning borligi qanday oqibatlarga olib lelishi mumkinligi haqida ogohlantirilib, mutasaddi tashkilotlar tegishli tekshiruvlar oʻtkazishi haqida aytildi.

Shuningdek, Tojikiston Ichki ishlar vazirligi ota-onalarga farzandlarining qanday o‘yinlar oʻynayotganini kuzatishni tavsiya qildi. Xabarda axloqsiz va zo‘ravonlik aks ettirilgan o‘yinlar va videoroliklarni tarqatish taqiqlangani aytiladi.

Biroq, aslida o‘yinni bir o‘zi o‘ynash taqiqlanmagan, faqat inson do‘stlarini taklif qila boshlasa va qurilmasida o‘yin mavjudligini ochiq ko‘rsatsa taqiq jarayoni amalga oshiriladi.