Taxtaqoracha dovonidagi halokat: tafsilotlar, qurbonlar va va’dalar

Ijtimoiy tarmoqlarda Taxtaqoracha dovonida “Cobalt” rusumli mashinaning ustiga ulkan tosh qulab tushgani tasviri va u bilan bog‘liq xabarlar tarqaldi. Ular “Tunnel tezroq ishga tushirilmasa, hali ko‘p odamning boshini yeydi” degan fikrlar bilan birga tarqalmoqda. Shu vajdan Factchecknet.uz voqea tavsilotlari va dovonda tunnel qurilishi bilan bog‘liq va’dalarni o‘rgandi.

Halokat

Qashqadaryo IIB YHXB bergan xabarga ko‘ra, 6-noyabr kuni M-39 Toshkent – Termiz avtomobil yo‘li Taxtaqoracha davonining 1137-kilometrida Kitob tumanidan Samarqand shahri tomon harakatlanib ketayotgan, ichida 3 nafar fuqaro bo‘lgan avtomashina ustiga tog‘ tepaligidan tosh sirpanib tushgan va natijada yo‘lovchilar voqea joyida vafot etgan. 

Tunnel qurilishi va’dasi

2023-yilning 25-oktyabrida Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishda mutasaddilarga “Taxtaqoracha” dovonidan o‘tish talablarini yengillashtirish vazifasini topshirgan edi. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning rasmiy telegram kanalida kelgusi yildan (2024-yildan, tahririyat izohi) “Taxtaqoracha” dovonida yangi tunnel va yo‘l qurish loyihasi boshlanishi belgilanganligi qayd qilingan. Ammo qurilish ishlari qachon yakunlanishi haqida aniq sanalar keltirilmagan. Shuningdek, uning pulli bo‘lishi haqida ham?

Pulli tunnel mashmashasi

Gap shundaki, 2023-yilning 10-oktyabrida Prezident tomonidan imzolangan “Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda “Taxtaqoracha” dovonida pullik tunnelni qurishni boshlash vaqti 2026-yil mart oyi etib belgilangan.

Keyinroq, 2024-yilning avgust oyida Turkiyaning “Cengiz Holding” kompaniyasi “Taxtaqoracha” dovoni orqali uzunligi 7 km bo‘lgan tunnel qurishni rejalashtirgani haqida xabar bergan. Loyiha qiymati 200 mln dollarga baholangan, obyektni 30 yilga xususiy sheriklikka berish ko‘zlangan.

Ilk bor dovonda pullik tunnel qurish g‘oyasi Prezidentning 2019-yil 10-dekabrdagi “Yo’l sohasini boshqarish tizimini yanada takomillashtirishga oid chora tadbirlar to’g’risida”gi qarorida tilga olingan. 

Jarayon quyidagi bosqichlardan iborat bo‘lishi ko‘zda tutilgan:

1. YeTTB yoki boshqa konsalting kompaniyasi bilan kelishuv tuzish — 2020-yil yanvar;

2. Texno-iqtisodiy hisobotni tayyorlash (TIH) — 2020-yil iyun;

3. Loyiha konsepsiyasini tayyorlash va kiritish — 2020-yil iyul;

4. Konsepsiya va TIHni tasdiqlash — 2020-yil sentyabr;

5. Tender hujjatlarini tayyorlash — 2020-yil oktyabr;

6. Tanlov oldi saralash jarayoni — 2020-yil dekabr;

7. Takliflarni qabul qilish jarayoni — 2021-yil fevral;

8. Tender g‘olibi bilan kelishuv imzolash — 2021-yil may.

Hujjat 2023-yilning 20-iyunida o‘z kuchini yo‘qotgan va amaldagi versiyasida tunnel bilan bog‘liq bandlar mavjud emas.

Xulosa qilganda, qonunchilik hujjatlarida tunnel bilan bog‘liq bir nechta bir-birini tasdiqlamaydigan sanalar aks etgan. Qurilish ishlari hali boshlanmagan. 
O‘tgan yili “Taxtaqoracha” dovonida yuk mashinasi pastlikka qulab, yonib ketganligi, haydovchi va yo‘lovchi kabinadan sakrab tushishga muvaffaq bo‘lganligi haqida xabarlar tarqalgan edi.