Daraxtlarni kesish uchun moratoriyga amal qilinmoqdami?

Daraxt kesish eng og‘riqli mavzulardan biridir. Bu muammo bilan jarimalarni oshirish orqali kurashilmoqda, bundan tashqari, prezident muddatsiz moratoriy e’lon qildi.

Bu chora davlat rahbarining 2021-yil 30-dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada qilishni yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan. Moratoriyni buzganlik uchun jarima besh baravarga oshirildi.

Factchecknet.uz ochiq ma’lumotlar asosida moratoriy qanday bajarilayotganini tahlil qildi.

HUKM: BAJARILMAGAN

Moratoriyni yakuniy tugash muddatisiz cho‘zilgani ham ayrim fuqarolarning qonunni buzishlariga to‘sqinlik qilmayapti.

2023-yil oktabr oyida Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qilishicha, 2427 ta daraxtlarni kesish holati qayd etilgan bo‘lib, shundan 714 tasi qimmatbaho daraxt turlarini kesish bilan bog‘liq.

Poytaxt va viloyatlarda moratoriy buzilishi holatlari haqida OAV va blogerlar xabar qilgandi. Noyabr oyida Qashqadaryoda, iyunda Samarqandda, may oyida Buxoro viloyatlarida, oktyabrda Toshkentning Yunusobod, sentyabrda Uchtepa, may oyida Chilonzor tumanlarida daraxtlar kesilgan.

Shuningdek, prezident tomonidan imzolangan hujjatga ko‘ra, aholi bilan fidbek o‘rnatish rejalashtirilgan edi.

2021-yil 30-dekabrdagi Farmonga ko‘ra, 2022-yil 1-sentabrga qadar “Yashil hudud” platformasi ishga tushirilishi, unda daraxtlarni kesish, shu jumladan, sanitariya maqsadlarida ularni butalash, muayyan hudud va har bir daraxt uchun beriladigan ruxsatnomalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritilishi rejalashtirilgan edi.

2022-yil oktabr oyida yashilmakon.eco onlayn platformasi yaratilishi haqida aytilgandi.

– Hozir hokimlik har bir ekilgan daraxtlar guruhini platformaga kiritib, uning joylashuvini ko‘rsatmoqda. Keyin u yerga inspektor borib, ularni sug‘orilishini, to‘g‘ri ekilganligini tekshiradi. Fotosuratni ma’lumotlar bazasiga yuklaydi va qabul qilinganligi yoki yo‘qligini belgilaydi. Hokimliklar endi nafaqat yerga suqilgan tayoqchalar soni bilan, balki ekologlar tomonidan qabul qilingan ko‘chatlar soni bo‘yicha ham ish olib boradi”, — deb ta’kidladi bloger o‘z kanalida.

Biroq, platforma, 2023 yil noyabr holatiga ko‘ra, noto‘g‘ri ishlamoqda.

Shu bilan birga telefon va qayta aloqa uchun bot ishga tushirilgan. Iyun oyida Ekologiya vazirligining 11-57 ishonch telefoniga bir hafta davomida jami 569 ta murojaat kelib tushdi. Bundan tashqari, daraxtlarning kesilishi haqida @ecogovuz_bot orqali fotosurat yoki video yuborish orqali  xabar berish, shuningdek, sharh va takliflar qoldirish mumkin.

Maʼlumotlarga koʻra, choralar koʻrilgan, biroq ular samarasiz va daraxtlarni kesishga kiritilgan moratoriyni buzishga toʻsqinlik qilmayapti.