O‘zbekistonda 5 foizli kreditga mashina olsa bo‘ladimi?

Mahalliy avtosanoat haqidagi yangiliklar, ayniqsa, avtomobil narxining pastligi bilan bog‘liq bo‘lsa, katta qiziqish uyg‘otadi. Yaqinda O‘zbekistonda birinchi marta avtomobilni 5 foizli kreditga olish mumkinligi haqida xabar paydo bo‘ldi.

“Onix, Tracker, Captiva 5 va boshqa rusumdagi avtomobillarning sotuvi shunchalik yomonki, “UzAuto Motors” yana jismoniy shaxslar uchun yillik 5,99%, yuridik shaxslar uchun 5% imtiyozli avtokreditlar taklif qilmoqda. To‘lov 24 yoki 36 oy ichida amalga oshirilishi kerak”, — deyiladi xabarda.

Ayrim pabliklar bu xabarga quyidagi sarlavha qo‘yishgandi: “UzAuto Motors” sotuvlarni saqlab qolishga astoydil harakat qilmoqda”.

Shunisi e’tiborga loyiqki, ushbu xabarlarning hech biri reklama sifatida belgilanmagan, ammo bu xabarlarda foydalanuvchilarni chalg‘itadigan jihatlar mavjud.

HUKM: QISMAN ROST

Ushbu yangilikni o‘qib chiqqach, bir qarashdan foydali ko‘ringan xaridni amalga oshirish uchun salonlarga shoshilishga qaror qilganlar uchun muhim jihatlar mavjud. To‘liq versiyani avtokompaniyaning rasmiy kanalida o‘qish kerak. Belgilangan foiz stavkalari ma’lum shartlardagina beriladi. Birinchidan, ma’lum bir bank orqali kredit olish uchun ariza berishda uning nomi manbada ko‘rsatiladi.

Jismoniy shaxslar uchun 5,99% foiz stavkasi 50 foizdan boshlangan boshlang‘ich to‘lov amalga oshirilgandagina beriladi. Yuridik shaxslar uchun esa bu ko‘rsatkich 15% dan boshlanadi. Bundan tashqari, to‘lovlar cho‘zilganda foizlar miqdori o‘zgaradi.

Shunday qilib, e’lon qilingan foizlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘g‘ri, ammo pabliklarda aytilmagan shartlar mavjud. Bunday jarangdor yangiliklar paydo bo‘lganda, asl manbaga murojaat qilish va har doim to‘liq versiyalarni o‘qish yaxshiroqdir.

“Yomon sotuvlar”ga kelsak, joriy yilning sentabr oyidagi maʼlumotlarga koʻra, “UzAuto Motors” Oʻzbekistonda avtomobillar savdosi boʻyicha yetakchi oʻrinni egallab turibdi.