Sovuq choy xavfli kasalliklarni  keltirib chiqarishi rostmi?

Telegram kanallarida sovuq choy inson ichki organlariga zararliligi va ayrim kasalliklarni keltirib chiqarishi haqidagi xabarlar tarqalmoqda. Shuningdek, buyragida muammosi bo‘lgan insonlarga eski damlangan choyni ichmaslik tavsiya qilingan. 

Factchecknet.uz bu ma’lumot qanchalik toʻgʻri ekanligini tekshirib koʻrdi. 

HUKM: YOLGʻON

Issiq kunda bir stakan muzdek choy ichish yoqimli, ammo eski damlangan sovuq choyning nojoʻya taʼsirlari bor. Bugun sovuq choyning zararlari haqida ayrim maʼlumotlarni keltirib oʻtamiz. 

Uzoq vaqt davomida turib qolgan choyni ichishning zararli tomoni shundaki, eski damlangan choyda koʻp vaqt mobaynida bakteriyalar oʻsishi kuzatiladi. Bundan tashqari, choy tarkibidagi vitaminlarning koʻp qismi yoʻqoladi va choyda polifenol oksidlanadi. Uzoq vaqt turib qolgan choy xiralashgan boʻlsa, uni ichmaslik tavsiya etiladi. Ammo choy bir kecha ogʻzi yaxshi yopilgan idishda sovutilsa zararsiz hisoblanadi. Choy tarkibida polifenol mavjud boʻlib, u havo va suvdagi kislorod bilan choy dogʻiga oson oksidlanadi. Agar eski damlangan choy ustida jigarrang qatlam paydo boʻlsa, uni ichmagan maʼqul. Sovuq choyda paydo boʻlgan bu jigarrang qatlamda pika, mishyak va simob moddalarining qoldiqlari mavjud boʻladi. Agar bunday choy ichilsa, u ovqat hazm qilish va ozuqa moddalarning soʻrilishiga toʻsqinlik qiladi. 

Bir necha soat turgan choy vitaminlar va boshqa foydali moddalarni tezda yoʻqotadi. Ammo qolgan choy terapevtik maqsadlarda tashqi vosita sifatida qoʻllaniladi. Bundan tashqari, ogʻiz boʻshligʻini chayqash, ogʻiz boʻshligʻining yallig‘lanishi yoki qon ketishini davolash uchun foydalanish mumkin.  

Bundan tashqari, choy xona haroratida uzoq vaqt qolsa, undagi aminokislotalar havodagi bakteriya va mikroorganizmlar bilan oʻzaro taʼsirlanadi va buzila boshlaydi. Agar siz uni ichishda davom etsangiz, u oshqozon-ichak traktida noqulaylik tugʻdirishi mumkin.

Oddiy choyni 8 soatdan ortiq, sut qoʻshilgan choyni esa 2 soatdan ortiq qoldirmaslik kerak. Bir kechada qoldirilgan choy ichishning xavfsizligi xona haroratiga va choy qancha vaqt qoldirilganiga bogʻliq. Agar choyni keyingi kunga saqlashni istasangiz, bakteriyalar koʻpayishini oldini olish uchun uni muzlatgichda saqlash kerak. Biroq, xona haroratida tun boʻyi qoldirilgan choyni to‘kib yuborish yaxshiroqdir, chunki u oʻzining taʼmini va foydali xususiyatlarini yoʻqotadi.

Koʻpincha eski sovuq choy saratonga olib kelishi mumkinligi haqida turli muhokamalar yuzaga keladi. Aslida bunday emas. Sovuq choy tarkibida turli zararli moddalar mavjudligi aniq boʻlsa-da, bu saraton kasalligini keltirib chiqarishga asos bo‘lmaydi. 

Choyni saqlash va isteʼmol qilish borasidagi yolgʻon maʼlumotlarga ishonmaslik va faqatgina toʻgʻri holatda saqlangan sovuq choy isteʼmol qilish tavsiya etiladi.