To‘qqizta kutilmagan afsona

Hayvonlar, qushlar va baliqlar olamida qiziqarli faktlar, ammo ko‘plab afsonalar ham mavjud. Keling, ba’zi keng tarqalgan noto‘g‘ri tushunchalarni ko‘rib chiqaylik va ilmda bu borada nima deyilishini bilib olaylik.

1-afsona: tuyaqushlar boshlarini qum ostiga yashiradilar

Ommabop fikrdan farqli o‘laroq, tuyaqushlar xavf ostida qolganda boshlarini qumga ko‘mmaydilar. Bu noto‘g‘ri tushuncha ularning xatti-harakatlarini xato talqin qilish natijasida paydo bo‘lgan.

Aslida tuyaqushlar:

1. Qumga ko‘milgan tuxumlarini tekshirish uchun engashadi.

2. Ba’zan ular yirtqichlar uchun unchalik sezilmaydigan bo‘lish maqsadida yerga “cho‘kadi”.

Katta tanasining fonida tuyaqushning kichik boshi uning qumda yo‘qolishi haqidagi tasavvurni yaratadi. Bu afsona qadimgi Rimda paydo bo‘lgan va noto‘g‘ri kuzatishlar qanday qilib doimiy, ammo yolg‘on tasavvurlarga olib kelishi mumkinligini isbotlaydi.

2-afsona: cho‘chqalar toza hayvon emas

Loyda cho‘milish cho‘chqalar uchun zaruratdir. Birinchidan, cho‘chqalarda ter bezlari yo‘q, bu termoregulyatsiyani qiyinlashtiradi. Loy vannalari ularni issiq havoda sovutishga yordam beradi va issiqda terini himoya qiladi, bu tabiiy quyoshdan asrovchi vosita sifatida ishlaydi.

Ikkinchidan, loyga botish tozalash jarayonining bir qismidir. Avval cho‘chqalar o‘zlarini loy bilan qoplaydi, keyin quriguncha kutadi, so‘ngra teridagi ifloslik bilan birga tozalab tashlaydi.

Shunday qilib, odamlar ifloslikka yo‘ygan xatti-harakatlar, aslida, cho‘chqalarning sog‘lig‘ini asrash va gigienasiga amal qilishidir. Bu shuni ko‘rsatadiki, cho‘chqalar, stereotiplardan farqli o‘laroq, juda toza hayvonlardir.

3-afsona: oltin baliq uch soniyalik xotiraga ega

Bu afsona haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, oltin baliq bir necha oy davomida ma’lumotni saqlab qolishi mumkin. Ular shakllarni, ranglarni ajrata oladi va hatto egalarini taniy oladi.

4-afsona: buqalar qizil rangga tajovuzkor munosabatda bo‘lishadi

Buqalar qizil matoga rangi tufayli hujum qiladi, degan afsona bor. Aslida, buqalar qizil rangni ajratmaydi. Buqalar jangida ularning tajovuzkorligi matoning rangi emas, balki harakati tufayli yuzaga keladi. Buqalar matoning har qanday rangiga xuddi shu tarzda reaktsiya qilishi mumkin.

5-afsona: xameleyonlar maskirovka uchun rangini o‘zgartiradi

Xameleyonlar rangini o‘zgartirsa ham, bu maskirovka uchun emas. Rang o‘zgarishining asosiy sabablari tana haroratini tartibga solish, boshqa xameleyonlar bilan muloqot qilish va his-tuyg‘ularni ifodalashdir. Rang o‘zgarishi, shuningdek, juftini jalb qilish yoki hukmronlikni namoyish qilish uchun xizmat qilishi mumkin.

6-afsona: qo‘ylar ahmoq hayvonlardir

Keng tarqalgan fikrdan farqli o‘laroq, qo‘ylar ajoyib kognitiv qobiliyatlarni namoyish etadilar. Bir qarashda oddiy ko‘rinadigan bu hayvonlar yuzlarni eslab qolishda ajoyib xotiraga ega. Ular ikki yil yoki undan ko‘proq vaqt davomida 50 nafarga yaqin inson yuzlarini eslab qolishlari va taniy olishlari mumkin. Bundan tashqari, qo‘ylar nafaqat yuzlarni taniydilar, balki jilmaygan odamlarga ustunlik berib, ularning ifodalarini ham tushunadilar.

7-afsona: ayiqlar qish bo‘yi uxlaydi

Aslida, ayiqlar qishki uyqu yoki gibernatsiya holatiga kiradi, ammo bu to‘liq uyqu emas. Ularning metabolizmi sekinlashadi, lekin ular uyg‘onishi va hatto issiq kunlarda o‘ralaridan chiqishi mumkin.

8-afsona: akulalar odamlarni ataylab ovlaydi

Filmlar va ommaviy axborot vositalari ko‘pincha akulalarni odamlarning shafqatsiz ovchilari sifatida tasvirlaydi. Aslida, ko‘pchilik akula turlari odamlar uchun xavf tug‘dirmaydi. Odamlarga akulalar hujumi juda kam uchraydi va odatda akula odamni o‘z o‘ljasi bilan adashtirib yuborganligi sababli sodir bo‘ladi.

9-afsona: pandalar beso‘naqay hayvonlardir

Pandalarning tashqi yoqimtoyligi ko‘pincha odamlarni ularning asl tabiati xususida chalg‘itishiga sabab bo‘ladi. Yumshoq mo‘yna va beso‘naqaylik ortida kuchli hamda potentsial xavfli hayvon yashirinadi. Pandalar juda kuchli jag‘lar va tishlarga ega, bu qattiq bambukni samarali chaynash uchun zarur bo‘lgan evolyutsion moslashuv natijasidir. Ushbu parhez strategiyasi, keng tarqalgan fikrlardan farqli o‘laroq, turning omon qolishi nuqtai nazaridan juda muvaffaqiyatli bo‘ldi.

Bu misollar hayvonlar haqidagi mashhur ma’lumotlarga tanqidiy munosabatda bo‘lish muhimligini ko‘rsatadi. Ilm-fan doimiy ravishda hayvonlarning xatti-harakatlari va qobiliyatlari haqida yangi faktlarni kashf etadi, ular ko‘pincha mashhur afsonalarga qaraganda ancha qiziqroq bo‘lib chiqadi.