Soxta akkauntlar – kim bizning fikrimizni boshqarmoqchi?

Ijtimoiy media platformalarining rivojlanishi bilan birga trollar va botlar yolg‘on ma’lumotlarni onlayn tarqatishda kuchli vositalar sifatida maydonga chiqdi. Bu jarayon kiberxavfsizlik uchun jiddiy tahdidlar tug‘diradi. Trollar va botlar yolg‘on yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatish orqali foydalanuvchilarni aldab, jamoatchilik fikriga ta’sir o‘tkazishi mumkin. 

Trollar odatda ijtimoiy tarmoqlarda haqiqiy shaxslar kabi ko‘rinishga ega bo‘lgan soxta akkauntlar orqali ishlaydi. Ular odamlar o‘rtasida ixtilof va shubhalarni kuchaytirish uchun provokatsion postlar yozadi yoki fikr bildiradi. Botlar avtomatlashtirilgan kompyuter dasturlari bo‘lib, inson xatti-harakatlariga taqlid qiladi. Botlar ko‘pincha keng miqyosda noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatadi, ulkan tarmoqlarni yaratib, ma’lum bir mavzuga qiziqish uyg‘otishga urinadi. Masalan, saylov davrida yoki siyosiy voqealarda noto‘g‘ri axborotni tarqatib, odamlarning kimga ovoz berishiga ta’sir o‘tkazishga urinishi mumkin.

Trollar va botlar onlayn platformalarda 3 ta asosiy tahdidni keltirib chiqaradi:

1. Aldash: trollar va botlar foydalanuvchilarni o‘zlarining haqiqiy shaxs ekanligiga ishontirib, noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatadi. Bu axborot noto‘g‘ri ekanligini bilmagan foydalanuvchilar esa ushbu axborotni tarqatishda davom etadi, natijada noto‘g‘ri ma’lumot keng tarqaladi. Ushbu tendensiyani o‘rganish maqsadida bir qancha ilmiy tadqiqotlar olib borilgan.

2. Shubhalarni kuchaytirish: trollar va botlarning tarqatgan yolg‘on ma’lumotlari foydalanuvchilar orasida ishonchsizlikni keltirib chiqaradi. Bu esa haqiqatdan shubhalanishga olib keladi va odamlarning to‘g‘ri axborotga ishonchi kamayadi. Misol uchun, COVID-19 pandemiyasi davrida botlar va trollar tomonidan olib borilgan emlashga qarshi kampaniyalar kasallikka qarshi kurashish jarayonini qiyinlashtirdi.

3. Haqiqatni bilishga xalaqit qilish: trollar va botlar tarqatayotgan noto‘g‘ri ma’lumotlar foydalanuvchilarni haqiqatdan chalg‘itib, noto‘g‘ri axborotni qabul qilishlariga sabab bo‘ladi. Natijada, odamlar haqiqat va yolg‘onni ajrata olmay, o‘rganish jarayonida qiyinchiliklarga duch keladi. Bunga misol tariqasida siyosiy dezinformatsiya kampaniyalari keltirilishi mumkin. Masalan, 2016-yil AQShdagi  saylov jarayonlarida Rossiya trollari va botlari tomonidan yaratilgan yolg‘on xabarlar saylov natijalariga ta’sir ko‘rsatish maqsadida tarqatilgan, bu esa fuqarolarni haqiqiy ma’lumotlardan chalg‘itib, ularning siyosiy qarorlariga ta’sir qilgan.

Internetdagi xavfsizlik masalasida trollar va botlar jiddiy muammo tug‘diradi. Ushbu soxta akkauntlar orqali noto‘g‘ri axborot tarqatilishi nafaqat jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qiladi, balki onlayn axborot makonini zararli qiladi. Shu sababli, trollar va botlar faoliyatini erta aniqlash va ularni bloklash orqali kiberxavfsizlikni kuchaytirish bugungi kunda dolzarb masaladir.