Paxta yog‘i yallig‘lanishni tuzatishda yordam beradimi?

Ehtimol, ko‘pchilik bolalikda onalar va buvilarning yallig‘lanish paydo bo‘lganida qizdirilgan paxta yog‘ini surtgani va qandaydir hayratlanarli tarzda kasallik o‘tib ketishini eslasa kerak.

Ijtimoiy tarmoqlarda paxta yog‘ining shifobaxsh xususiyatini da’vo qiluvchi bir qancha manbalar bor, biroq ba’zilar bu dalillarni inkor etib, zarari haqida gapiradi. Kimga ishonish kerak? Ushbu maqolada biz paxta yog‘ining xossalari va tarkibini tahlil qilamiz va bu gaplarning haqiqatga qanchalik yaqinligini aniqlaymiz.

Paxta yog‘i nimasi bilan foydali?

U linol kislotasi va E vitamini kabi antioksidantlarga boy. Linol kislotasi yallig‘lanishda ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yog‘ kislotasining bir turidir. MDPI (Multidisciplinary Digital Publishing Institute — ochiq ilmiy jurnallar noshiri) tomonidan chop etilgan sharhga ko‘ra, linol kislotasi interleykin-1 va o‘simta nekrozi omili kabi yallig‘lanish belgilarini kamaytirish orqali yallig‘lanishni kamaytirishi mumkin. Bu shuni anglatadiki, bu kislota bilan yog‘ yallig‘lanishda foydali bo‘lishi mumkin.

Antioksidantlar va ularning yallig‘lanishni bartaraf etishdagi roli

Paxta yog‘i yallig‘lanishni keltirib chiqaradigan va kuchaytiruvchi omil bo‘lgan oksidlovchi stressga qarshi kurashadigan antioksidantlarni o‘z ichiga oladi. Shunday qilib, paxta yog‘idagi antioksidantlar tanadagi yallig‘lanishni kamaytirishi mumkin, ammo samarali davolash uchun bu yetarli bo‘lmasligi mumkin.

Linol kislotasi kabi ko‘p to‘yinmagan yog‘ kislotalari yallig‘lanish reaktsiyalari uchun mas’ul bo‘lgan sitokinlar deb ataladigan moddalarga ta’sir qilish orqali yallig‘lanishni tartibga solishda ishtirok etadi. Ushbu kislotalar samaradorligining muhim sharti ularning boshqa yog‘lar bilan birgalikda muvozanatli iste’mol qilinishidir, shuning uchun paxta yog‘ining ta’siri muayyan sharoitlarda yuzaga kelishi mumkin.

Shu bilan birga, ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, paxta yog‘i yurak faoliyatiga salbiy ta’sir qiladi. Agar uning tarkibida 55% linol kislotasi bo‘lsa, yuqori harorat ta’sirida yog‘ning oksidlanishiga ishonch hosil qilishingiz mumkin. Oksidlangan yog‘lar sog‘ligingiz uchun zararli. Oksidlanish kislorodning yog‘larga kirib borishini anglatadi va shu bilan yog‘ning kimyoviy tarkibini va uning sog‘liq uchun ta’sirini o‘zgartiradi. Paxta yog‘i qonda xolesterin miqdorini oshirishi mumkin.

Ba’zi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, o‘simlik moylari umumiy xolesterin va past zichlikdagi lipoprotein xolesterinni o‘rtacha darajada kamaytiradi. Past xolesterin inson tanasida bir qator buzilishlarni keltirib chiqaradi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, paxta yog‘i aslida linol kislotasi, antioksidantlar va ko‘p to‘yinmagan yog‘li kislotalarning tarkibi tufayli yallig‘lanish jarayonlarida ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan bir qator foydali xususiyatlarga ega, degan xulosaga kelishimiz mumkin. Biroq, uning ta’siri cheklangan va to‘liq davolanishning o‘rnini bosolmaydi. Yuqori haroratlarda yog‘ oksidlanishga moyil bo‘lib, sog‘likka, ayniqsa yurak-qon tomir tizimiga potentsial zararli ekanligini hisobga olish kerak.

Shunday qilib, paxta yog‘i yallig‘lanishda vaqtinchalik yordam berishi mumkin, ammo uni ishlatishda ehtiyotkorlik talab qilinadi. Yallig‘lanishni kompleks davolash uchun shifokor bilan maslahatlashish va tasdiqlangan dori-darmonlarni qo‘llash kerak.