Akne, ya’ni husnbuzar odamlarning taxminan 80 foizi hayotining ma’lum bir davrida duch keladigan, keng tarqalgan teri kasalligidir. Uning ko‘p uchrashiga qaramay, sabablari va davolash usullari haqida bir qancha afsonalar mavjud bo‘lib, ular ko‘pincha noto‘g‘ri tushunchalar va xato parvarishga olib keladi. Ushbu maqolada esa husnbuzar haqidagi ilmiy tadqiqotlar va mutaxassislarning xulosalariga asoslangan ma’lumotlarni keltirdik.
1-afsona: husnbuzarlar faqat o‘smirlarda uchraydi
Fakt: husnbuzar faqat o‘smirlarda uchraydigan muammo emas.
Gormonal o‘zgarishlar sababli husnbuzarlar o‘smirlik davrida ko‘p uchrasa-da, ular katta yoshdagi odamlarda, 30 – 40 yosh va hatto undan keyingi davrlarda ham paydo bo‘lishi mumkin. Bu holat ko‘pincha kattalar husnbuzari deb nomlanadi va u gormonal muvozanatning buzilishi, stress, ayrim dori vositalari yoki turmush tarzi omillari tufayli yuzaga kelishi mumkin. Ma’lumotlariga ko‘ra, katta yoshdagi ayollarda husnbuzar erkaklarga nisbatan ko‘proq uchraydi va bu ko‘pincha hayz davri, homiladorlik yoki klimaks paytidagi gormonal o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘ladi.
2-afsona: gigiyenaga amal qilmaslik husnbuzar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi
Fakt: husnbuzar gigiyenaga amal qilmaslik natijasi emas.
Husnbuzar paydo bo‘lishining asosiy sababi ortiqcha yog‘ ishlab chiqarish, teri teshiklarining berkilishi, bakteriyalar va yallig‘lanishning birgalikdagi ta’siridir. Teridagi kirlar sabab bevosita husnbuzar kelib chiqmaydi, aksincha terini haddan tashqari yuvish yoki qattiq ishqalash uning tabiiy moylarini yo‘qotib, terining qichishishi va husnbuzarning kuchayishiga olib kelishi mumkin. Dermatologlar teri salomatligini saqlash uchun kuniga ikki marta yumshoq tozalovchi vositada ehtiyotkorlik bilan tozalashni tavsiya qiladi.
3-afsona: shokolad va yog‘li taomlar husnbuzarni keltirib chiqaradi
Fakt: husnbuzar paydo bo‘lishida ovqatlanishning ta’siri murakkabdir, ammo yog‘li taomlar asosiy sabab emas.
Shokolad, pitsa yoki qovurilgan kartoshka husnbuzar keltirib chiqarishi to‘g‘risida bevosita dalillar yo‘q bo‘lsa-da, ayrim ovqatlanish omillari husnbuzar paydo bo‘lishiga ta’sir qilishi mumkin. So‘nggi tadqiqotlar quyidagilarni ko‘rsatmoqda: yuqori glikemik indeksli oziq-ovqatlar (shakar va qayta ishlangan uglevodlar) insulinning ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi, yog‘ ishlab chiqarishni ko‘paytirishi va yallig‘lanishni kuchaytirishi mumkin. Sut mahsulotlari, ayniqsa, noorganik sut tarkibidagi gormonlar va bioaktiv moddalar tufayli husnbuzar paydo bo‘lishi bilan bog‘liq. Dermatologlar terining umumiy holatini yaxshilaydigan meva-sabzavotlar, butun donli mahsulotlar va omega 3 yog‘ kislotalariga boy ovqatlanishni tavsiya etadilar.
4-afsona: husnbuzarlarni siqish orqali ularni tezroq yo‘qotish mumkin
Fakt: husnbuzarlarni siqish ko‘pincha vaziyatni yomonlashtiradi.
Husnbuzarni siqqaningizda, bakteriyalar va qoldiqlarni teriga chuqurroq kiritib yuborish xavfi mavjud, bu esa yallig‘lanishni kuchaytiradi, infeksiya tarqalishi, chandiq qolishi, ba’zi hollarda hayot uchun xavfli bo‘lishi ham mumkin.
5-afsona: quyoshda qorayish husnbuzarni yo‘qotishga yordam beradi
Fakt: quyosh nuri husnbuzarni vaqtincha yashirishi mumkin, ammo uzoq muddatda uni kuchaytiradi.Quyushda qorayish qizarishni vaqtincha yashirishi mumkin bo‘lsa-da, ultrabinafsha (UB) nurlarining uzoq vaqt ta’sir qilishi terini zararlab, teshiklarni berkitadi va ko‘proq husnbuzar paydo bo‘lishiga olib keladi. Bundan tashqari, UB nurlarining zararli ta’siri terining erta qarishi va teri saratoni xavfini ham oshiradi. Dermatologlar husnbuzarga moyil teri uchun ham SPF 30 yoki undan yuqori bo‘lgan keng ta’sirli quyoshdan himoyalovchi vositalarni ishlatish muhimligini ta’kidlaydilar. Komedogen bo‘lmagan quyoshdan himoyalovchi vositalar maxsus ravishda teri teshiklarini berkitmaslik uchun ishlab chiqilgan.