Nega spidometrlar haqiqiy tezlikdan yuqori ko‘rsatadi?

AI yordamida yaratilgan

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoga ko‘ra, avtomobil spidometrlarida ishlab chiqaruvchilar tomonidan kafolatlangan xatolik mavjud bo‘lib, ular tezlikni o‘rtacha +5 km/soatdan +10 km/soatgacha yuqori ko‘rsatar ekan. Aytilishicha, BAAda belgilanganidan 20 km/soatgacha tezroq harakatlangan haydovchilarga ham jarima qo‘llanilmaydi. 

HUKM: QISMAN ROST

BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining 39-sonli nizomiga ko‘ra, zamonaviy avtomobil spidometrlari tezlikni hech qachon real tezlikdan kam ko‘rsatmasligi kerak, lekin haqiqiy tezlikdan biroz yuqoriroq bo‘lishiga ruxsat beriladi. Masalan, avtomobil turiga qarab ortiqcha tezlik 10% +6 (M va N kategoriya), +8 (L3, L4 va L5 kategoriya) yoki +4(L1 va L2 kategoriya) km/soatgacha yuqoriroq bo‘lishiga ruxsat etiladi. Bu degani, masalan, yengil avtomobilning haqiqiy tezligi 100 km/soat bo‘lsa, spidometr 100 km/soat + 10% (10 km/soat) + 6 km/soat = 116 km/soatgacha ko‘rsatishi mumkin. 

Spidometrlar tezlikni nega yuqori ko‘rsatadi? 

Bunga spidometrdagi kalibrlash (sozlanish) va avtomobil shinalarining hajmi kabi omillar sabab bo‘ladi: 

  1. Kalibrlash standartlari: Xalqaro standartlarga ko‘ra, avtomobil ishlab chiqaruvchilari spidometrlar hech qachon transport vositasining real tezligini past ko‘rsatmasligini ta’minlashlari shart. Shu sabab ular xatolikka yo‘l qo‘ymaslik va ehtiyotkorlik yuzasidan spidometrlarni haqiqiy tezlikdan biroz yuqoriroq ko‘rsatadigan qilib sozlaydilar;
  2. Xavfsizlik mulohazalari: Ba’zi ekspertlar spidometrlarning tezlikni biroz yuqoriroq ko‘rsatishi haydovchilarni tezlikni oshirmaslikka undashi va yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga yordam berishi mumkin deb hisoblashadi;
  3. Mexanik omillar: Spidometrlar tezlikni g‘ildirak aylanishiga asoslanib hisoblaydi. Shinaning o‘lchami, eskirgani sabab yedirilishi yoki bosimidagi o‘zgarishlar tezlikka ta’sir qiladi. Kattaroq shinalar o‘rnatilganda, real tezlik spidometrda ko‘rsatilganidan yuqori bo‘ladi. Chunki, spidometr g‘ildiraklarning aylanish tezligini o‘lchaydi, lekin shinalar diametrining o‘zgarishini hisobga olmaydi. Kattaroq shinalar kichikroqlari bilan bir xil tezlikda aylansa ham ko‘proq masofani bosib o‘tadi. Natijada, real tezlik spidometrda ko‘rsatilganidan yuqori bo‘ladi.

+5 km/soat qoidasi

O‘zbekistonda haydovchilarga nisbatan tezlikni oshirish bo‘yicha maʼmuriy bayonnoma tuzishda “+ 5 km/soat” qoidasi amal qiladi. Yo‘l harakati qoidalarining buzilishiga doir ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaning 8-bandida haydovchi belgilangan tezlikni oshirib yuborganda tezlikni o‘lchaydigan maxsus uskunalar va transport vositalari spidometrlari ko‘rsatkichlaridagi yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan jami nuqsonlar jamlangan holda hisobga olinishi belgilangan. Ya’ni, tezlikni o‘lchashda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan texnik nuqsonlar haydovchi foydasiga hal qilingan holda shartli ravishda qonunchilikda +5 km/soat birlik belgilab qo‘yilgan.

Masalan, aholi yashash punktida, harakatlanish tezligini soatiga 60 kilometrdan oshirish mumkin bo‘lmagan joyda soatiga 65 kilometrgacha tezlikda harakatlanib kelgan haydovchi yo‘l harakati qoidalarini buzmagan hisoblanadi. Ya’ni, tezlik 66 km/soatni tashkil etganda yo‘l harakati qoidalari buzilgan hisoblanadi va bu bir baravar miqdorda jarimaga tortishga sabab bo‘ladi. 

Jarimaga tortilmaydigan belgilanganidan yuqori tezlik xorij mamlakatlarida O‘zbekistondagi +5 km/soatdan farqli hisoblanadi. Masalan, BAAning Dubay shahrida (butun mamlakatda emas) belgilangan tezlikdan 20 km/soatgacha oshirib harakat qilish jarimaga sabab bo‘lmaydi. Qo‘shnilarimiz Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda ham haydovchilarda belgilangan tezlikdan +10 km/soatgacha oshirish “zaxirasi” bor.