Ijtimoiy tarmoqlarda 22 yoshli yigit uzoq yillar davomida elektron sigaret chekkanligi natijasida, o‘pkasi to‘liq transplantatsiya qilingani haqida ma’lumot tarqaldi. Shifokorlarning ta’kidlashicha, bunday operatsiyadan keyin omon qolish ehtimoli atigi 1 %ni tashkil qiladi.

“Yigit kislorod darajasi pastligi sababli kasalxonaga yotqizilgan. Uning ahvoli og‘irlashdi va uni hayotni qo‘llab-quvvatlash apparatiga ulashga to‘g‘ri keldi. Qarindoshlarining aytishicha, muammolar elektron sigaret chekish tufayli yuzaga kelgan va qaysidir muddatda ishlar shu qadar yomonlashganki, uning yuragi o‘z-o‘zidan urishdan to‘xtagan”, — deyiladi xabarda.
Factchecknet.uz ma’lumotlarni tekshirib ko‘rdi.
HUKM: ROST
Dastlab “Gofundme” veb-saytida davolanish uchun mablag‘ yig‘ish uchun yosh yigit Allard Jekson haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘ldi.
Xabar qilinishicha, u qorin og‘rig‘idan shikoyat qilib klinikaga borgan. Yigitning kislorod darajasi juda past bo‘lgani uchun kasalxonaga yotqizilgan. Unga grippning kam uchraydigan shakli va qo‘sh pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Qabul qilinganidan taxminan bir hafta o‘tgach, uning kislorod darajasi pasayishda davom etgan, shu sababli uning tanasiga dam berish va o‘pkasini tiklashga imkoniyat berish uchun intubatsiya qilindi.
Ma’lumot haqida Amerika OAV bilgandan so‘ng yangilik “New York Post” tomonidan chop etilgan. Nashr, shuningdek, ikki tomonlama o‘pka ko‘chirib o‘tkazish Allardni qutqarib qolgan bo‘lsa-da, uning hayoti ham qisqa muddatli, ham uzoq muddatli istiqbolda abadiy o‘zgarishini ta’kidladi.
Allardning buvisi Dorin Xurlbert “Valley News Live” nashriga “uning nabirasida alomatlar daxshatli vaypingdan foydalangani tufayli paydo bo‘lganini” aytdi.
JSSTning ta’kidlashicha, ba’zi so‘nggi tadqiqotlar ENYBT (elektron nikotin yetkazib berish tizimlari) yurak-qon tomir va o‘pka kasalliklari xavfini oshirishga qodir ekanini ko‘rsatadi. 2023-yil dekabr oyida esa tashkilot “bolalar va chekmaydiganlarni himoya qilish hamda aholi salomatligiga salbiy ta’sirni kamaytirish uchun elektron sigaretlarni cheklash bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rishga” chaqirdi.
Shunday qilib, bu alohida holat haqiqatan ham sodir bo‘lgan. Ammo shuni ta’kidlash kerakki, elektron chekish moslamalari va operatsiya o‘rtasidagi bog‘liqlik haqidagi xulosalar bemorning qarindoshlari tomonidan qilingan.