Qon donorligi haqida miflar

Xalq orasida ko‘plab tibbiy tushunchalar bilan bo‘lgani kabi qon donorligi haqida ham mish-mishlar, anglashilmovchiliklar tez-tez quloqqa chalinadi. 

Factchecknet.uz qon donorligi haqidagi miflarni o‘rgandi.

1-mif: Qon berish jarayonida og‘riqlar seziladi

Fakt: Siz og‘riqni faqat igna kirganda his qilasiz, keyin og‘riqlar o‘tib ketadi. Ba’zi qon beruvchi shaxslar bu holatga shunchalik ko‘nikib ketishadiki, ular igna kirganini sezmaydilar ham. 

2-mif: Qon donorligi uchun yoshlik qilaman

Fakt: Har bir o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan shaxs qon bera oladi.

3-mif: Istagan odam donor bo‘la oladi

Fakt: Qonida OIV va OITS, bundan tashqari B va C gepatitlari yoki boshqa gemotransmissiv infeksiya elementlari aniqlangan shaxslar qon topshira olmaydi. Shuningdek, qon topshirilayotgan paytda tana harorati 36 gradusdan past va 37 gradusdan yuqori bo‘lmasligi kerak. Tomir urishi (puls) tezligi va uning bir maromda urishi, arterial bosim aniqlanadi. Tomir urishi bir maromda va bir daqiqada 60 dan 80 gacha, arterial bosim-sistolik bosim 90-170 mm simob ustuni oralig‘ida, diastolik bosim 60-90 mm simob ustuni oralig‘ida bo‘lishi kerak.

Ma’lumot uchun, tana vazni 50 kg va undan kam bo‘lgan, bo‘yi 150 sm va undan past bo‘lgan shaxslar ularning sog‘ligiga jiddiy ziyon yetkazilishining oldini olish maqsadida shifokor-terapevtning yozma xulosasiga asosan donorlikka qo‘yiladi.

4-mif: Alkogol iste’mol qiluvchilar donorlik qila olmaydi

Fakt: Alkogol iste’mol qilgandan 48-soat o‘tib qon topshirish mumkin.

5-mif: Qizamiq, qizilcha, ich terlama, grippga chalingan odamlar  donorlik qilishlari  xavfli oqibatlarga olib keladi

Fakt: Bunday kasalliklarga chalinganlar shifo topgandan so‘ng bir oydan keyin qon topshirishlari mumkin.

6-mif: Inson umri davomida bir marta qon topshira oladi

Fakt: SSVga ko‘ra, yaxlit qon berish davriyligi bir yilda 5 marotabadan oshmagan holda erkaklar uchun 5 martani, ayollar uchun 4 martani tashkil qiladi. Organizmda zardobdagi temir zaxirasini to‘ldirish uchun qon topshirish vaqt oralig‘i erkaklar uchun 2 oydan, ayollar uchun 3 oydan kam bo‘lmasligi kerak. 

Shuningdek, bir martalik yaxlit qon donatsiyasi hajmi, antikoagulyantni hisobga olmaganda, 500 ml dan, shuningdek laboratoriya tekshiruvlari uchun 40 ml dan oshmasligi kerak.

7-mif. Og‘ir mehnat bilan shug‘ullanuvchi odamlar ham qon topshira olmaydi

Fakt: Mehnat sharoiti og‘ir va sog‘liq uchun zararli ishlarda band bo‘lgan donorlar uchun donatsiya bilan ish qobiliyatini tiklash orasidagi oraliq vaqt 12 soatdan kam bo‘lmasligi lozim.

8-mif. Koronavirusga chalinganlar qon topshira olmaydi

To‘liq sog‘ayib, kasallik asoratlari qolmagan bo‘lsa, 2 oydan so‘ng qon topshirish mumkin.

Ma’lumot uchun, onkologik kasalliklar, yuqumli kasalliklar, tulyaremiya, B va C gepatit, OIV, OITS, ateroskleroz, glaukoma, dermatozlar, toksikomoniya, nur kasalligi, leyshmanioz, rishta, to‘r pardaning ko‘chishi, uveit, irit, iridotsiklit, xorioretinit, to‘liq ko‘rlik kasalliklariga chalinganlar qon topshira olmaydi. Donorlikdan vaqtincha chetlashtirishga olib keluvchi omillarga quyidagilar kiradi:

  • o‘tkir revmatik bezgak;
  • koronavirusga qarshi emlanish;
  • chet elda 2 oydan uzoq vaqt oralig‘ida bo‘lganlik;
  • tumov, gripp, bruttselyoz, homiladorlik, ich terlama, vabo.