Telegram kanallarida tarqalayotgan xabarlarga ko‘ra, endi dunyoning ko‘plab turistik yo‘nalishdagi davlatlarida eski namunadagi AQSh dollari qabul qilinmas ekan. O‘zbekistonda ham shunday bo‘lishi mumkinligi, tezroq eski namunadagi banknotalarni almashtirib olish kerakligi haqidagi ma’lumotlar tarqalmoqda.
HUKM: YOLG‘ON
Bu xabar keng tarqalgach, O‘zbekiston Markaziy banki mazkur masalaga o‘z munosabatini bildirdi. Regulyatorning ta’kidlashicha, O‘zbekiston banklarida 2009-yilgacha muomalaga chiqarilgan eski namunadagi 100 dollarlik banknotalarni sotish va sotib olish bo‘yicha operatsiyalar muammosiz amalga oshirilmoqda. Birorta davlat hisob-kitoblarida eski namunadagi 100 AQSh dollari nominalidagi banknotalarning qonuniy to‘lov vositasi sifatidagi maqomi o‘zgarmagan.
“Markaziy bank aholi va tadbirkorlik subyektlarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ishonmaslikka chaqirib, faqat rasmiy manbalarga tayanishni tavsiya etadi”, — deyiladi xabarda.
Regulyator fuqarolarga banklarning ayirboshlash shoxobchalarida eski namunadagi 100 dollarlik kupyuralarni almashtirishda qiyinchiliklarga duch kelgan taqdirda, MBning ishonch telefoni (71−200−00−44) yoki uning hududiy boshqarmalariga murojaat qilishni tavsiya qildi.
Turkiyadagi qalbaki dollar voqeasi
Turkiyada so‘nggi vaqtlarda eski AQSh dollarlarini qabul qilish bilan bog‘liq muammolar yuzaga keldi. Istanbuldagi ayrim valyuta ayirboshlash shoxobchalari eski banknotalarni olishni to‘xtatgan.
Bunga qalbaki pullarning ko‘payishi asosiy sabab sifatida ko‘rsatilmoqda. Taxminlarga ko‘ra, 600 million dollarlik qalbaki kupyuralar tarqalib, muomalaga kiritib yuborilgan. Turkiya Markaziy banki valyuta shoxobchalari va boshqa banklarga bu haqda ogohlantirish bilan chiqqan. Shu bilan birga, Istanbul prokuraturasi qalbaki pullar muammosini tergov qilishni boshlagan.
Ba’zi manbalarga ko‘ra, Qozog‘istondagi banklar eski namunadagi (1996 – 2013-yillardagi) dollar kupyuralarini qabul qilishda 2% lik komissiya olishni yo‘lga qo‘ygan. Qirg‘izistonda esa banklar tomonidan bu kupyuralarni qabul qilishda muammolar uchrab turibdi.
Eski namunadagi dollarlarning amal qilish muddati
Yangi dollar kupyuralari bilan eski namunadagi kupyuralar o‘rtasida to‘lov vositasi sifatida hech qanday farq yo‘q. AQSh qonunlariga binoan, 1914-yildan buyon chiqarilgan barcha Federal zaxira tizimi (FZT) banknotalari teng qiymatga ega.
Shu sababli, eski namunadagi dollarlarning amal qilish muddati yo‘q. Biroq bir nozik jihat bor: har qanday banknotalarni qabul qilishni majburiy qiluvchi qonun faqat davlat tuzilmalariga taalluqli. AQShda xususiy kompaniyalar yoki shaxslarni to‘lovlarni eski yoki yangi banknotalar bilan qabul qilishga majbur etadigan federal qonun mavjud emas. Xususiy bizneslar, agar tegishli me’yorlar shtat yoki shahar hokimiyati tomonidan joriy etilmagan bo‘lsa, bu masalani o‘z ixtiyoriga ko‘ra hal qilish huquqiga ega.
Eski va yangi namunadagi dollar farqi nimada?
Banknotalarning dizayni avvalo xavfsizlikni ta’minlash maqsadida – ularni qalbakilashtirish qiyinroq bo‘lishi uchun o‘zgartiriladi. Shartli ravishda eski va yangi AQSh dollarlari “oq” va “ko‘k” deb nomlanadi. “Oq”lari 1996-yildan 2006-yilgacha chiqarilgan bo‘lib, ochroq tusda bo‘lishi bilan ajralib turadi. “Ko‘k”lari esa 2004-yildan beri chiqarilmoqda. Bu banknotalar dizaynida qizil, to‘q sariq, sariq, havorang va qirmizi ranglar qo‘llaniladi. Masalan, 100 dollarlik banknotaning markazida ko‘k himoya chizig‘i mavjud.

Hozirgi ko‘rinishdagi 50 dollarlik banknota ilk bor 2004-yil 28-sentyabrda muomalaga chiqarilgan bo‘lib, unda ko‘k va qizil ranglarning nozik fon tuslaridan foydalanilgan. 50 dollarlik banknotaga ultrabinafsha nuri tutilganda ko‘rinadigan sariq rangli himoya ipi joylashtirilgan. Yorug‘likka tutilsa, banknotaning har ikki tomonida AQShning 18-prezidenti Grantning portreti ham ko‘rinadi. Bundan tashqari, banknotaning pastki o‘ng burchagida rangi o‘zgaruvchan 50 raqami mavjud.

Birinchi yuz dollarlik banknotalar 1862-yilda muomalaga kiritilgan bo‘lib, ularning tashqi ko‘rinishi bir necha bor o‘zgartirilgan. Dizaynning so‘nggi varianti 2013-yilda taqdim etilgan, biroq eng katta yangilanish 2009-yilda amalga oshirilgan – banknotga golografik himoya ipchasi (ko‘k rangda), siyohdon tasviri va bo‘rtma naqsh kiritilgan.
Jahon mamlakatlarining hukumat yoki Markaziy banklari tomonidan rasman cheklov kiritilgan bo‘lmasa-da, BAA, Tailand, Yaponiya yoki Argentina kabi turizm rivojlangan davlatlarda eski namunadagi dollarlarni qabul qilishda rad etish holatlari uchrashi mumkin. Chunki qaysi turdagi valyutani qabul qilish yoki qilmaslik mustaqil tarzda belgiladi (qonunchilikda aksinchasi ko‘rsatilgan bo‘lmasa). Ba’zi aeroport, bank va shoxobchalarda komissiya o‘ndirilsa, boshqalari esa umuman qabul qilmasligi mumkin. Shu sabab ham chet elga chiqayotgan insonlarga ko‘pincha yangi kupyuralarni olib ketish yoki kartalardan foydalanish tavsiya etiladi.
O‘zbekistonda eski namunadagi dollar boshqa banknotalar singari quyidagi hollarda yaroqsiz hisoblanadi:
1. Quyidagi shikastlanish belgilari mavjud bo‘lgan banknotalar muomalaga yaroqli hisoblanadi:
- banknota tasvirini (shaklini) aniqlash imkonini beradigan darajada siyqalangan va ifloslangan bo‘lsa;
- banknota enining (bo‘yining) to‘rtdan bir qismidan oshmagan yopishtirilgan yirtiqlarga ega bo‘lsa;
- yopishtirib qo‘yilgan burchaklari yoki qismlari (1 sm2 dan oshmagan) bo‘lsa hamda yirtib olingan burchaklari yoki qismlar aniq ushbu banknotaga tegishli bo‘lsa;
- mayda dog‘lar, yozuvlar, shtamp izi (bunda yozuv yoki shtamp izi ikkitadan oshmagan bo‘lishi lozim) bo‘lganda hamda ular banknotaning haqiqiyligini aniqlashga xalaqit bermaydigan asosiy belgilaridan birining 50 foizidan ortig‘ini to‘sib qo‘ymagan bo‘lsa;
- banknotada diametri 1 mm dan oshmagan va ikkitadan ko‘p bo‘lmagan teshiklar bo‘lsa.
2. Quyidagi shikastlanish belgilari mavjud bo‘lgan banknotalar esa muomalaga yaroqsiz hisoblanadi:
- bo‘laklarga ajratilgan, shu jumladan yopishtirilgan bo‘lsa;
- dastlabki rangi o‘zgargan yoki rangi o‘chgan bo‘lsa;
- yongan yoki kuygan holatda bo‘lsa;
- asosiy belgilaridan birining 50 foizidan ortiq qismiga moy, bo‘yoq yoki siyoh to‘kilgan bo‘lsa;
- banknotada kimyoviy reaktivlar ta’siri bo‘lsa;
- muayyan darajada qasddan shikastlangan holda tasvir (surat, portret) o‘zgartirilganda, nominali o‘zgartirilgan, himoya ipchalari olib tashlangan, katta hajmdagi yozuvlar bo‘lsa;
- banknotlar aniq bosma xatoga ega bo‘lgan (suv belgisi yoki himoya ipchalarining yo‘qligi yoki noto‘g‘ri joylashganligi), tasvirlari to‘liq bosilmagan yoki surkalib ketgan bo‘lsa;
- banknotaning geometrik o‘lchami 3 mm dan ortiqqa o‘zgargan bo‘lsa.