Homilador robotlar: rost yoki yolg‘on?

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Ilon Mask inqilobiy robot yaratish ustida ishlamoqda ekan. Bu robot homilani 9 oy davomida ko‘tarish va parvarish qilish imkoniga ega bo‘ladi. Texnologiya tug‘ruq paytidagi asoratlar va o‘lim holatlarini kamaytirib, farzandli bo‘lishning istiqbolini o‘zgartirishi mumkinligi aytiladi. Factchecknet.uz xabar haqiqatga qanchalik mos kelishini tekshirdi.

HUKM: YOLG‘ON

Global qidiruv natijalariga ko‘ra, “Tesla” kompaniyasi tomonidan e’lon qilingan ishonchli yangiliklar va Ilon Maskning rasmiy bayonotlarida bolalarni ko‘tarib yuradigan robot ona haqida hech qanday ma’lumot hozirgacha keltirilmagan. Xabarlarga ilova qilingan fotosurat esa birinchi bor “Shutterstock” loyihasida 2019-yil fevral oyida joylashtirilgan. Prototip o‘zini “innovatsion texnologiyalar yordamida inson tanasining go‘zalligini tadqiq etuvchi raqamli san’atkor” deb ta’riflovchi rassom Viktoriya Blank tomonidan yaratilgan.

10-oktyabrda o‘tkazilgan “Tesla” kompaniyasining “We, Robot” tadbiri davomida Mask roboven va robotaksilarni taqdim etgan, ammo homilador robot yangiliklar ro‘yxatda yo‘q. Ushbu asossiz xabar turli shakllarda dunyo bo‘ylab tarqalgan (1, 2).

Tadbirdagi eng shov-shuvli yangiliklardan biri – bu “Tesla”ning yangi taqdim etilgan gumanoid roboti – Optimus edi. Bu robot takroriy yoki odatiy vazifalarni bajarish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, Mask uning yordamida odam ishtiroki talab qilinmaydigan turli xil vazifalarni bajarish mumkin deb hisoblaydi. “U siz istagan har qanday vazifani bajaradi. U o‘qituvchi bo‘lishi, bolalaringizga qarashi, itingizni sayr qildirishi, maysazorni o‘rishi, oziq-ovqat sotib olishi, shunchaki, do‘st bo‘lishi mumkin”, – deydi Mask.

Optimusning narxi 20 000 dan 30 000 AQSh dollarigacha bo‘lishi kutilmoqda va u keng ko‘lamli yordamchi sifatida taqdim etilyapti. Mask kelajakda ushbu robotlar ma’lum bir mehnat vazifalarini bajarish orqali tovarlar va xizmatlar narxini sezilarli darajada pasaytirishini ta’kidlagan.