Rossiyada 24 soatda pnevmoniyaga olib keladigan xavfli virus tarqalmoqdami?

Telegram kanallarida Rossiyada 24 soat ichida pnevmoniyaga olib keluvchi virus haqida xabarlar tarqalmoqda. Ushbu xabarda virus tez tarqalayotgani, o‘limga olib kelishi mumkinligi va shifokorlar odamlarni gavjum joylardan uzoqroq bo‘lishga chaqirayotgani aytiladi. 

HUKM: QISMAN ROST

Rospotrebnadzor (Rossiya Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va farovonlikni nazorat qilish federal idorasi) matbuot xizmati ma’lum qilishicha, rossiyaliklarda gripp tobora ko‘proq aniqlanmoqda, bunda qo‘zg‘atuvchilar tarkibida asoratlarga olib keladigan A(H1N1) virusi ustunlik qilmoqda.

“Rossiya Federatsiyasida yilning ushbu davriga xos bo‘lgan o‘tkir respirator virusli infeksiyalar faolligining o‘sishi kuzatilmoqda. Qo‘zg‘atuvchilar tarkibida gripp viruslarining ulushi ortib boryapti, bunda gripp A(H1N1) 2009 virusi ustunlik qilmoqda. Aynan shu virus boshqalarga qaraganda kasallikning og‘ir kechishiga ko‘proq sabab bo‘ladi va o‘pka asoratlariga olib keladi”, – deya ta’kidlanadi xabarda. 

A(H1N1) 2009 gripp

A(H1N1) 2009 – bu 2009-yilda pandemiyaga sabab bo‘lgan gripp virusi. U ko‘pincha “cho‘chqa grippi” deb ham ataladi, chunki u dastlab cho‘chqalarda topilgan. U mavsumiy gripp viruslaridan farq qiladi va kasallikning og‘ir kechishiga sabab bo‘lishi mumkin. Virus yo‘tal va aksirish paytida havo-tomchi yo‘li bilan tarqaladi. 2009-yilda bu virus butun dunyo bo‘ylab tez tarqaldi. Taxminlarga ko‘ra, (H1N1)pdm09 virusi aylanishining birinchi yilida dunyo bo‘ylab 151 700 dan 575 400 nafargacha odam vafot etgan. Mavsumiy gripp odatdagi epidemiyalaridan farqli o‘laroq, ularning aksariyatida o‘limlar 65 yosh va undan katta yoshdagi odamlarga to‘g‘ri kelsa, (H1N1)pdm09 bilan bog‘liq butun dunyo bo‘ylab o‘limlarning 80 foizi 65 yoshdan kichik odamlar orasida sodir bo‘lgan. 

A(H1N1) 2009 gripp belgilari

A(H1N1) 2009 grippining belgilari grippning boshqa turlari belgilariga o‘xshaydi. Ularga quyidagilar kiradi:

  • Tana haroratining ko‘tarilishi;
  • Yo‘tal (odatda quruq);
  • Bosh og‘rig‘i;
  • Bosh aylanishi;
  • Aksirish;
  • Mushak va bo‘g‘imlardagi og‘riqlar;
  • Tomoq og‘rig‘i;
  • Titroq;
  • Holsizlik;
  • Tumov;
  • Ich ketishi va qusish (ba’zi hollarda). 

Pnevmoniya xavfi yuqorimi?

A (H1N1) 2009 grippi pnevmoniyaga olib kelishi mumkin, ammo bu virus yuqtirgan har bir odamda kuzatilmaydi. Pnevmoniyaning rivojlanishi nisbatan tez kechadi, odatda gripp belgilari paydo bo‘lganidan keyin bir necha kun ichida namoyon bo‘ladi, jiddiy holatlari ba’zan 24 soat ichida rivojlanadi. Biroq H1N1 bilan kasallangan bemorlarning ko‘pchiligi asoratlarsiz yengil yoki o‘rtacha og‘irlikdagi kasallikni boshdan kechiradi.

H1N1 bilan kasallanganlarning barchasida ham pnevmoniya rivojlanmaydi, aslida, aksariyat holatlarda kasallik o‘z-o‘zidan chegaralanib, kasalxonaga yotqizishni talab qilmaydi. Ammo ba’zi guruhlar og‘ir kasallik va asoratlar, jumladan pnevmoniya xavfiga ko‘proq moyil bo‘ladi. Bu yuqori xavf guruhlariga quyidagilar kiradi:

  • 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar;
  • 65 yoshdan oshgan kattalar;
  • Homilador ayollar;
  • Surunkali kasalliklarga chalingan shaxslar (masalan, astma, qandli diabet, semizlik, yurak kasalliklari va boshqa surunkali nafas yo‘llari kasalliklari);
  • Immun tizimi zaiflashgan odamlar (OIV yoki kimyoterapiya kabi muolajalar tufayli). 

Grippni yuqtirmaslik uchun nimalar qilish kerak?

  • Emlash grippning oldini olishning eng samarali usuli hisoblanib, kasallanish va asoratlar rivojlanishi xavfini kamaytiradi;
  • Kasal odamlar bilan aloqadan saqlanish;
  • Qo‘llarni muntazam ravishda sovun bilan yuvish yoki antiseptik ishlatish;
  • Yo‘talganda va aksirganda og‘iz va burunni yopish;
  • Xonalarni shamollatish;
  • Sog‘lom turmush tarziga amal qilish;
  • Agar kasal bo‘lsangiz, iloji boricha uyda qolish;
  • Nafas yo‘llari virusining tarqalish xavfini kamaytirish uchun boshqa odamlar bilan jismoniy masofani saqlash.