Uch kun ichida gemorroydan xalos bo‘lish mumkinmi?

Telegram kanalida gemorroyni davolovchi “Gemoroff”ning reklamasi tarqalmoqda, go‘yoki u uch kun ichida kasallikni davolarmish. Havola mahsulot veb-saytiga olib boradi.

“Gemorroydan aziyat chekkan bemorlar endi muntazam ravishda shifokorlarga borishlari shart emas. 2022-yilda gemorroydan bir marta va butunlay qutulishning noyob imkoniyat yaratilgan. Uning nomi “GEMOROFF” mahsulotidir”, — deyiladi mahsulot reklamasida.

HUKM: YOLG‘ON

Uch kun ichida gemorroydan xalos bo‘lish mumkin emas.

“Gemoroff” nomli dori vositasi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi axborot tizimida ro‘yxatga olinmagan.

Simptomlarni yengillashtiradigan iliq vannalar, retseptsiz og‘riq qoldiruvchi vositalar va tolali mahsulotlarni iste’mol qilishni ko‘paytirish kabi usullar mavjud bo‘lsa-da, gemorroyni davolash uchun odatda ko‘proq vaqt talab etiladi.

Kasallikning og‘irligiga qarab, shifokor turli xil davo usullarini tavsiya qilishi mumkin, jumladan:

– Medikamentoz terapiya. Yallig‘lanish va og‘riqni kamaytirish uchun kremlar, malhamlar, shamlar yoki tabletkalar.

– Kaminvaziv muolajalar. Gemorroyni rezina halqalar bilan bog‘lash, skleroterapiya yoki infraqizil koagulyatsiya.

– Jarrohlik operatsiyasi. Gemorroy halqasini olib tashlash uchun gemorroidektomiya.

Muayyan holatingiz uchun eng yaxshi davolash kursini tanlash uchun shifokor bilan maslahatlash muhimdir.

O‘z-o‘zini davolash xavfli bo‘lishi mumkin, shuning uchun gemorroy alomatlari paydo bo‘lganda, shifokor bilan maslahatlashish yaxshiroqdir.

Har qanday davolanishni boshlashdan oldin doim shifokor bilan maslahatlashing.