Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarda aytilishicha, Vyetnamdagi bir qishloqda erkaklar uylanish uchun bo‘lajak kelinga qo‘llarini kesib berishlari, Papua-Yangi Gvineyadagi Dani qabilasida esa erkaklar nikoh yoki ajrashish munosabati bilan barmoqlarini kesib tashlash odati bor ekan. Factchecknet.uz bu da’volarning qay darajada haqiqat ekanligini tekshirishga harakat qildi.
HUKM: TASDIQLANMAGAN
An’anaviy Vyetnam to‘y urf-odatlari, ko‘pincha mintaqaviy farqlar bilan bir qator marosim va rasm-rusumlarni o‘z ichiga oladi. Bu marosimlar odatda sovchilik (“dam ngo”), unashtiruv (“an hoi”) va kelin so‘rash (“don dau”) marosimlarini qamrab oladi. Kuyovning oilasi ko‘pincha kelinning oilasiga sovg‘alar taqdim etadi, ular orasida betel barglari va guruchli shirinliklar bo‘lishi mumkin. To‘y kuni kuyovning oila a’zolari va qarindoshlari kelinning uyiga qizil qog‘ozga o‘ralgan sovg‘alar bilan tashrif buyurishadi. Bu sovg‘alarga betel barglari, areqa yong‘og‘i, sharob, mevalar, shirinliklar va choy kiradi. Keyin kelin-kuyov ajdodlar qurbongohi oldida ibodat qilib, nikohlariga ruxsat so‘rashadi va ota-onalariga minnatdorchilik bildiradilar. Turli hududlarda o‘ziga xos sovg‘alar va marosimlar farq qilishi mumkin, ammo Vyetnamda nikoh takliflari yoki to‘y marosimlari doirasida o‘z-o‘zini jarohatlovchi an’analar mavjudligi haqida hech qanday dalil yo‘q.
Vyetnam to‘y marosimlari haqida batafsil ma’lumotlar mavjud bo‘lsa-da, ularning hech birida nikoh taklifi yoki boshqa to‘y marosimining bir qismi sifatida qo‘lni kesib tashlash amaliyoti tilga olinmaydi.
Dani qabilasining nikoh odatlari
Dani qabilasi Indoneziyaga qarashli G‘arbiy Papua provinsiyasidagi Baliyem vodiysida yashaydi. Bu qabila Yangi Gvineya orolining g‘arbiy qismida joylashgan bo‘lib, o‘zining noyob madaniyati, an‘analari va tanasidagi belgilar bilan mashhur. Dani qabilasi, shuningdek, o‘zlarining an’anaviy qishloqlari, qadimiy qishloq xo‘jaligi usullari va marosimlari bilan ham tanilgan.
Tarixiy va antropologik tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, dani xalqi orasida barmoqlarni kesib tashlash amaliyoti o‘tmishda mavjud bo‘lgan, biroq bu nikoh bilan emas, balki aza marosimlari bilan bog‘liq bo‘lgan. “Ikipal” deb atalgan bu urf-odat ayollarning qayg‘usini ifodalash va marhumning ruhini tinchlantirish maqsadida barmog‘ining bir qismini kesib tashlashni nazarda tutgan. Bu amaliyot amputatsiyaning jismoniy og‘rig‘i yo‘qotishning ruhiy azobini yengillashtiradi va jamiyatda muvozanatni saqlaydi degan e’tiqodga asoslangan. Garchi bu odat hozirda taqiqlangan bo‘lsa-da, ba’zi keksa danilik ayollarda hamon ushbu an’ananing izlari saqlanib qolgan. Shuni ta’kidlash joizki, danilar orasidagi haqiqiy barmoq kesish amaliyoti yuqoridagi da’vodan tubdan farq qiladi, chunki u nikoh yoki ajralish bilan emas, balki aza marosimlari bilan bog‘liqdir.
Sensatsion hikoyalar, ayniqsa “ekzotik” yoki “ibtidoiy” madaniy amaliyotlar haqidagi xabarlar internetda tez tarqaladi. Turli madaniyatlar haqida aniq ma’lumotlarning yetarli emasligi bunday tasdiqlanmagan axborotlarning tarqalishiga hissa qo‘shishi mumkin.