O‘zbekistonda shifoxonalar yangi virus tufayli bemor bolalar bilan to‘lib ketgani rostmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda quyidagi xabar tarqalmoqda: “Farzandlaringizga muzdek narsalarni bermang: hozir bolalar poliklinikalaridagi vaziyat shunday”. Oʻzbekistonda O‘RVIning mavsumiy oʻsishi, ayniqsa, bolalar oʻrtasida kuchayishi kuzatilmoqda.

HUKM: YOLG‘ON

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi raddiya e’lon qilib, quyidagi ma’lumotlarni e’lon qildi:

“Gap shundaki, Yangi yil arafasida Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining jami beshta — Chaqaloqlarni parvarish qilish, Chaqaloqlar patologiyasi va reanimatsiyasi, Gepatologiya, Nefrologiya hamda Umumiy pediatriya bo‘limlarida profilaktik yuvish-tozalash va zararsizlantirish ishlari amalga oshirilgan. Mazkur bo‘limlarning barchasi bugun, 6 yanvar kunidan qayta ochildi va bu holat tabiiy ravishda bemorlar oqimi nisbatan ortishiga sabab bo‘ldi”.

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda Respublika pediatriya markazi metapnevmovirus yuqtirgani aytilayotgan bemor bolalar bilan to‘lib ketgani haqida mish-mishlar tarqala boshladi.

Bunga Sog‘liqni saqlash vazirligi bolalarning metapnevmovirus bilan kasallangani haqidagi xabarlar asossiz, deb javob berdi. Bundan tashqari, ushbu pediatriya markazi ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarda qayd etilgan yuqumli kasalliklarga chalingan bemorlarni qabul qilish va davolashga ixtisoslashtirilmagan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi metapnevmovirus asosan havo-tomchi yo‘li orqali yoki ba’zi holatlarda ifloslangan yuzalar bilan aloqa natijasida yuqadigan kasallik ekanligini tushuntirdi.

Har yili dunyoning barcha hududlarida, jumladan, O‘zbekistonda ham metapnevmovirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari qayd etilib, kuz-qish mavsumida uning faolligi oshib boradi. Simptomlar boshqa o‘tkir respirator virusli infektsiyalarga o‘xshaydi: burun oqishi, yo‘tal, isitma. Kamdan kam hollarda bronxiolit yoki pnevmoniya rivojlanishi mumkin, bu kasalxonaga yotqizishni yoki kislorodli terapiyani talab qiladi.

O‘zbekistonda laboratoriya tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, viruslar umumiy sonining atigi 1,2 foizi metapnevmoviruslarga to‘g‘ri keladi. Aksariyat holatlar gripp viruslari, rinoviruslar va respirator sintsitial viruslar bilan bog‘liq.

Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi ham mamlakatda o‘n yildan ortiq vaqt davomida qayd etilgan O‘RVI, jumladan metapnevmovirusning mavsumiy o‘sishi haqida xabar berdi. Profilaktik choralarga rioya qilish, odamlarning ko‘p to‘planishiga yo‘l qo‘ymaslik va kasal odamlar bilan aloqani cheklash muhimdir.

O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi quyidagilarni tavsiya qildi:

profilaktika va gigiyena qoidalariga rioya qilish;

odamlar gavjum joylarga, ayniqsa yosh bolalarni olib yurishni cheklash;

kasallik belgilari paydo bo‘lgan oila a’zolarini alohida saqlab, shifokor ko‘rsatmasiga asosan davolanish.

Shuningdek, SES O‘zbekiston fuqarolariga qo‘l gigienasi uchun nima (sovun yoki antiseptik)dan foydalanish yaxshiroq ekanini bildirdi.

Xususan, sovunni ishlatishning afzalliklari orasida mutaxassislar uni nafaqat qo‘llarni yoki tanani yuvish, balki kirlarni tozalash uchun ham qo‘llash imkoniyatini ta’kidladilar. Bundan tashqari, uni muntazam ravishda ishlatish qulay va u mikroblarni hamda turli viruslarni yaxshi va samarali tarzda yo‘q qiladi.

Mutaxassislar antiseptiklardan foydalanishning afzalliklarini qayd etdilar. Shunday qilib, uning qulayligi (oʻzi bilan olib yurish mumkin), ixchamligi hamda mikroblarni o‘ldirishda samaradorligi qayd etildi.

Ikkala gigiena vositasidan foydalanishning kamchiliklari orasida mutaxassislar allergenlikni ta’kidladilar, chunki sovunni haddan tashqari ko‘p ishlatish allergiyaga olib kelishi va antiseptikning o‘zi ba’zi odamlar uchun mos kelmasligi mumkin. Antiseptikdan haddan tashqari ko‘p foydalanilganda terining mikroflorasi ham buzilishi mumkin.