Aksariyat Telegram kanallarida Oʻzbekistonda tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar va bukmekerlikka 2025-yil 1-yanvardan ruxsat berilishi mazmunidagi xabarlar tarqalmoqda. Shuningdek, bunga doir Prezidentning tegishli Farmoni qabul qilinganligi ham aytib oʻtilgan. Factchecknet.uz xabarlar qanchalik asosliligini tekshirdi.
HUKM: ROST
2025-yil 1-yanvardan boshlab, O‘zbekistonda tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etiladi. Bu Prezidentning yangidan qabul qilingan “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-68-sonli Farmonida ko‘zda tutilgan.
Adliya vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan
- lotoreya, Internet tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etiladi;
- lotereya, Internet tarmog‘ida o‘yinlar va bukmekerlikni tashkil etish faoliyatlari qonunchilikka muvofiq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan beriladigan litsenziyalar asosida amalga oshiriladi.
Litsenziyalar asosida tashkillashtirilgan lotereya, Internet tarmogʻidagi oʻyinlar va bukmekerlik garovlarida faqat 18 yoshga toʻlgan Oʻzbekiston rezidenti va norezidentlari qatnashishi mumkin.
2025-yil 1-yanvardan 5 yil muddatga lotereya hamda Internet tarmogʻida oʻyinlarni tashkil etish faoliyatini va bukmekerlik faoliyatini soliqqa tortishning tartibi ham belgilangan.
Farmon bilan litsenziya olgan yuridik shaxslar 4% miqdorida aylanmadan olinadigan soliq to‘laydi. Biroq o‘yinda ishtirok etuvchi jismoniy shaxslar soliqdan ozod qilingan.
Lotereya va Internet tarmogʻida oʻyinlar, bukmekerlik tashkilotchilarining qonunchilik hujjatlariga rioya etishini hamda ushbu faoliyat turlaridan olingan daromadlar: terrorizmni, qurollar tarqatishni moliyalashtirishga yo‘naltirilmasligini nazoratga olish Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga topshirildi.
Farmonga ko‘ra, tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar Internetda (onlayn)
tashkil qilinishi belgilangan. Barcha to‘lovlar bank orqali o‘tkaziladi.
Ushbu Farmon ijrosi yuzasidan jurnalistlar uchun Adliya vazirligi va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan matbuot anjumani tashkil etilgan. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi boshqarma boshlig‘i Nodir Jo‘rayevning ta’kidlashicha, tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga ruxsat berilishidan asosiy maqsad fuqarolar huquqlarini himoya qilishdir.
Shuningdek, muloqot davomida Nodir Jo‘rayev joriy qilinayotgan yangi tizimda qimor o‘yinlariga tikilayotgan pul miqdori cheklanishini va nazoratga olinishini aytgan:
“Misol uchun, fuqaro qimorga bir oyda 10 million so‘m pul qo‘yishi mumkin. U pulini yutqazdi deylik. Ikkinchi o‘yin tashkilotchisiga borsa, u o‘yinga qabul qilmaydi. Tashkilotchi: “Kecha 10 million so‘m yutqazgan ekansiz, sizga bundan ortig‘i mumkin emas”, – deydi. Bunda odamlar ko‘p pul yutqizmasligi maqsad qilingan”, — degan agentlik vakili.
Matbuot anjumani davomida Nodir Jo‘rayev qimor o‘yinlariga ruxsat berilayotganiga yana bir sabab sifatida fuqarolar pullarini xorijga chiqib ketayotganligining oldini olish ekanligini aytgan.
“Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, bir yilda qimor o‘yinlariga O‘zbekistondan 300 million dollardan 1 milliard dollargacha bo‘lgan mablag‘ chet elga chiqib ketyapti”, — degan agentlik vakili.
Amaldagi “Reklama to‘g‘risidagi qonun”ga asosan, tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni reklama qilish taqiqlangan. Prezident Farmonida mazkur qonunga o‘zgartirish kiritish ham nazarda tutilgan.
Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, 2007 – 2024 yillar oralig‘ida O‘zbekiston hududida telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan Internet butunjahon axborot tarmog‘i provayderlarida qimor o‘yinlarini hamda tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish taqiqlangan edi. Ushbu holat sodir etilganda Jinoyat kodeksining 278-moddasiga binoan, qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil qilganlik uchun yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan edi.