Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra: “Tuxum va aspirin asosida tayyorlangan oddiy maska foydasi qimmat kosmetik vositalardan kam emas. Bu maska yuzni tiniqlashtirib, dog‘lar va ajinlarni ketkazadi, qo‘llarni oppoq qiladi”.
Factchecknet.uz xabarni tekshirdi.
HUKM: MANIPULYATSIYA
Tuxum oqi tabiiy proteinlarga boy bo‘lib, terini biroz namlash yoki vaqtinchalik ravishda taranglashtirishi mumkin. Ammo bu ta’sir juda qisqa muddatli bo‘lib, chuqur ajinlar yoki dog‘larni davolashga yordam bermaydi. Umuman olganda esa, tuxum oqini yuzga qo‘llash tibbiy jihatdan tavsiya qilinmaydi, chunki u bir qator jiddiy tibbiy muammolar, xususan, allergiya yoki bakteriyali infeksiya xavfini keltirib chiqarishi mumkin.
Aspirin tarkibidagi salisil kislotasi (salicylic acid) haqiqatan ham teri uchun foydalidir. U ugrilarni davolash, teri yog‘ini kamaytirish va terining o‘lik hujayralarini olib tashlashda qo‘llanilishi mumkin. Ammo aspirin dori vositasi bo‘lib, uni to‘g‘ri maqsadda va shifokor tavsiyasi bilan ishlatish zarur. Uni maska sifatida qo‘llash esa teriga zarar yetkazishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, ijtimoiy tarmoqlarda mashhurlikka erishgan niqob resepti ilmiy jihatdan asoslangan emas. Bu reseptni qo‘llash orqali doimiy ta’sirga erishish kafolati yo‘q va u teriga zarar yetkazishi mumkin. Shuning uchun dermatolog bilan maslahatlashish yoki ilmiy jihatdan tasdiqlangan mahsulotlardan foydalanish tavsiya etiladi.