Telegram kanallarida tarqalgan xabarlarga koʻra, bir kunda bir dona banan isteʼmol qilish oshqozon devorini agressiv moddalar va kislotadan himoya qilib, oshqozon yarasi paydo boʻlishining oldini olar ekan. Faktcheknet.uz mazkur xabar qay darajada haqiqatga yaqin ekanligini tekshirib koʻrdi.
HUKM: QISMAN ROST
Shifokorlar tavsiyasi shuni ko‘rsatadiki, banan iste’mol qilish oshqozon yarasi xavfini kamaytirishi mumkin (1, 2, 3). Oshqozon yarasi deganda, asosan, oshqozon, o‘n ikki barmoqli ichak va qizilo‘ngachda paydo bo‘ladigan yaralar tushuniladi. “Medical Dialogues” tibbiyot nashrining ta’kidlashicha, bu yaralar ko‘pincha “Helicobacter pylori” bakteriyasi keltirib chiqaradigan infeksiya yoki steroid bo‘lmagan yallig‘lanishga qarshi dorilarni uzoq vaqt davomida qo‘llash natijasida kelib chiqadi.
“Journal of Experimental Biology” jurnalida chop etilgan maqola banan tarkibidagi birikmalarning ovqat hazm qilish muammolarini davolash va ularning oldini olishda qanday yordam berishini tadqiq etgan. Maqolada banan tarkibidagi leykotsianidin moddasi alohida e’tiborga olingan bo‘lib, u oshqozon shilliq qavatini mustahkamlashi va uni turli ta’sirlardan himoya qilishi ta’kidlangan.
“Ethnopharmacology” jurnalida chop etilgan yana bir tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, banan po‘stlog‘idan tayorlangan kukun oshqozon yaralariga qarshi himoya ta’siriga ega ekan. Olimlar ataylab oshqozonida yaralar hosil qilingan kalamushlarga ushbu kukunni berib, uning foydali ekanligini aniqladilar. Kukun oshqozon devorini qalinlashtirdi, hujayralarning tezroq tiklanishiga yordam berdi va himoyalovchi shilimshiq moddani ko‘paytirdi. Asosan, po‘stloq kukuni qalqon vazifasini bajarib, oshqozonni mustahkamladi va uning tezroq sog‘ayishiga ko‘maklashdi. Bu natijalar banan oshqozon yaralariga qarshi tabiiy vosita bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda, ammo insonlarda bu ta’sirni tasdiqlash uchun ko‘proq tadqiqotlar o‘tkazish lozim.
Banan sog‘liq uchun foydali bo‘lgan muhim oziq moddalarga boy bo‘lsa-da, uni me’yorida iste’mol qilish muhimdir. Sog‘lom odamlar uchun kuniga bir yoki ikkita banan iste’mol qilish tavsiya etiladi, chunki haddan tashqari ko‘p banan iste’mol qilish vazn ortishiga va boshqa ozuqa moddalar yetishmasligiga olib kelishi mumkin.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, banan tarkibida oshqozon devorini himoya qilishga va yara alomatlarini kamaytirishga yordam beradigan moddalar mavjud. Biroq shuni esda tutish lozimki, faqat banan iste’mol qilishning o‘zi yaraning oldini olish uchun yetarli deyish va uni yaralarga davo sifatida talqin qilish xato hisoblanadi. Oshqozon devoriga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan boshqa omillarni ham bartaraf etish zarur.
Jumladan, oshqozon yarasining oldini olish va tuzalish uchun sog‘lom turmush tarzi hamda to‘g‘ri ovqatlanishga e’tibor qaratish zarur. Meva, sabzavot va don mahsulotlari kabi foydali oziq-ovqatlarga ko‘proq urg‘u berish, alkogol, kofein va achchiq yoki yog‘li taomlarni esa cheklash foydalidir. Chekishni tashlash ham juda muhim, chunki u yara paydo bo‘lish xavfini sezilarli darajada oshiradi.