Xalqimiz orasida koʻpchilik tugʻilganiga olti oy toʻlmasdan chaqaloqlarga suv berishganlarini koʻrgan yoki bu jarayonda oʻzlari ishtirok etishgan. Bundan tashqari, chaqaloqlarga yigʻlaganlarida suv idishlarini soʻrish uchun berib qoʻyilishiga ham duch kelamiz. Xuddiki, ular ba’zida chanqaganlaridan yigʻlayotgan boʻlishi mumkin.
Faktcheknet.uz bu mavzuda bir nechta onalar bilan suhbatlashdi. Suhbatlashgan onalardan biri: “Chaqaloqqa olti oylikkacha ham suv berish kerak”, – deb javob berdi. Yana bir ona: “Men farzandlarimga olti oylikkacha suv berib koʻrmaganman, uchta farzandning onasi boʻlishimga qaramasdan bu haqda bilmayman, ammo bir dugonamning qiziga oltinchi oylik vaqti yozda koʻp yigʻlaganligi uchun suv berib koʻrganimizda juda ham yaxshi ichgan edi”, – deya fikr bildirdi.
“Pregnancybirthbaby.org.au” tibbiy nashri chaqaloqlarga olti oylik boʻlguncha suv berish toʻgʻri yoki bunga hojat yoʻq ekanligini izohlaydi. Keling, xalqimiz orasidagi chaqaloqqa suv berish bilan bogʻliq fikrlar qay darajada toʻgʻri ekanligini bilish uchun izohlarni koʻrib chiqamiz.
Chaqaloqqa issiq havoda suv berish kerakmi?
Olti oygacha ona suti yoki formulasi chaqaloqlar uchun ovqat va ichimlikdir. U ularga hatto issiq havoda ham kerak. Ko‘krak suti bu yoshda chaqaloq uchun zarur bo‘lgan barcha oziq moddalar va omillarni o‘z ichiga oladi.
Chaqaloqqa suv berish uni rivojlantiradimi?
Chaqaloqlarga suv berish, ular kamroq ko‘krak suti yoki aralashmani ichishlariga olib keladi. Bu ularning to‘g‘ri o‘sishi uchun yetarli miqdorda sut yoki formulani olmaslik xavfini tugʻdiradi. Chaqaloqqa ko‘p suv yoki haddan tashqari suyultirilgan aralashmani berish orqali u oʻzini juda yomon his qilishi mumkin. Buning sababi shundaki, ko‘p miqdorda suv chaqaloqning qonida ma’lum oziq moddalar konsentratsiyasiga ta’sir qiladi, bu juda xavfli va hatto o‘limga olib kelishi mumkin.
Bolalar olti oylikdan boshlab ovqat isteʼmol qila boshlaganida ularga ovqat bilan birga qaynatib sovutilgan bir qultum suv berish mumkin. Olti oydan oshgan chaqaloqlar uchun ichimlik suvini avval qaynatishga hojat yoʻq. 6-12 oylik bolalarga bir kunda 0,5-1 piyola suv berish maqsadga muvofiqdir.
Chaqaloqqa isitmasi chiqqanda koʻproq suv berish kerakmi?
Agar olti oydan kichik emizikli chaqaloqda isitma bo‘lsa, uni qo‘shimcha emizish kerak boʻlishi yoki formulalar bilan oziqlanadigan boʻlsa, kamroq miqdorda formulani tez-tez berib turilishi maqsadga muvofiqdir. Ammo shifokor maslahatisiz suv berish mumkin emas.
Andijon davlat tibbiyot instituti Gospital pediatriya kafedrasi assistenti, Andijon viloyati koʻp tarmoqli bolalar tibbiyot markazi Chaqaloqlar va bolalar boʻlimi pediatri Nilufarxon Madjidova: “Hozirgi kunda eng dolzarb mavzularning biri bu chaqaloqlarga suv berish tartibidir. Chunki koʻpincha yosh onalar chaqaloqlarga suv berish haqida maʼlumotga ega boʻlmaganligi yosh goʻdaklarga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Chaqaloqlar olti oy mobaynida koʻkrak sutini isteʼmol qilishi maqsadga muvofiqdir. Chunki ona suti eng kerakli makro va mikro elementlar, vitaminlar bilan boy. Bundan tashqari chaqaloqlarda uch oygacha buyraklar yaxshi rivojlanmagan boʻladi, suv berish esa ularga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Ammo onalar ogʻir tugʻruq jarayonini boshdan kechirgan yoki sut kelmasligi holatlarida chaqaloqqa uch oygacha qoʻshimcha ozuqalar bilan 26-30 gradus haroratda 20-30 ml suv berishlari mumkin. Chunki sunʼiy ozuqalar ona sutiga nisbatan quyuqroq boʻladi, bu esa chanqoqni yuzaga keltiradi. Olti oydan katta boʻlgan chaqaloqlarga 20 gradus haroratda suv berilishi mumkin”, – deya fikr bildirdi.
Agar chaqaloq olti oydan katta bo‘lsa, emizishni yoki shishadan ovqatlantirishni davom ettirish kerak. Ko‘pgina bolalar isitmasi bo‘lganida ovqat yeyishni xohlamaydilar. Bu muammo emas, modomiki ular namlikni saqlab qolishadi. Buni bilish uchun bolalar yetarli miqdorda suyuqlik olish-olmasligini tekshirish kerak. Agar chaqaloq uch oydan kichik bo‘lsa va harorat 38 ° C dan yuqori bo‘lsa, unda boshqa alomatlar bo‘lmasa ham shifokorga murojaat qilish lozim.