Detoks sharbatlarning foyda va zararlari

Detoks sharbatlar uzoq vaqt davomida mashhurligini saqlamoqda. Ba’zilar ular organizmni toksinlardan tozalash, energiya berish va vazn yo‘qotishga yordam berishini ta’kidlashadi. Boshqalar ularni foydasiz va hatto sog‘liq uchun zararli deb ayblashadi. Keling, buni ilmiy ma’lumotlarga asoslanib aniqlashga harakat qilaylik.

Sharbatli detoks — bu faqat sabzavot va meva sharbatlarini ichishga asoslangan mashhur parhez. Ushbu parhez tarafdorlari, u organizmni toksinlardan tozalash va vazn yo‘qotishga yordam beradi, deb ta’kidlashadi. Biroq, ushbu yondashuvning jozibadorligiga qaramay, ilmiy tadqiqotlar uning uzoq muddatli samaradorligini qo‘llab-quvvatlamaydi va bunday parhez sog‘liq uchun bir qator xavflarni tug‘dirishi mumkin.

Sharbatli parhezlarning xavflari

Sharbatli parhezlar odatda organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan qator kamchiliklarga ega:

1.     Kaloriya kamligi va ozuqa moddalarining yetishmasligi

 Sharbatli parxezlar ko‘pincha kaloriyalarda past bo‘ladi, bu vaqtinchalik vazn yo‘qotishga olib kelishi mumkin, ammo bu natijalar kamdan-kam hollarda uzoq davom yetadi. Kaloriyalarni cheklash bosh og‘rig‘i, zaiflik, hushdan ketish, suvsizlanish va ochlik kabi qonda shakar darajasining pasayishi bilan bog‘liq alomatlarga olib kelishi mumkin.

2.     Protein va yog‘larning yetishmasligi

 Proteinlar va yog‘lar salomatlikni saqlash, organizmni tiklash va miya faoliyatida muhim rol o‘ynaydi. Ushbu muhim tarkibiy qismlarni ratsioningizdan chiqarib tashlash ozuqa moddalarining yetishmasligi va umumiy salomatligingiz yomonlashishiga olib kelishi mumkin.

3.     Ishlov berilmagan sharbatlarni iste’mol qilish oqibatida infektsiya yuqishi xavfi

 Agar sharbatlar bakteriyalarni o‘ldirish uchun pasterizatsiya qilinmagan yoki boshqa usulda qayta ishlanmagan bo‘lsa, ular oziq-ovqat orqali yuqadigan kasalliklarga olib kelishi mumkin. Bu, ayniqsa, immuniteti zaif odamlar, qariyalar va bolalarga tegishli.

4.     Ichni bo‘shatuvchi vositalardan foydalanish

 Ba’zi sharbatli detoks dasturlari ichni bo‘shatuvchi preparatlardan foydalanadi, bu esa ozuqa moddalarining haddan tashqari yo‘qolishiga va elektrolitlar muvozanatining buzilishiga, suvsizlanishga va boshqa muammolarga olib kelishi mumkin.

Ichak mikroflorasiga ta’siri

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, sharbatli diyetalar tufayli vazn yo‘qotish ishtirokchilar uchun “fiziologik jihatdan zararli”. Bundan tashqari, suyuq diyeta tendentsiyalari va ovqatlanish odati buzilishi o‘rtasida bog‘liqlik borligi qayd etilgan. Sharbatli diyetalar qisqa muddatli vazn yo‘qotishga olib kelishi mumkin, ammo bu yo‘qotish odatda barqaror emas. 2017-yilgi tadqiqotda 3 kun davomida faqat sharbatlar ichgan ishtirokchilar o‘rtacha 3,7 kilogramm vazn yo‘qotishgan. Biroq, 2 hafta o‘tgach, ularning vazni 0,91 kg pastroq bo‘lib qoldi va ishtirokchilar o‘zlarining holatida hech qanday yaxshilanishni sezmadilar. 2017-yilgi tahlil shuni tasdiqladiki, sharbat diyetasi kaloriyalarni cheklash tufayli dastlabki vazn yo‘qotishga olib kelishi mumkin, ammo odatiy ovqatlanishga qaytilganda ko‘pincha vazn ortishi sodir bo‘ladi.

Organizmning detoksikatsiyasi

Sharbatli parhezlar tarafdorlari, ular organizmdan toksinlarni chiqarab tashlashga yordam berishini da’vo qilishadi. Biroq, ilmiy dalillar bu da’volarni tasdiqlamaydi. Suyuqlik va ba’zi oziq moddalarni iste’mol qilishni ko‘paytirish noorganik chiqindilarni yo‘q qilishga yordam berishi mumkin bo‘lsa-da, sharbatli tozalanish yoki boshqa detoks diyetalar toksinlarni chiqarib tashlash jarayoniga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi haqida yetarli dalillar yo‘q.

Organizmning tabiiy detoksikatsiya funktsiyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun muvozanatli ovqatlanish va yetarli miqdorda suyuqlik ichish ancha samaraliroqdir.

Buyraklarga ta’siri

Meva va sabzavotlar normal buyraklar faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydigan ko‘plab oziq moddalarni o‘z ichiga oladi va shuningdek, to‘g‘ri hidratsiya darajasini saqlab qolishga yordam beradi. Ammo shuni yodda tutish kerakki, ismaloq va lavlagi kabi ba’zi oziq-ovqatlarda ko‘p miqdorda oksalatlar mavjud bo‘lib, ular ortiqcha iste’mol qilinsa, buyrak kasalligi xavfini oshiradi. Surunkali buyrak kasalligi bo‘lgan odamlar bunday mahsulotlarni iste’mol qilishda ayniqsa ehtiyot bo‘lishlari kerak.

Sharbatli diyetalar qisqa muddatli vazn yo‘qotishiga olib kelishi mumkin, ammo ular uzoq muddatda samarali yoki xavfsiz emas. Kaloriyalar, oqsillar va yog‘larning yetishmasligi, shuningdek, ichak mikroflorasi va buyraklar uchun ehtimoliy xavflar ushbu diyetani sog‘lom turmush tarziga intilayotgan odamlar uchun shubhali tanlovga aylantiradi. Suyuq parhezlar orqali detoksikatsiyaga tayanishdan ko‘ra, tanangizni tabiiy ravishda tozalash va uzoq muddatli salomatlikni saqlashga yordam beradigan muvozanatli ovqatlanish, yetarli miqdorda suv ichish va muntazam jismoniy faoliyatni davom ettirish yaxshiroqdir.

Shuni ham unutmaslik kerakki, parhez qilish shifokor tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgandan keyin belgilangan bo‘lsa, samaraliroq bo‘ladi.