Apelsin bilan tuxumli diyeta — foyda yoki zarar?

So‘nggi paytlarda Internetda kuniga uch marta ikkitadan tuxumni apelsin bilan iste’mol qilishni o‘z ichiga olgan “tuxumli diyeta”ga rioya qilish bo‘yicha tavsiyalar mavjud.

Ushbu parhez aslida qanchalik samarali va u sog‘liq uchun xavfli emasmi, Factchecknet.uz shuni aniqlashga qaror qildi.

Asosiy ingrediyentlar: tuxum va apelsin

Tovuq tuxumlari protein, vitaminlar (xususan, B, D, E vitaminlari) va minerallarga, jumladan temir, selen va ruxga boy bo‘lgan eng mashhur oziq-ovqat mahsulotlaridan biridir. Tuxumdagi oqsil to‘liq hisoblanadi, ya’ni u organizm uchun zarur bo‘lgan barcha aminokislotalarni o‘z ichiga oladi. Biroq, tuxum tarkibida xolesterin ham mavjud. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, tuxumni me’yorida iste’mol qilish aksariyat odamlarda yurak xastaligi xavfini oshirmaydi. Ratsiondagi ortiqcha miqdordagi tuxum xolesterin darajasi bilan bog‘liq muammolarga duch kelganlar uchun zararli bo‘lishi mumkin.

Apelsin S vitamini, tola va antioksidantlarga boy. Ushbu tsitrus mevasi immunitet tizimini mustahkamlaydi, terini sog‘lom saqlaydi va temirning so‘rilishini rag‘batlantiradi. Shu bilan birga, diyetada apelsinning ko‘p miqdorda bo‘lishi uning kislotaligi tufayli oshqozon shilliq qavatini bezovta qilishi mumkin.

Maslahat olish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligining Salomatlik va strategik rivojlanish instituti Sog‘lom turmush tarzini shakllantirish boshqarmasi boshlig‘i, diyetolog, endokrinolog, tibbiyot fanlari nomzodi Tahirova Feruza Abrorovnaga murojaat qildik, u ushbu diyetaning ijobiy va salbiy tomonlarini batafsil tahlil qilib berdi. Mutaxassis quyidagilarni ta’kidlab o‘tdi:

1. Balans yo‘qligi: tuxum va apelsin diyetasi o‘ta cheklovchi parhez bo‘lib, unda ko‘plab muhim ozuqa moddalari yetishmaydi. Organizm boshqa manbalardan yetarlicha uglevodlar, yog‘lar, vitaminlar va minerallarni ololmaydi.

2. Energiya tanqisligi xavfi: diyeta past kaloriyali bo‘lgani sababli kuchsizlanishga, konsentratsiyaning pasayishiga va bosh aylanishiga olib kelishi mumkin.

3. Organizmga yuklama tushishi: ko‘p miqdorda tuxum iste’mol qilish, jigar va buyraklarga yuklamani (ayniqsa, bu organlari xasta bo‘lgan odamlarda) kuchaytirishi mumkin. Kislotali mahsulotlar, masalan, apelsinning me’yoridan ortiq bo‘lishi esa gastrit yoki oshqozon yarasi bo‘lganda oshqozon holatini yomonlashtirishi mumkin.

4. “Yo-yo effekti”: har qanday past kaloriyali parhez ko‘pincha u tugaganidan keyin tez kilogramm ortishiga olib keladi, chunki tana yo‘qolgan zahiralarni to‘ldirishga harakat qiladi.Ekstremal mono-diyetaning zararini tasdiqlovchi ko‘plab tadqiqotlar mavjud. Tuxum va apelsin diyetasi nafaqat samarasiz, balki vazn yo‘qotishning potentsial xavfli usuli hisoblanadi. Tuxum va apelsinning o‘zi foydali bo‘lsa-da, ularni boshqa oziq-ovqatlardan ajratib iste’mol qilish organizmning fiziologik ehtiyojlarini qondirmaydi. Mutaxassislar ekstremal diyetalarga rioya qilish o‘rniga, barcha oziq-ovqat guruhlari: oqsillar, yog‘lar, uglevodlar, vitaminlar va minerallarni o‘z ichiga olgan muvozanatli ovqatlanishni tavsiya qiladilar. Faqatgina ushbu yondashuv jismoniy faollik bilan birgalikda sog‘lig‘ingizni saqlashga va vazn yo‘qotishda barqaror natijalarga erishishga imkon beradi.