1 porsiya kartoshka fri 2,5 quti sigaretadan ham zararlimi?

Telegram kanallaridagi xabarda aytilishicha, bir porsiya kartoshka fri iste’mol qilish inson organizmiga 2,5 quti sigareta chekish bilan teng miqdorda zarar yetkazadi va uning tarkibida saratonni keltirib chiqaruvchi (kanserogen) akrilamid moddasidan 50 mikrogramm mavjud ekan. 

HUKM: TASDIQLANMAGAN

Akrilamid qog‘oz va sellyuloza, qurilish, metall quyish, neft qazish, to‘qimachilik, kosmetika, oziq-ovqat ishlab chiqarish, plastmassa, kon qazish va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda qo‘llaniladigan kimyoviy modda hisoblanadi. U qog‘oz, bo‘yoq va plastmassa tayyorlashda, shuningdek, ichimlik suvi va oqova suvlarni tozalashda ishlatiladi.

Akrilamid oz miqdorda germetik, oziq-ovqat o‘ramlari va ba’zi yelimlash vositalarida uchraydi. U yana sigaret tutunida ham mavjud.

Akrilamidning kartoshka frida mavjudligi va xavfi

Akrilamid kartoshka singari kraxmalli oziq-ovqatlarda qovurish, pishirish va qizartirish kabi yuqori haroratli tayyorlash jarayonlarida ham tabiiy ravishda hosil bo‘ladigan kimyoviy moddadir. Bu hodisa shakarlar va asparagin deb nomlanuvchi aminokislota o‘rtasidagi kimyoviy reaksiya natijasida yuz beradi.

Saraton xavfiga kelsak, AQSH Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Xalqaro saraton tadqiqotlari agentligi (IARC) kabi yirik sog‘liqni saqlash tashkilotlari akrilamidni “ehtimol” yoki “insonlar uchun kanserogen bo‘lishi mumkin” deb tasniflagan. Bu tasnif asosan hayvonlar ustida o‘tkazilgan tadqiqotlarga asoslangan bo‘lib, ularda sinaluvchilarga odatdagi inson oziq-ovqat orqali qabul qiladigan miqdordan 1000-100000 barobar ko‘proq doza berilgan. Eng muhimi, odamlarda ovqat tarkibidagi akrilamid va saraton o‘rtasidagi bog‘liqlik hozircha aniq emas. Yaqinda Kaliforniyadagi AQSH federal sudi hatto oziq-ovqat tarkibidagi akrilamid haqida majburiy saraton ogohlantirishlarini chalg‘ituvchi deb topdi. Bunda sud «qizg‘in ilmiy bahs-munozaralar» va akrilamidning tadqiqotlarda kanserogenlik xususiyati bo‘yicha yagona fikrning yo‘qligini asosiy sabab sifatida keltirgan. 

Qovurilgan kartoshka va chipslardagi akrilamidning miqdori turli manbalarda farqli berilgan. Chipslar va kartoshka fridagi akrilamid miqdori pishirish usuli hamda haroratiga qarab keskin farq qiladi (odatda chipslarda friga qaraganda ko‘proq bo‘ladi). Umumiy hisobotlarga ko‘ra qovurilgan kartoshka mahsulotlarida 400–1500 mkg/kg, kartoshka chipslarida 170–3700 mkg/kg, 2024-yilgi ishlab chiqarish monitoringida 372–1335 mkg/kg, Kosta-Rika chipslarida o‘rtacha 658 mkg/kg (tayoqchalarida 2491 mkg/kg gacha), Efiopiya chipslarida 3515 mkg/kg gacha, Pokiston mahsulotlarida 2650 mkg/kg atrofida, oddiy fransuz kartoshka frisida 200 dan 12000 mkg/kg gacha, 6 daqiqa qattiq qovurilganda 2900 mkg/kg, uy sharoitida (air-fryer) pishirilganda esa bor-yo‘g‘i 12 mkg/kg miqdorida akrilamid borligi aniqlangan.

Tarqalgan xabar qisman haqiqatga asoslangan bo‘lsa-da, umumiy mazmuni bo‘rttirilgan va chalg‘ituvchidir. Kartoshka fri yuqori haroratda pishirilganda unda rostdan ham akrilamid hosil bo‘ladi va bu modda hayvonlarda o‘tkazilgan sinovlarda ehtimoliy kanserogen deb topilgan. Biroq, uning oziq-ovqatdagi miqdori odamlarda saraton keltirib chiqarishi ilmiy jihatdan to‘liq isbotlanmagan. Xalqaro sog‘liqni saqlash tashkilotlari kartoshka fridan butunlay voz kechishni emas, balki uni to‘g‘ri tayyorlashni (qorayib ketguncha emas, oltin rangga kirguncha qovurish, pishirishdan oldin suvda ivitish) va xom kartoshkani muzlatgichda saqlamaslikni tavsiya qiladi.