Faollashtirilgan koʻmir sochni yogʻlantirmasligi rostmi?

Telegram kanallarda tarqalgan xabarga koʻra, agar doimiy ishlatiladigan shampunga 4-5 dona “ugol”, ya’ni faollashtirilgan koʻmirdan tayyorlangan tabletka maydalab qoʻshilsa, soch yogʻlanmaydi. 

Faktcheknet.uz mazkur xabarni rost yoki yolg‘on ekanligini tekshirib koʻrdi. 

HUKM: ROST 

Bir qancha manbalar faollashtirilgan koʻmirdan tayyorlangan tabletka soch uchun foydali ekanligini izohlaydi. (1, 2, 3). Xususan, “Byrdie” ilmiy nashriga koʻra, faollashtirilgan ko‘mir — uglerod tarkibli materiallar yonishi natijasida hosil bo‘ladigan faol kukun. Bu mayda, hidsiz, ta’msiz va toksik bo‘lmagan tarkibiy qism hisoblanadi. U g‘ovaklarga ega bo‘lib, manfiy zaryadlangan bo‘ladi, bu esa yog‘lar, ifloslantiruvchi moddalar, kir va chiqindilarni o‘ziga tortishga yordam beradi. Aynan shu tozalash xususiyati sababli faollashtirilgan ko‘mir tibbiyotda ba’zan odam noto‘g‘ri dori yoki zahar qabul qilganida oshqozonni yuvish uchun ishlatiladi.

Terini parvarishlashda aktivlashtirilgan ko‘mir odatdagi ko‘mir o‘rniga ishlatiladi. Aktivlashtirilgan ko‘mir, gazlar bilan isitish jarayonidan o‘tkazilib, uning so‘rish xususiyatlarini oshirish va teriga surishda  xavfsiz qilish uchun tayyorlanadi. Odatdagi ko‘mir esa yog‘ochni past kislorodda kuydirib ishlab chiqariladi va asosan, pishirish, isitish yoki yoqilg‘i sifatida ishlatiladi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha,  aktivlashtirilgan ko‘mir soch parvarishida quyidagi afzalliklarni beradi:

  • Chuqur tozalash: yog‘larni va o‘lik teri hujayralarini bosh terisidan tortib chiqaradi, bu ayniqsa yog‘li va mahsulot qoldiqlari to‘plangan sochlar uchun foydali;
  • Yog‘ni shimib olish: ortiqcha sebumni shimib, bosh terisining muvozanatini saqlaydi va sochlarning og‘ir, yassilashgan ko‘rinishini kamaytiradi;
  • Eksfoliatsiya qilish: magnit singari iflosliklarni tortib olib tashlaydi;
  • Dezodoratsiya qilish: yomon hidlarni yo‘qotadi;
  • Qichishishga qarshi va shifobaxsh: qichishishni yengillashtirib, akne va seboreik dermatitga qarshi yordam beradi;
  • Hajm berish: sochlarni qalin va hajmli qilib ko‘rsatadi;

Bu xususiyatlar faollashtirilgan ko‘mirni yog‘li va hajmsiz sochlar uchun samarali tarkibiy qismga aylantiradi.

Faollashtirilgan ko‘mirli mahsulotlar soch va bosh terisi holatiga qarab, haftada bir yoki ikki marta ishlatilishi kerak. Agar mahsulotlar qoldig‘i yoki terlash ko‘p bo‘lsa, undan ko‘proq foydalanish maqsadga muvofiqdir. Uy sharoitida aktivlashtirilgan koʻmir bilan turli aralashmalar tayyorlab, soch va bosh terisi uchun foydalanish mumkin. Masalan, soch koʻchirib oʻtkazish boʻyicha jarroh va soch toʻkilishi boʻyicha mutaxassis,  Janubiy Kaliforniyadagi “Ziering Medical” kompaniyasi asoschisi va direktori Kraik Zeiringning tavsiyalariga koʻra,  faollashtirilgan ko‘mir kukunini kokos yog‘i bilan aralashtirgan holda bosh terisiga surtib, 20 daqiqa ushlab turib, soʻng yuvib tashlash bosh terisini ifloslanishdan xalos etadi. Bundan tashqari, Zeiring ushbu aralashmaning muqobili sifatida, yumshoq shampunga, ya’ni kuchli kimyoviy moddalari boʻlmagan, bosh terisini muloyimlik bilan tozalaydigan shampunga aktivlashtirilgan koʻmir kukunini solib, aralashtirib foydalanish mumkinligini aytadi. 

Har qanday soch turiga mos ko‘mirli shampunlar sochning tabiiy tuzilmasiga zarar yetkazmaydi va bo‘yalgan sochlar uchun ham xavfsiz. Ammo allergik reaksiyalar ehtimolini yodda tutib, ehtiyotkorlik bilan foydalanish tavsiya etiladi. Qichishish, qizarish yoki toshmalar yuzaga kelgan hollarda foydalanishni to‘xtatish va dermatolog bilan maslahatlashish zarur.
Faollashtirilgan koʻmirni quruq sochlar uchun ham ishlatish mumkin. Chunki aktivlashtirilgan koʻmir tozalovchi vosita boʻlganligi sababli  bosh terisini tinchlantiradi va yog‘larni yutadi. Faollashtirilgan koʻmir va yumshoq shampun aralashmasidan tashqari, tarkibida koʻmir mavjud boʻlgan shampunlarni ham barcha savdo markazlaridan topish mumkin. Tarkibida faollashtirilgan koʻmir mavjud boʻlgan shampunlar bosh terisini tozalash bilan birga, bosh terisidagi qichishish va akne muammosini bartaraf etishda ham samarali vositadir.