Achchiqni achchiq kesadi: dezinformatsiyaga qarshi dezinformatsiya bilan kurashish mumkinmi?

Freepik AI yordamida yaratilgan

Dezinformatsiya kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan yolg‘on va manipulyativ axborot jamiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday sharoitda insonlarning tanqidiy fikrlash qobiliyatini oshirish va dezinformatsiyaga nisbatan o‘ziga xos “immunitet” shakllantirishning ahamiyati katta. 

Insonlarni dezinformatsiyaga qarshi emlash mumkinmi?

Kembrij universiteti tadqiqotchilari Sander van der Linden, Jon Ruzenbek va boshqa jamoadoshlari 2022-yilda dezinformatsiyaga qarshi “psixologik emlash” usuli ustida izlanish olib borishadi. Bu usul odamlarni notoʻgʻri maʼlumotlardan himoya qilishni maqsad qilgan. 

Dezinformatsiyaga qarshi “emlash” nazariyasiga ko‘ra, dezinformatsiya usullari haqida oldindan ma’lumotga ega bo‘lish odamlarga manipulyatsiyalarga nisbatan bardoshli bo‘lishga yordam berishi mumkin. Bu tushuncha emlashga o‘xshaydi: organizm virusning kuchsizlantirilgan shakli bilan to‘qnashganda, unga qarshi immunitet hosil qiladi. Dezinformatsiya nuqtai nazaridan, keng tarqalgan manipulyatsiya usullari haqidagi ma’lumot berish “vaksina” vazifasini o‘taydi, axborotni tanqidiy baholash va yolg‘onni aniqlash qobiliyati esa “immunitet” hisoblanadi.

Emlash yondashuvining asosiy tarkibiy qismlari quyidagilardan iborat:

  • Xavf haqida ogohlantirish: odamlar dezinformatsiya mavjudligini, keng tarqalganligini va ularga hamda umuman jamiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini anglab yetishlari lozim. Dezinformatsiya shunchaki noto‘g‘ri ma’lumot emas, balki jamoatchilik fikrini chalg‘itish, boshqarish yoki vahima va ishonchsizlik urug‘ini sochish maqsadida maxsus yaratilgan va tarqatilgan axborot ekanligini tushunish muhimdir;
  • Qarshi argumentlarga o‘rgatish: odamlar dezinformatsiyaning keng tarqalgan usullari bilan tanish bo‘lishlari va ularni taniy olishlari muhimdir. Bunga faktlarni buzib ko‘rsatish, soxta yangiliklar yaratish, hissiy ta’sirlardan foydalanish, obro‘sizlantirish va boshqa usullar kiradi. Bu usullarning mavjudligini bilishgina emas, balki olingan bilimlarni amalda qo‘llay olish, kundalik hayotda duch keladigan ma’lumotlarni tahlil qilish ham muhimdir.

Nima uchun dezinformatsiya tez tarqaladi? 

Javobni inson ruhiyatining o‘ziga xos xususiyatlaridan izlash kerak:

Tushunishning osonligi: odamlar oson tushunadigan narsalarga ishonishga moyil. Ma’lumot qanchalik sodda va tushunarli tarzda taqdim etilsa, u noto‘g‘ri bo‘lsa ham haqiqat sifatida qabul qilinish ehtimoli yuqori bo‘ladi;

Yorqin vizual: ko‘rgazmali ma’lumotlar matnli ma’lumotlarga qaraganda yaxshiroq idrok etiladi va osonroq esda qoladi. Shu sababli rasmlar, videolar va boshqa vizual materiallar dezinformatsiyani tarqatishda juda samarali vositadir.

Dezinformatsiyaning TOP-6 usuli

Kembrij tadqiqotchisi Ruzenbek va uning hamkasblari tomonidan yaratilgan DEPICT modeli dezinformatsiyani tarqatishning eng keng tarqalgan usullarini ochib beradi. Bu model quyidagi oltita asosiy strategiyani o‘z ichiga oladi:

  1. Obro‘sizlantirish (Discrediting): axborot manbasiga bo‘lgan ishonchni zaiflashtirish urinishlari. Qarshi tomondagi shaxslar, olimlar, rasmiylar yoki tashkilotlarning munosabatlari emas, shaxsiyati va masalaga aloqasi bo‘lmagan jihatlari nishonga olinadi. Misol uchun, tanqidiy material tayyorlagan Qalampir.uz nashri jurnalisti Feruza Najmiddinovani axloqsizlikda ayblovchi asossiz videolar yoki AYoQShdagi gaz yo‘qligi va navbat muammosi haqida chiqish qilgan G‘ayrat Dustovning oilasiga oid mish-mishlar bunga misol bo‘la oladi;
  1. Hissiy ta’sir o‘tkazish (Emotional manipulation): odamlarning fikrini o‘zgartirish uchun hissiyotlardan foydalanish keng tarqalgan usuldir. Bu usul ko‘pincha qo‘rquv, g‘azab, hamdardlik yoki vatanparvarlik kabi hislarga murojaat qiladi. Masalan, Rossiyada migrantlarga nisbatan qo‘rquv va nafrat uyg‘otish maqsadida ular jinoyat sodir etayotgani haqidagi ma’lumotlarga urg‘u berilgan. Yoki AQShda ham migrantlarga nisbatan so‘nggi 10 yillikda salbiy qarashlar dezinformatsiyalar yordamida shakllanmoqda;
  2. Qutblashtirish (Polarization): aslida mavjud bo‘lmagan yoki ahamiyatsiz bo‘lgan farqlarni bo‘rttirib ko‘rsatish va guruhlar o‘rtasida “biz” va “ular” qutbini yaratish. Masalan, bir guruh odamlar boshqasini ezayotgani haqida ma’lumot tarqatib, ular o‘rtasida dushmanlik tuyg‘usini uyg‘otish mumkin. Shartli erkak va ayol o‘rtasidagi pul yoki lavozim uchun mojaroni ayolning jamiyatdagi o‘rni, feminizm yoki boshqa qutblashtiruvchi (diniy, siyosiy, milliy) masalalar bilan bog‘lasangiz, ko‘proq odam o‘qiydi, e’tibor beradi va bahslashadi. Chunki bu mavzular ko‘pchilikni qiziqtiradi, fikrlarni qarama-qarshi qo‘yadi va muhokamalarga sabab bo‘ladi;
  3. Kimligini noto‘g‘ri ko‘rsatish (Impersonation): soxta hisoblar yaratish yoki dezinformatsiyani tarqatish maqsadida boshqa shaxs nomidan foydalanish. Misol uchun, siyosatchining soxta hisobini yaratib, uning nomidan yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish mumkin. Biror sohada mutaxassis bo‘lmagan odamlar o‘zlarini ekspertdek ko‘rsatib, sohaga oid noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatishlarining ham guvohi bo‘lib turamiz. Masalan, shifokor bo‘lmagan odam o‘zini tibbiyot sohasi mutaxassisi sifatida ko‘rsatib, biror dori yoki davolash usuli haqida yolg‘on ma’lumotlar tarqatishi mumkin;
  4. Fitna nazariyalari (Conspiracy theories): voqealarni maxfiy fitnalar va yashirin maqsadlar bilan tushuntiradigan asossiz nazariyalarni tarqatish. Misol uchun, hukumat biror hodisa haqidagi haqiqatni yashirayotgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yoyish mumkin. Yoki COVID-19 pandemiyasi davrida virus sun’iy ravishda yaratilgan va uni jahon aholisini kamaytirish uchun maxsus tarqatishgan degan nazariya tarqalgan edi. Soddaligi va murakkab muammolarga oson yechim taklif qilishi bilan bu nazariyalar xotiramizga o‘rnashib qoladi, hatto keyinchalik berilgan ilmiy tushuntirishlarni esdan chiqarsak ham;
  5. Troll (Trolling): salbiy munosabatni keltirib chiqarish va konstruktiv muloqotni buzish maqsadida provokatsion xabarlarni nashr etish. Trollar odatda odamlarni g‘azablantirish va nizolar chiqarish uchun haqoratlar, shaxsiy hujumlar va boshqa usullardan foydalanadilar.

Yuqoridagi dezinformatsiya usullarining bir nechtasi birga qo‘llanilishi ham mumkin. 

“Bad News” o‘yini

“Bad News” o‘yini – yuqoridagi 6 ta usuldan foydalanib, o‘yinchilar dezinformatsiya tarqatuvchisi rolini sinab ko‘radigan interaktiv onlayn o‘yin hisoblanadi. O‘yin davomida ular soxta yangiliklar yaratish, faktlarni buzib ko‘rsatish va hissiy chaqiriqlardan foydalanish kabi turli xil manipulyatsiya usullarini qo‘llashni o‘rganadilar. O‘yin dezinformatsiyaning qanday yaratilishi va tarqalishini hamda uni samarali qiladigan psixologik mexanizmlarni tushunishga yordam beradi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, “Bad News” o‘yini tanqidiy fikrlashni rivojlantiradi va manipulyatsiyalarga qarshi turish qobiliyatini oshiradi. O‘yin ishtirokchilari o‘zlari qabul qilayotgan ma’lumotlarga nisbatan ehtiyotkorroq bo‘lib, dezinformatsiyaga kamroq beriluvchan bo‘lib qoladilar. Buning sababi shundaki, o‘yin dezinformatsiyani yaratish va tarqatish jarayonini “yashab ko‘rish” imkonini berib, bu esa uning mexanizmlari va oqibatlarini chuqurroq anglashga yordam beradi.

Shuningdek, dezinformatsiya va manipulyatsiyaga qarshi kurashda Markaziy Osiyo auditoriyasiga mo‘ljallangan “Qlever” o‘yini ham samarali hisoblanadi.