Mashhur ichimlik nomida Isroilni moliyalashtirishga chaqiriq yashiringanmi?

Internetda Pepsi ichimligi nomi “Pay Every Penny to Save Israel” (“Isroilni saqlab qolish uchun har bir tiyinni sarflang”) deb talqin qilinayotgani haqida xabarlar keng tarqaldi. Olmaotadagi madrasalardan birining TikTokda 46 mingdan ortiq kuzatuvchisi bo‘lgan o‘qituvchisi Pepsi ichimligini boykot qilishga chaqirgan. Bundan tashqari, “Alisa” ovozli yordamchisining Pepsi nomi ma’nosiga oid savoliga javobi aks etgan video ham keng tarqalib, 5,5 million marta ko‘rilgan.

FactCheck.kz tahririyati mazkur brend nomi ortida haqiqatan ham Isroilni moliyalashtirishga chaqiriq yashiringanmi yoki yo‘q ekanini aniqlashga qaror qildi.

HUKM: YOLG‘ON

Pepsi nomining “Pay Every Penny to Save Israel” deb talqin qilinishi hech qanday asosga ega emas. Ushbu noto‘g‘ri  talqin taxminlarga ko‘ra, bir necha o‘n yillardan beri mavjud.

Pepsi nomining bunday talqini haqida xabarlar avval ham internetda uchragan, biroq ular 2023-yilning kuzida Falastin – Isroil mojarosining kuchayishi fonida qayta mashhur bo‘ldi.

Internetda eng birinchi da’vo 2000-yil 26-oktyabrda Havaaworld.com platformasining foydalanuvchisi tomonidan joylangan. 

“Gulf News” nashri 2000-yil 29-noyabrda chop etgan maqolasida (“Reuters” agentligi maʼlumotlariga asoslangan holda) Misrning muxolifat gazetalarida Pepsi brendining maxfiy maʼnosi haqida yozilgani aytilgan. Ushbu gazetalar Amerika kompaniyalarining “qora roʻyxati”ni eʼlon qilgan va unda Pepsi ham bor edi.

Biroq bu afsonaning ildizlari yanada uzoqroqqa borishi mumkin, degan taxminlar ham mavjud. Masalan, 2019-yilda “Middle East Forum” saytida chop etilgan maqolada turkiyalik jurnalist Burak Bekdil 1980-yillarning oxiridan beri musulmon do‘stlari tomonidan Pepsini boykot qilishga chaqirilganini aytib bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, do‘stlari bu chaqiriqni Pepsi nomining maxfiy ma’nosi bilan bog‘lashgan va bu “ko‘p yillik fitna nazariyasi” hisoblanadi.

“PEPSI” nomi qayerdan kelib chiqqan?

Pepsi kompaniyasining rasmiy veb-saytida ichimlikning yaratilish tarixi haqida sahifa mavjud. Unga ko‘ra, 1893-yilda AQShning Shimoliy Karolina shtatida mahalliy farmatsevt Kaleb Bredhem ichimlikning original formulasini yaratgan. Dastlab u “Brad’s drink” (“Bredning ichimligi”) deb nomlangan. Besh yildan so‘ng, ichimlik “Pepsi-Cola” deb nom olgan.

Shimoliy Karolina shtatining rasmiy veb-saytida chop etilgan “Bredning ichimligini “Pepsi-Cola”ga aylanishi” sarlavhasi ostidagi maqolada aytilishicha, yangi nom ichimlikning dastlabki tarkibiy qismlari — pepsin fermenti va kola yong‘og‘i sababli paydo bo‘lgan. Ammo “Pepsi” kompaniyasining rasmiy veb-saytidagi tez-tez so‘raladigan savollar bo‘limida yaratuvchi o‘zining mahalliy raqibi “Pep Kola” nomini sotib olib, uni “Pepsi-Cola” deb o‘zgartirgani yozilgan.Nomi o‘zgartirilishining hech bir sababi Isroilni moliyalashtirishni anglatmaydi. Bundan tashqari, “Pepsi” nomi 1898-yilda paydo bo‘lgan, Isroil davlati esa bundan 50 yil o‘tib, 1948-yilda tashkil topgan.

Faktcheknet.uz rerayt – Dilbar Elamanova

Factcheck.kz – Dinara Sarbasova