Gaz hisoblagichlari sovuqda xato ishlaydimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda quyidagi mazmunda xabarlar tarqaldi: “Agar uyingizda gaz “schyotchik” shunaqa turgan bo‘lsa, u 2-3 barobar ko‘p yozyapti, tezkorlik bilan sozlab oling”. Xabarga biriktirilgan videoga ko‘ra, gaz hisoblagichlarining hisoblash shkalalari havo haroratiga qarab o‘zgarar ekan. Videoda iste’molchilarga hisoblagichlarni o‘rab qo‘yish tavsiya qilingan. Factchecknet.uz xabarni tekshirdi.

HUKM: YOLG‘ON

“Hududgazta’minot” AJ rasmiy telegram kanali ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan videotasvirga munosabat bildirdi: “So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda gaz hisoblagichlariga oid turli xil videolar keng tarqalmoqda. Jumladan, hisoblagichning “terma korrektori” qoplanganida u gaz iste’molini noto‘g‘ri hisoblaydi degan fikr bildirilmoqda. Ushbu ma’lumotga aniqlik kiritamiz. Gaz hisoblagichlar -25°C dan +55°C gacha bo‘lgan harorat oralig‘ida ishlashga mo‘ljallangan bo‘lib, u davlat standartlari talablariga to‘liq javob beradi. 

Hisoblagich tarkibida terma korrektor mavjud. Biroq terma korrektor tashqi muhitning haroratini o‘lchamaydi. Uning vazifasi – gaz quvurlaridan kelayotgan gazning haroratini aniqlash va uni normal sharoitga (odatda +20°C ga) moslab hisoblashdir.

Masalan, sovuq kunlarda gaz -10°C haroratda kelayotgan bo‘lsa, terma korrektor uni +20°C da bo‘lgandagi hajmga moslab qayd etadi. Yozning issiq kunlarida esa, agar gaz +40°C haroratda kirib kelsa, korrektor uni yana +20°C sharoitga muvofiq hajmda hisoblaydi. Bu tizim gaz sarfini to‘g‘ri o‘lchashga xizmat qiladi va foydalanuvchilar uchun adolatli hisob-kitobni ta’minlaydi”.

“Hududgazta’minot” iste’molchilarni hisoblagichlar mavzusiga oid noto‘g‘ri ma’lumotlarga ishonmaslikka chaqirgan.

Gaz hisoblagichlari turli xil turlarga bo‘linadi: diafragmali (membranali), turbinali, rotorli va girdobli hisoblagichlar. Eng ko‘p tarqalganlari diafragmali hisoblagichlardir, ular xonadonlar, xususiy uylar va dachalarda o‘rnatiladi. Bu hisoblagichlar yuqori aniqlik va ishonchlilikka ega bo‘lib, nisbatan arzon narxda bo‘ladi. 

Sovuq havo sharoitida, ayniqsa harorat noldan past bo‘lganda, gazning zichligi oshadi. Biroq zamonaviy gaz hisoblagichlari haroratni to‘g‘rilovchi korrektor bilan jihozlangan va kalibrlangan bo‘lib, bu gazning harorat va zichlikdagi o‘zgarishlarini hisobga oladi. Shuning uchun, bunday hisoblagichlar faqat o‘zlari orqali o‘tadigan gazni aniq hisoblaydi va sovuq havoda 2-3 baravar ko‘proq ko‘rsatish ehtimoli yo‘q. 

Agar hisoblagich to‘g‘ri ishlayotganiga shubha qilsangiz, uni qiyoslashdan o‘tkazish tavsiya etiladi. O‘zbekistonda tabiiy gaz hisoblagichlarini qiyoslashdan o‘tkazish (yechish va o‘rnatish bilan birga) bo‘yicha davlat xizmatlari mavjud. Bu jarayon “Hududgazta’minot” AJ tomonidan amalga oshiriladi va 14 ish kuni ichida bajariladi. 

Shuningdek, hisoblagichlarning to‘g‘ri o‘rnatilishi ham muhim ahamiyatga ega. Har bir hisoblagichga biriktirilgan yo‘riqnomalarda o‘rnatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan bo‘lib, ularga rioya qilish hisoblagichning to‘g‘ri ishlashini ta’minlaydi.