Naftizin koma holatiga olib kelishi mumkinmi?

Telegram kanallarida tarqalgan videoda bolalarga Naftizin burun spreyini me’yoridan ortiq berish xavfli ekani, bu tana haroratining keskin pasayishi ( gipotermiya) va hatto komaga olib kelishi mumkinligi aytilmoqda. Factchecknet.uz bu da’voni tekshirish uchun Naftizin preparati haqidagi ma’lumotlarni o‘rganib chiqdi va mutaxassis shifokor bilan suhbatlashdi.

HUKM: ROST

Naftizin qanday dori?

Naftizin – nafazolin moddasiga asoslangan tibbiy maqsadlarda qo‘llaniladigan dori vositasidir. U turli ko‘rinishlarda, jumladan, burun spreylari va ko‘z tomchilari shaklida mavjud bo‘lib, ko‘pincha dimog‘ni ochuvchi vosita sifatida ishlatiladi. Naftizin, shuningdek, 0,05% va 0,1% konsentratsiyali burun tomchilari ko‘rinishida keng uchraydi. U burundagi qon tomirlarini toraytirish orqali shish va tiqilib qolishni kamaytiradi. Bundan tashqari, Naftizin oyoq zamburug‘i kabi zamburug‘li kasalliklarni davolashda ham qo‘llaniladi.

Bolalarga Naftizinning ta’siri

Nafazolin odatda burun bitishini yo‘qotuvchi vosita sifatida ishlatiladigan imidazolin hosilasidir. To‘g‘ri qo‘llanilganda samarali bo‘lsa-da, haddan tashqari miqdorda yoki tasodifan iste’mol qilinishi, ayniqsa bolalarda salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. “European Journal of Pediatrics” jurnalida e’lon qilingan tadqiqotda, 15 oylik qizaloqqa tarkibida nafazolin bo‘lgan burun eritmasi qo‘llanilganda, markaziy asab tizimi depressiyasi, karaxtlik, tana haroratining pasayishi, nafas olishning sustlashishi va yurak urishining sekinlashishi qayd etilgan. Keyin esa bu alomatlar 24 soat ichida bartaraf bo‘lgan.

AQSh Oziq-ovqat va dori-darmon boshqarmasi (FDA) ham nafazolin kabi faol moddalarni o‘z ichiga olgan, retseptsiz sotib olish mumkin bo‘lgan ko‘z tomchilari va burun bitishini yo‘qotuvchi spreylarni sog‘lom bo‘la turib yoki yuqori dozada qo‘llashning jiddiy oqibatlari haqida ogohlantirish bergan. Bunday holatlar bolalarda noxush hodisalarga, jumladan, koma, yurak urish tezligining pasayishi, nafas olishning sustlashishi va uyquchanlikka olib kelishi kuzatilgan. Anglo-sakson farmakoterapiyasi (Buyuk Britaniya va AQShda keng tarqalgan dori vositalarini qo‘llash va davolash usullari)  nojo‘ya ta’sirlari va ortiqcha qabul qilish xavflari sabab odatda olti yoshgacha bo‘lgan bolalarga undan foydalanishni tavsiya etmaydi. 

Xorvatiyaning Riyeka shahridagi Kantrida bolalar klinikasida o‘tkazilgan tadqiqotda nafazolin burun tomchilaridan zaharlanish belgilari bilan kasalxonaga yotqizilgan 11 nafar bola holati qayd etilgan. Bolalarda hushning buzilishi (uyquchanlik), terining oqarishi, yurak urishining sekinlashishi, nafas olishning susayishi va tana haroratining pasayishi kabi alomatlar kuzatilgan. E’tiborli jihati shundaki, kasalxonaga yotqizilgan barcha bolalar olti yoshdan kichik bo‘lgan. Boshqa bir tadqiqot nafazolinning ortiqcha dozasi bolalarda markaziy asab tizimining chuqur depressiyasiga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Naftizin burunga ta’sir qilib, uning tomirlarini toraytiradi. Bu esa qon oqimini kamaytirib, tana haroratining o‘zgarishiga olib kelishi mumkin. Naftizinni me’yoridan ko‘p ishlatish tana haroratining pasayishiga olib keladi, chunki qon tomirlari juda torayib ketadi va tana issiqlikni yo‘qota boshlaydi.

Qo‘llash usuli va dozalari

Naftizinning qo‘llanilishi va uning tarkibiga doir savollar bilan Bo‘ka tumani “Lor shifokori” klinikasining bosh shifokori, Oliy toifali otorinolaringolog Hamidulla Xotamov bilan bog‘landik. 

Naftizin spreyi haqida qisqacha ma’lumot bering? 

– Bu suyuqlik tomirlarni toraytiruvchi dori vositasi bo‘lib, burun shilliq qavatining shishini kamaytiradi va nafas olishni yengillashtiradi. Naftizin burun spreyi burun bitishini vaqtincha yengillashtiradigan dori. U shamollash, gripp, allergik rinit va sinusit kabi holatlarda qo‘llaniladi. Lekin mutlaq davolaydigan dori emas. 

Naftizindan retsepsiz foydalanish qay darajada to‘g‘ri? 

– Hozir istalgan inson bu dori vositasini dorixonalardan retsepsiz ham sotib olishi mumkin. Bilasizmi, odamlar shifokorlar qabuliga borishdan ko‘ra, dorixonachi tavsiyasiga ko‘ra dori sotib olishni afzal ko‘rishadi. Jamiyatimizdagi har bir kasbning o‘z o‘rni va vazifasi bor. Dorixona xodimi kasalga mukammal tashxis qo‘ya olmaydi. To‘g‘ri qo‘yilmagan tashxis va  duch kelgan og‘riq qoldiruvchi dorilarni iste’mol qilish kasalni davolash o‘rniga yanada og‘ir ahvolga olib kelishi mumkin. Aslida dorilar shifokor tavsiyasi bilan berilishi kerak. Rivojlangan mamlakatlarda dori vositalari faqat retsep bilan beriladi. Yurtimizda ham dorilarni faqat retset bilan berishni yo‘lga qo‘yish zarur. To‘g‘ri, Naftizin me’yorida qo‘llanganida inson salomatligi uchun xavf tug’dirmaydi, lekin yosh bolalarga qo‘llashdan avval shifokor bilan maslahatlashgan ma’qul. Uni kichik yoshdagi bolalarga 3 kundan ortiq qo‘llash tavsiya etilmaydi.

Dori tarkibida qanday moddalar bor? 

– Naftizin burun spreyining tarkibida faol modda sifatida nafazolin nitrati bor, u 0,05% yoki 0,1% konsentratsiyada bo‘lishi mumkin. Yordamchi moddalar sifatida borat kislotasi va inyeksiya uchun suv ishlatiladi. Preparat odatda tiniq, rangsiz yoki biroz sarg‘ish rangli suyuqlik shaklida bo‘ladi.

Bu sprey kimlarga, qanday vaziyatlarda tavsiya etiladi?

– Naftizin spreyi asosan burun shilliq qavatining shishishi bilan kechadigan kasalliklarda vaqtinchalik yengillik berish uchun tavsiya etiladi. Bunday holatlarga burundagi jarrohlik amaliyotidan keyingi vaziyat, shamollash, gripp, allergik rinit (chang, gulchang yoki boshqa allergenlarga reaksiya natijasida burun shilliq qavatining yalligʻlanishi) va sinusit (burun oldi bo‘shliqlarining yallig’lanishi) kiradi. Naftizin spreyi burundagi qon tomirlarini toraytirib, shishni kamaytiradi va nafas olishni osonlashtiradi. Ammo uni shifokor tavsiyasiga ko‘ra, ko‘rsatmalarga qat’iy rioya qilgan holda va qisqa muddatli foydalanish kerak. Uzoq muddatli foydalanish esa aksincha, burun shilliq qavatining qurishi va boshqa nojo‘ya ta’sirlarga ham olib kelishi mumkin.

Kimlarga tavsiya etilmaydi? 

– Naftizinni 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarga, yurak-qon tomir kasalliklarida, arterial gipertenziyada, ya’ni qon bosimi ko‘tarilganda, homilador va emizikli ayollarga ham tavsiya etilmaydi. Sababi dori qon bosimini ko‘tarib, burun shilliq qavatini quritadi. Har qanday dori kabi Naftizin ham shifokor ko‘rsatmasiga muvofiq va belgilangan dozalarda qo‘llangandagina foydali bo‘ladi. Agar dori noto‘g‘ri yoki me’yoridan ortiq iste’mol qilinsa, bu salomatlikka jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Bolalarga Naftizinni shifokor ko‘rsatmalarisiz, ortiqcha dozada qo‘llash, ayniqsa, tana haroratining pasayishi, hushdan ketish kabi xavfli oqibatlarga olib kelganiga misollar bor. Shunga e’tibor berish kerak, Naftizinni 0,05% konsentratsiyalisi 3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga, 0,1 foizlisi esa 15 yosh va undan katta bo‘lganlarga beriladi. 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarda Naftizin 0,05% li eritmasini shifokor tavsiyasi bilan, belgilangan dozadagina qo‘llash mumkin.

Naftizinni kuniga 3 martagacha qo‘llash mumkin, lekin har qo‘llash oralig‘i 4 soatdan kam bo‘lmasligi zarur. Vositani kattalarga 1 haftadan ortiq, bolalarga esa 3 kundan ortiq qo‘llash mumkin emas. Takroran Naftizinni faqat bir necha kun o‘tgach qo‘llash mumkin.