Xitoy tadqiqotida sinovdan o‘tkazilgan barcha inson sperma namunalarida mikroplastik bilan ifloslanish aniqlandi va olimlar reproduktiv tizimga potentsial zararni o‘rganish “shoshilinch zarurat” ekanligini aytishdi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.
Factchecknet.uz ushbu maqolani tekshirib chiqdi va shunga o‘xshash boshqa tadqiqotlarni topdi.
HUKM: ROST
Haqiqatan, yaqinda Xitoyda o‘tkazilgan tadqiqotda tekshirilgan 40 ta sperma namunalarining har birida mikroplastik topilgan.
“Science of the Total Environment” jurnalida chop etilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, Tszinan shahridan bo‘lgan sog‘lom erkaklar sperma namunasining har birida o‘rtacha ikkita mikroplastik zarrachasi bo‘lgan.
Zarrachalarning o‘lchamlari 0,72 dan 7,02 mikrometrgacha, eng keng tarqalgan plastik turi polistirol bo‘lib, aniqlangan barcha zarrachalarning 31% ni tashkil qiladi.
Ushbu ma’lumotlar boshqa mamlakatlarda o‘tkazilgan oldingi tadqiqotlar bilan tasdiqlangan.
Misol uchun, Italiyada mikroplastik 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan 10 erkakdan 6 tasida va boshqa Xitoy tadqiqotida — 25 nafar ishtirokchining yarmida topilgan.
Bu shuni ko‘rsatadiki, mikroplastiklar hatto insonning reproduktiv tizimida ham mavjud bo‘lib, global miqyosda jiddiy muammoga aylandi.
Ammo shuni hisobga olish kerakki, bunday tadqiqotlar hozirgacha nisbatan kichik namunalar bilan o‘tkazilgan va inson tanasida mikroplastikning tarqalishini to‘liqroq tushunish uchun kattaroq tadqiqotlar talab etiladi.