Bolalar va propaganda: nimalarni bilish kerak?

Axborot asrida propaganda jamiyatning turli qatlamlariga ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda. Ayniqsa, bolalar eng himoyasiz va ta’sirchan auditoriya sifatida turli targ‘ibot vositalarining nishoniga aylanishi mumkin. Ularga qaratilgan ma’lumotlar ko‘pincha ularning dunyoqarashi, qadriyatlari va qaror qabul qilish qobiliyatini shakllantirish uchun ishlatiladi.

Propagandaning bolalarga qaratilgan turlari orasida o‘yinlar va multfilmlar orqali manipulyatsiya qilish bor. Bolalar odatda o‘yinlar va multfilmlardan katta zavq olishadi. Ammo ushbu mahsulotlar ichida yashirincha berilgan g‘oyalar ularning qadriyatlarini shakllantirishi mumkin. Masalan, ayrim o‘yinlarda zo‘ravonlikni rag‘batlantirish yoki urushni odatiy hol sifatida ko‘rsatish kuzatiladi.

Ta’lim va darsliklar orqali propaganda ham alohida ta’kidlanishi kerak bo’lgan tip. Darsliklar va maktab materiallari orqali bolalarga siyosiy yoki mafkuraviy qarashlar singdirilishi mumkin. Tarix yoki adabiyot kabi fanlar bolalarning dunyoqarashini o‘zgartirishda samarali vosita hisoblanadi.

Shuningdek, yoshlikdan internetga kirish imkoniga ega bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar asosiy axborot manbai bo‘lib qolmoqda. Bu platformalarda soxta ma’lumotlar yoki noto‘g‘ri qarashlar bolalar ongiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Propagandaning bolalarga ta’siri:

  1. Propaganda bolalarning haqiqatni yolg‘ondan ajratish qobiliyatini zaiflashtiradi. Bu esa ularni har qanday noto‘g‘ri axborotga ishonishga moyil qiladi;
  2. Bolalar targ‘ibot natijasida milliy, diniy yoki jinsiy stereotiplarni qabul qilib, kelajakda bu qarashlarga asoslangan qarorlar qabul qilishlari mumkin;
  3. Doimiy manipulyatsiya natijasida bolalar o‘z fikrlarini shakllantirishda qiyinchiliklarga duch keladi va boshqalarning fikrlariga qaram bo‘lib qoladi.

Bolalarni propagandaning salbiy ta’siridan himoya qilish uchun bir nechta samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur. Birinchidan, bolalarda media savodxonligini rivojlantirish juda muhim. Bu orqali ular axborotni tahlil qilish, uning ishonchliligini baholash va so‘roq qilish ko‘nikmalariga ega bo‘ladilar. Shuningdek, ota-onalar va o‘qituvchilar bolalarning ko‘rayotgan va o‘qiyotgan materiallarini doimiy nazorat qilib, ular bilan axborot mavzusida ochiq va samimiy suhbatlar o‘tkazishlari lozim. Bu, nafaqat bolalar bilan bog‘lanishni mustahkamlaydi, balki ularning noto‘g‘ri ma’lumotlarga berilib ketishining oldini oladi. Bundan tashqari, isbotlangan va xolis axborot manbalarini targ‘ib qilish orqali bolalarni ishonchli axborotdan foydalanishga o‘rgatish muhimdir. Bu choralar ularni noto‘g‘ri ma’lumot va manipulyatsiyadan himoya qilishda samarali vosita bo‘lib xizmat qiladi.

Bolalar propagandaning eng nozik qurbonlari hisoblanadi. Shuning uchun ota-onalar, o‘qituvchilar va jamiyat ushbu muammoni chuqur anglab, bolalarni himoya qilish choralarini ko‘rishlari kerak. Axborot urushlarining avj olgan davrda bolalarning ma’naviy va axborot xavfsizligini ta’minlash katta ahamiyatga ega.

Qo’shimcha o’qish uchun manbalar:

  1. https://libapps.salisbury.edu/nabb-online/exhibits/show/propaganda/children-and-propaganda
  2. https://www.researchgate.net/publication/232883882_Children_and_Government_Propaganda
  3. https://www.mdpi.com/2077-1444/14/1/67
  4. https://www.sciencedirect.com/science/article/pii/S0001691822003055