Internet va ijtimoiy tarmoqlar platformalarida sabliminal audiolar keng tarqalmoqda. Ular mualliflarining ta’kidlashicha, yozuvlarni muntazam ravishda tinglash turli maqsadlarga erishish: martabada o‘sish, boylik, bel og‘rig‘idan xalos bo‘lish, vazn yo‘qotish va hatto imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirish, shuningdek, nevrozlar, salbiy hayollar va boshqalar bilan kurashishga yordam beradi.
Factchecknet.uz tahririyati bu kabi gaplar qay darajada asosli ekanligini aniqlashga qaror qildi.
HUKM: YOLG‘ON
Sabliminallar — bu yashirin affirmatsiyalar yoki ijobiy bayonotlarni o‘z ichiga olgan audiotreklar. Bunday yozuvlar ong ostiga ta’sir qilib, odamga turli maqsadlarga erishishga yordam beradi, deb ishoniladi. “Sabliminal” so‘zining o‘zi inglizcha “subliminal” so‘zidan kelib chiqqan va “ong osti” deb tarjima qilinadi.
Sabliminal xabarlar tushunchasi yashirin xabarlar ong ostiga ta’sir qilishi mumkin degan fikrga asoslanadi. XX asrning o‘rtalarida “25-kadr” nazariyasi katta shuhrat qozondi. Unga ko‘ra, agar filmlarda yashirin reklama xabarlari tezda paydo bo‘lsa, odamlar ongsiz ravishda ular ta’siriga tushishadi.
50-yillarda eksperiment o‘tkazildi, unda kinoteatr tomoshabinlariga “Kola iching” va “Popkorn iste’mol qiling” yozuvlari bilan videolar namoyish etildi. Taxminlarga ko‘ra, bu keyinchalik ushbu mahsulotlar savdosining oshishiga olib keldi. Biroq, keyinroq ma’lum bo‘lishicha, natijalar soxtalashtirilgan va tajribaning o‘zi ilmiy standartlarga javob bermagan.
Zamonaviy tadqiqotlar
2000-yillarda Gollandiyalik olimlar yana yashirin xabarlarning ta’sirini o‘rganishdi. Ular ichimlik brendi tasvirini ko‘rgan odamlar ko‘proq uni tanlaganini ko‘rsatdi. Biroq, ta’sir qisqa muddatli edi va faqat tanlov cheklangan sharoitlarda o‘zini namoyon qildi.
Sabliminal audio bilan tajribalar xuddi shunday natijalarni ko‘rsatadi. Misol uchun, kanadalik olimlar odamlar kassetalardagi turli maqsadlar: vazn yo‘qotish, tashvishlarni kamaytirish, xotirani yaxshilash uchun mo‘ljallangan yashirin affirmatsiyalarni farqlay oladimi yoki yo‘qligini sinab ko‘rishdi. Ishtirokchilar yozuvlarning maqsadini aniq aniqlay olmadilar va ularning holatida sezilarli o‘zgarishlarni sezishmadi.
Platsebo effekti va o‘z-o‘zini ishontirish
Ba’zi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, sabliminallar platsebo effekti orqali ishlaydi. Biror kishi audio yozuvlar samaradorligiga ishonganida, u yaxshilanishlarni seza boshlaydi. Misol uchun, bir tajribada ishtirokchilar turli affirmatsiyalarga ega bo‘lgan kassetalarni tinglashdi va ularning pleylistida nima bo‘lishidan qat’i nazar, ularning o‘ziga bo‘lgan hurmati biroz oshdi. Biroq, bunday o‘zgarishlar audio yozuvlarning haqiqiy ta’siridan ko‘ra, natijaga ishonish bilan bog‘liq edi.
Boshqa tajribalar shuni ko‘rsatadiki, yaxshilanishlar tinglashning o‘zi emas, balki tadqiqotda qatnashish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Agar sabliminallarni yaratuvchilar aql bovar qilmaydigan natijalarni, masalan, surunkali kasalliklardan davolanish, tananing shaklini o‘zgartirish yoki to‘satdan boyib ketishni va’da qilsalar, ayniqsa ehtiyot bo‘lish kerak. Bunday bayonotlar ilmiy asosga ega emas va yanglishtirishi mumkin.