Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Saudiya Arabistonida ayollar erining telefonini ruxsatsiz tekshirgani uchun hibsga olinishi yoki katta miqdorda jarima to‘lashi mumkin ekan. Factchecknet.uz bu ma’lumot qay darajada haqiqatga yaqin ekanligini tekshirib ko‘rdi.
HUKM: MANIPULYATSIYA
Saudiya Arabistonidagi ayollar turmush o‘rtog‘ining telefonini ruxsatsiz tekshirgani uchun huquqiy oqibatlarga duch kelishi mumkinligi haqidagi da’vo qisman to‘g‘ri, biroq ma’lumotlar eskirgan va noto‘g‘ri talqin qilinmoqda.
2016-yilda Saudiya Arabistonida ayollar erining telefonini ruxsatsiz tekshirgani uchun kaltaklanishi yoki qamoqqa olinishi mumkinligi haqida xabarlar keng muhokama qilingan edi. O‘sha paytda Saudiya Arabistonining yuqori martabali advokati “Independent” nashriga shaxsiy qurilmalarni ruxsatsiz tekshirish insonlarning daxlsizligini buzish sifatida jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkinligini, bu esa qamoq jazosi, jarima yoki kaltaklashga olib kelishini ta’kidlagan.
Saudiya Arabistonidagi huquqiy muhit 2016-yildan beri o‘zgarib kelmoqda. 2018-yilda Saudiya Arabistoni erkaklar va ayollarga bir xil qo‘llaniladigan yangi kiberjinoyat qonunlarini joriy etdi. Ushbu qonunlar jinsidan qat’i nazar – er yoki xotin, turmush o‘rtog‘ining telefoniga ruxsatsiz kirish harakatini jinoiy javobgarlikka tortishga asos bo‘la oladi. Saudiya Arabistoni qonunlariga ko‘ra, bu turdagi josuslik harakati “Axborot jinoyatlari to‘g‘risida”gi nizomning 3-moddasi, 4-bandiga binoan jazolanadi. Ushbu modda insonlarning shaxsiy hayotiga ruxsatsiz aralashish yoki axborot vositalaridan noqonuniy foydalanishni jinoyat sifatida malakalab, tegishli jazolarni belgilaydi. Demak, qonunchilikda er yoki xotinning ruxsatisiz foydalanishi uchun aniq javobgarlik belgilanmagan, shuning uchun sudyalar asosiy qonunlarga tayanib har bir holat bo‘yicha individual hukm chiqarishadi. Birovning shaxsiy qurilmalaridan noqonuniy foydalanish quyidagi jazolarga sabab bo‘lishi mumkin:
- Bir yilgacha qamoq;
- 500 000 Saudiya rialigacha jarima (taxminan 133 000 AQSh dollari);
- Yoki qamoq va jarima birgalikda.
Bu mavzuda Saudiya Arabistoning “Sabq” gazetasi advokatlar bilan bog‘lanib, yuqoridagi qonun amaliyotda qanday ishlashini aniqlashtirgan. Nashrga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarda aytilganidek (1, 2, 3), telefonni ruxsatsiz tekshirishga nisbatan javobgarlik faqat ayollarga emas, balki er-xotinning har ikkalasiga ham birdek qo‘llaniladi. Yana bir jihatga e’tibor berish kerak, agar siz turmush o‘rtog‘ingizning mobil telefoni parolini buzib kirsangiz va bu dalillar bilan isbotlansagina harakat noqonuniy deb baholanar ekan. Yuristlar tushuntirishicha, er yoki xotin juftining telefon parolini bilgani sabab undan ruxsatsiz foydalansa, bu holatda huquqbuzarlik yuzaga kelmaydi.