Achchiq qalampir bizni baxtliroq qilishi rostmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda va turli forumlarda achchiq taom iste’mol qilish kayfiyatni ko‘tarishi va hattoki insonni baxtliroq qilishga qodirligi haqida tez-tez da’vo qilinadi. Bu endorfinlar, baxt gormonlari ishlab chiqarilishi bilan bog‘liq bo‘lib, ular go‘yoki qalampirning jazillatuvchi ta’mi uchun mas’ul bo‘lgan alkaloid kapsaitsin evaziga faollashtiriladi.

HUKM: ROST

Achchiq, ayniqsa, achchiq qalampiri bo‘lgan taomlarni iste’mol qilish uzoq vaqtdan beri pazandachilik ixlosmandlarining ham, olimlarning ham e’tiborini tortadi. Bunday mahsulotlarning jozibadorligi ularning ta’midan tashqarida, fiziologik va psixologik jihatlarga ham ta’sir qiladi. Achchiq qalampirning jazillatuvchi (yondiruvchi) ta’siri uchun mas’ul bo‘lgan asosiy komponent kapsaitsin bo‘lib, inson organizmi bilan g‘ayrioddiy tarzda o‘zaro ta’sir qiladi.

Kapsaitsin — chili qalampirining faol komponenti bo‘lib, ularga o‘ziga xos achchiqlikni beradi. Iste’mol qilinganida, kapsaitsin sezgir neyronlarda joylashgan TRPV1 retseptorlari (potentsial vanilloid 1-toifadagi tranzitorli retseptorlar) bilan bog‘lanadi. Ushbu retseptorlar issiqlik va og‘riqni his qilish uchun javobgardir. Kapsaitsin tomonidan faollashtirilganda, TRPV1 retseptorlari miyaga, hatto haqiqiy termal zarar bo‘lmasa ham, issiqlik yoki jismoniy ta’sir mavjudligiga ishora qiluvchi signallarni yuboradi. Aynan shuning uchun achchiq taomlarni iste’mol qilish yondiruvchi ta’sirni keltirib chiqaradi.

TRPV1 retseptorlarining kapsaitsin tomonidan faollashishi organizm tomonidan o‘ziga xos og‘riq sifatida qabul qilinadi. Bunga javoban, organism endorfin va dofaminni chiqarish orqali himoya mexanizmini ishga tushiradi. Endorfinlar noqulaylikni kamaytiradigan va yengillik hissini kuchaytiradigan tabiiy og‘riq qoldiruvchi vositalardir. Dofamin, o‘z navbatida, miyaning “mukofotlash tizimi”da muhim rol o‘ynaydi, zavq va qoniqish hissini oshiradi. Ushbu kimyoviy moddalarning birgalikdagi ta’siri “yuguruvchining kayfi”ga o‘xshash eyforiya holatini keltirib chiqarishi mumkin, bu esa kayfiyat va umumiy holatni yaxshilaydi.

Achchiq taomlarni iste’mol qilish nafaqat hissiy idrokka ta’sir qiladi, balki ma’lum psixologik xususiyatlar bilan ham bog‘liq. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, achchiq ovqatlarni yaxshi ko‘radigan odamlar ko‘pincha yangi va kuchli tajribaga intilish bilan ajralib turadigan shaxsiy xususiyatga ega. Bu nima uchun achchiq ovqatlardan lazzatlanish ajoyib hissiyotlarni izlash bilan bog‘liqligini tushuntirishi mumkin.

Bundan tashqari, tadqiqotchilar achchiq ovqatni iste’mol qilishning his-tuyg‘ularni idrok etishga ta’sirini o‘rganib chiqdilar. Bir tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, achchiq taomlarni afzal ko‘rgan odamlar boshqalarning yuzidagi g‘azab va nafrat ifodalariga nisbatan sezgirroqdir. Bu tajovuzkorlik va patogenlardan qochish kabi shaxsiy xususiyatlar bilan bog‘liq bo‘lib, achchiq ovqatlar hissiy jarayonlarga ta’sir qilishiga ishora qiladi.

Hissiyotlar va psixologiyaga bevosita ta’sir qilishdan tashqari, tarkibida kapsaitsin bo‘lgan mahsulotlarni iste’mol qilish sog‘liq uchun bir qator foydali jihatlarga ham ega. Ba’zi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, kapsaitsin metabolizmni oshirish va yog‘larning oksidlanishini rag‘batlantirish orqali vazn yo‘qotishga yordam beradi. Bundan tashqari, kapsaitsin yurak-qon tomir holatini yaxshilaydigan yallig‘lanishga qarshi va antioksidant xususiyatlarga ega.

Biroq, achchiq taomlarni me’yorida iste’mol qilish muhimdir. Kapsaitsinni haddan tashqari ko‘p iste’mol qilish oshqozon-ichak traktida noqulayliklarga, shu jumladan jig‘ildon qaynashi va oshqozon og‘rig‘iga olib kelishi mumkin. Ovqat hazm qilish tizimi kasalliklari bilan og‘rigan odamlarga ayniqsa ehtiyot bo‘lish va kerak bo‘lganda shifokor bilan maslahatlashish tavsiya etiladi. Achchiq taomlar evaziga chiqariladigan endorfinlar kayfiyatingizni yaxshilashi mumkin bo‘lsa-da, hissiy holatingizni saqlab qolish uchun faqat ularga tayanmasligingiz kerak. Muvozanatli ovqatlanish, muntazam jismoniy faoliyat va stressni yengishning sog‘lom usullari ruhiy salomatlikning muhim jihatlaridir.